Xunuk manzara: Qashqadaryoning “hansirayotgan” ot sporti (foto)

Xunuk manzara: Qashqadaryoning “hansirayotgan” ot sporti (foto)

Boshqa sport turlarini bilmadim-u, ammo bizning Qashqadaryo vohamizda ko'pkari haqida so'z ochildimi, uning tafsilotlari haqida soatlab gapiradigan ham, soatlab uni maroq bilan tinglaydiganlar ham topiladi. Ishonmasangiz, to'rt-besh kishi nimadan gapirishni bilmay turgan davraga borib sekingina, falon to'yda, bir chavandoz saman oti bilan uloqni ajoyib tashladi-da, lekin o'ziga ham gap yo'q ekan, halol tashladi, deb gap ochib qo'yib, chetdan kuzatib tursangiz, aynan o'sha ko'pkarini boshdan oxirigacha bahs-munozara ostida tahlil etib, hikoya qilib berishlari aniq. Buni bir necha bor kuzatganmiz. Darhaqiqat, azal-azaldan xalqimizda milliy o'yinlar qatorida qadriyat sifatida o'tkazib kelinayotgan uloq-ko'pkari uyinlarida qanchadan-qancha chavandozlarimiz dovrug'ini taratgan. Ayniqsa, bizning vohamizda deyarli har bir xonadonda otga qiziqmaydigan kishi topilmasa kerak.

Ko'pkari haqida gap ketar ekan, bizgacha o'z asliday saqlanib kelinishi uchun qanchadan-qancha to'siqlardan o'tmadi deysiz. Ehhe, qancha zo'r samanlar majburlab, go'shtliklarga topshirib yuborildi. Bular haqida ko'p gapirib o'tish mumkin. Shukrki, istiqlol sharofati bilan bugun yurtimizda barcha sohalar qatori milliy sport o'yinlarimizga ham keng e`tibor qaratildi. Sportchilarimiz dunyo sport maydonlarida o'zining nimalarga qodirligini namoyon etmoqda. Ammo tabiiy bir savol tug'iladi. O'zining mashhur chavandozlariyu, o'ziga xos uchqur otlari bilan tanilib kelgan Qashqadaryoda bugungi kunda aynan ot sporti nega oqsab qolgan? Taniqli chavandozlariyu, o'sha uchqur samanlari bilan bugun olimpiya sport turi hisoblanmish ot sportidan chavandozlarimiz dunyoga chiqib, o'z kuchlarini namoyon etishga hafsalami, qiziqishmi yoki imkoniyat yetishmayapti? Yoki chavandozlar boshini bir joyga qovushtirib, hamkorlikda ish olib borishga hech kimda xohish yo'qmi. Shu kabi savollarga javob topish maqsadida izlanishlar, surishtiruvlar olib bordik.

Federatsiya harakatda...

Sport mutaxassislariga yaxshi ma`lumki, bir necha yildirki, viloyat uloq-ko'pkari va ot sporti federatsiyasi faoliyati haqida, deyarli so'z yuritilgani yo'q. Negadir ularning qilgan ishlari xususida ham, ikki-uch bor uloq-ko'pkari musobaqasini tashkil etganini aytmaganda, boshqa gap quloqqa chalinmadi. Yaqindagina esa, bu federatsiyaga O'tkir Karimov degan kishi ijrochi direktor etib tayinlanibdi. U kishi ham yangi bo'lishiga qaramay dardlari ancha yig'ilib qolgan ekan, ot sporti federatsiyasi xususida so'z ochamiz:

“Ey, nimasini aytaman, bu vazifa menga yuklatilgandan buyon boshim qotgan. Ot sportini rivojlantiraman deb, qog'oz ko'tarib hali u tashkilotga, hali bu tashkilotga yuguraman. Qay bir rahbarning eshigini taqillatmay, “kutib turing, javobini yozma beramiz”, deyishdan boshqasiga o'tishmayapti. Har gal yolg'on va`dalar bilan qo'ynimni puch yong'oqqa to'ldirib qaytaman”, - deb qoldi. U kishidan bugungi ot sporti faoliyati haqida batafsil so'zlab berishini so'radik.

- Hozirda, federatsiyada uch kishi, hisobchi, men, huquqshunosdan boshqa na to'garak a`zosi va na malakali murabbiylar bor, - deydi federatsiyaning ijrochi direktori. - Ot sportiga qiziqayotganlar u yoqda tursin, malakali murabbiylarni ham federatsiyaga jalb eta olmayapman. Tumanlardan ikki-uch chavandoz topay desam, mashg'ulotlarni olib borish uchun yo bir maydon yoki bir dona bo'lsa ham otning o'zi yo'qligi uchun ikkilanib qoldim. Biror otni xarid qilaylik desam, qo'lim kaltalik qilayapti. Yaqinda bir yigitni murabbiylikka ishga olgandim. Bir haftaga bormay, Buxorodagi “Otchopar”ga ishga o'tib ketdi.

Murabbiy shug'ullanishi uchun, eng avvalo, maosh, bir nafar bo'lsa ham shogird kerak-da?! Vohamizda o'g'li ot sporti bilan shug'ullanishiga rozi bo'lmagan otalar yo'q deysizmi? Ot sporti to'garagi ochilganini eshitishi zahoti, o'g'lini yetaklab keladi. Biroq, ular qayerda o'z mashg'ulotlarini olib boradi? Federatsiya balansida otning o'zi bo'lmasa? Sun`iy ot egarini ming chandon minib olmasin, tirik otdan farqi bo'lsa keragov? Biroq, davlatimiz tomonidan imtiyozli kreditlar berilayotgan bir paytda ot yo'q, shug'ullanish uchun maydon yo'q, degan bahonani o'ylab topishning o'zi kulgili emasmi? Qolaversa, shahrimizning o'zida sportga moslashgan maydonlarni topsa bo'ladi.

- Ha, aytganday, Qarshida ham Buxoronikiga o'xshash “Otchopar” majmuasi bor edi shekilli, - deb so'rayman ijrochi direktordan. - O'sha yerda mashg'ulotlarni uyushtirsangiz bo'lmaydimi?

- Qarshi shahridan 13 km. uzoqlikdagi G'uzor yo'nalishida joylashgan 1970-1973 yillarda qurib bitkazilgan viloyat otchopar maydoni hozir ham mavjud. Biroq majmua 2005 yil viloyat hokimining qarori bilan viloyat Davlat o'rmon xo'jaligi tasarrufiga o'tkazilgan. Bizda u yerdan foydalanish huquqi yo'q. Xullas, viloyatda ot sportini rivojlantirish uchun, birinchi navbatda, bizga otchopar maydoni, otlar va murabbiylar kerak bo'ladi. Agar otchopar maydonini bizning ixtiyorimizga berishsa, qolganini imkon darajasida yo'lga qo'yishga harakat boshlaymiz va buning uddasidan ham chiqa olamiz.

Chetda qolgan yig'ilish qarori

Yana bir gap, O'tkir Karimovning bergan ma`lumotlariga qaraganda, 2014 yil 16 may kuni viloyat hokimligida viloyat otchopar sport bazasini talablar darajasida qayta ta`mirlash, zarur jihozlar bilan ta`minlash va bazani viloyat ot sporti federatsiyasi balansiga o'tkazish to'g'risida yig'ilish bo'lib o'tgan. Viloyat hokimining o'rinbosarlari, “Asaka” bank viloyat filiali, “Sho'rtanneftgaz”, UShK “O'zgeoburneftgaz” AK, “Gissarneftgaz” QK, viloyat “Paxtasanoat” HAB, “Qashqadaryo don” OAJ, viloyat qishloq va suv xo'jaligi boshqarmasi, viloyat veternariya boshqarmasi, sobiq viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi rahbarlari ishtirok etgan yig'ilish kun tartibida viloyat otchopar sport bazasini talablar darajasida qayta ta`mirlash, zarur jihozlar bilan ta`minlash va bazani viloyat ot sporti federatsiyasi balansiga o'tkazish masalasi ko'rib chiqilib, viloyat ot sporti federatsiyasi sobiq ijrochi direktori Z.Mavlonovning viloyatda ot sportini rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlari to'g'risidagi axboroti qabul qilinishi, viloyat hokimining o'rinbosari, viloyat ot sporti federatsiyasi raisi A.Aripovga bir hafta muddatda, O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, o'rmon xo'jaligi bosh boshqarmasining 2014 yil 30 apreldagi 06/07-381-sonli rozilik xatini inobatga olib, viloyat markaziy davlat o'rmon xo'jaligi balansidagi 52 bosh sport otlariga mo'ljallangan 2ta otxona, sportchilar kiyinish xonasi, otlar uchun yem saqlanadigan xonalarni, ularga xizmat ko'rsatish maydonlari bilan birgalikda belgilangan tartibda tuman hokimining qarori bilan zaxiraga olib, viloyat ot sporti federatsiyasi balansiga o'tkazib berish, viloyat veternariya xizmati bilan birgalikda otxonalarda dezinfiktsiyalash ishlarini amalga oshirish, viloyat otchopar sport bazasini standartlar talabiga mos ravishda qayta ta`mirlash, ot sporti uchun zarur bo'lgan 15ta komplekt to'sinlar yasash, mashg'ulotlar o'tkazish uchun ot yuguradigan aylanani tekislab, daryo qumi bilan to'kib chiqish, sport anjomlari va jihozlari, naslli toza zotdor sport otlari olib kelish kabi vazifalar yuklatilib, shu masalalar yuzasidan qaror qabul qilingan.

Biroq ushbu yig'ilish bayoni ijrosi negadir o'sha paytda ta`minlanmasdan qolgan va hamon masalaning ijobiy yechimi paysalga solib kelinmoqda.

“Otchoparga otlar qaytarmikan?”

O'sha otchopar maydoni atrofidagi mahallada istiqomat qiluvchi yetmish besh yoshli Ne`mat ota Xudoyorov ho'v o'sha nurab qolgan, keksayib munkaygan “Otchopar”ga boqib, uzoq xayol suradi.

“1995 yil. 21 mart.

Choyxonadagi gurung:

- Muhsinboy, “Otchopar”da nima gaplar?

- Ey Rizamat ota, eshitmadingizmi, “Otchopar”da “Ko'pkari” o'tkazilarkan-ku?

- Juda, yaxshi-da, Muhsinboy, bir mazza qilib dam olarkanmizda?

- Makritlik Fayzullo polvon kelarmish.

-O', zo'r-ku? Unda o'yin qizigandan qizirkanda, Muhsinboy?!”

- Bir vaqtlar, choyxonalardagi gurunglarimiz borki, dastlab bir-birimizdan “Otchoparda nima gaplar?”, deya so'roq-savol qilardik, - deydi Ne`mat ota Xudoyorov. - O'sha paytda viloyat hosil bayramlari shu yerda o'tkazilardi. Shundanmi, bayram arafasida bu yerlar o'zgacha qiyofaga kirardi. Ho'v, o'sha qatron yer o'rniga olmazor, mana bu chiqindi to'kilgan yerda ko'm-ko'k maysazor bo'lardi. Ot o'yinini mana bu tribunadan turib tomosha qilardik. Ne`mat ota bilan “Otchopar”ning eskidan qolgan ba`zi bir imoratlarini aylandik. Ma`lumotlarga ko'ra ushbu otchopar maydoni ayni paytda viloyat davlat o'rmon xo'jaligiga tegishli ekan.

- Ota-bobomiz chavandoz bo'lgan. Avvallari bu yerda o'tkazilgan uloq-ko'pkari bahslarida mashhur chavandozlar ot choptirib, barchaning olqishiga sazovor bo'lishgan. Hozir-chi? Mahallamizda ot bilan shug'ullanayotgan uch-to'rt yoshlar ham otini qayerda choptirishga o'ylanib qolishadi. 200 gektar yer, otxonalar huvillab yotibdi.

Qarama qarshi ikki binoning ichkarisiga uyum-uyum chiqindilarni aylanib, ichkarini ko'zdan kechiramiz. Bu bino avvallari toylar saqlanadigan xona bo'lgan ekan. Bino eshigini ochishimiz bilan o'nlab echki, qo'y bolalari yugurib kelishdi. Otaxonning aytishicha, ular “Otchopar”ning hozirgi egasiga tegishli ekan. Oxurlarning bir tomonida, qo'ylarning junlari uyum-uyum bo'lib yotgan bo'lsa, boshqa tomonda yomg'iru qorda uyulib tushgan kesak tuproqlar bilan to'lgan.

- Bir vaqtlar o'g'lim ham shu yerda ot boqar edi, - deydi Ne`mat ota. - Hozir chet elga ishlashga ketgan. Ot xosiyatli jonivor. Uni parvarishlashda tozalikka rioya qilinishi kerak. Shuning uchun ham oxurlarni har kuni tozalab turardi.

Yuz boshdan ortiq saqlash imkoniyatiga ega ikkinchi otxonani ochishimiz bilan, dimog'imizga qo'lansa hid urilib, o'zimizni behol his qildik. Ro'paramizda esa ikkita qo'yning jonsiz tanasini ola-bula it kemirib turardi. Bu manzara esa ko'ngilni xira qilishi tabiiy.

- Qaniydi, “Otchopar”ni vazifasiga ko'ra biror ot bilan shug'ullanuvchiga topshirishsa, - deydi Ne`mat ota Xudoyorov. - Bunday xunuk manzaralarning har kuni bo'lishiga chek qo'yilarmidi? Atrof-muhitga, tabiatga ham foydasi tegarmidi, deymanda, qizim?

E`tiborimizni hovli o'rtasida chala qurilgan imorat tortdi. U yerni ham borib ko'rganimizda, tashqarida issiq ob-havo bo'lishiga qaramay, yomg'ir-qor yog'ib, katta-katta to'dalanib qolgan ko'lmakchalarga, chaplanib yotgan go'nglarga duch keldik.

Otaxon bizni otxonalarning qiyshaygan darvozasini zo'rg'a yopib, avvallari tomoshagoh, hozir esa saksovullar saqlanadigan omborxona bo'lgan tribuna tomon yetakladi.

Tribunaning eshigini ochishimiz hamano, xonaning kirish joyida g'ishtdan qurilgan ikkita o'choqxonani ko'rdik.

- Bu yerda, yomg'ir kunlari ishchilarga ovqat pishirgandik, - deydi o'zini Qahramon G'afforov deya tanishtirgan yigit. - Hozir ham tushlik paytida ishchilar shu yerda o'tirishadi. Mana bu xonalarda esa, (sobiq sportchilar kiyinadigan xona) zig'ir, dala choyi urug'larini saqlaymiz. Bunisida ish qurollarini saqlaymiz.

- Yoshligim shu yerda o'tgan, -deydi Qahramon. - Har gal uloq-ko'pkari musobaqasini tomosha qilish uchun kelardim. “Otchopar”ga kirish eshigi tepasida “Saman” otning yirik o'lchamdagi surati osig'liq turardi. Hozir u surat olib tashlangan. Qaniydi, “Otchopar”ga yana otlar qaytsa, men ham yoshlikdagi orzularim ushalib, mohir chavandoz bo'larmidim?”.

“Hammasiga o'zlari aybdor?”

- Yaqinda qo'limga bir xat oldim, - deydi viloyat Davlat o'rmon xo'jaligi raisi Bekbo'ta Abrayev. – Ot sporti federatsiyasining ijrochi direktori O'tkir Karimov “Viloyat hokimining qarorida belgilangan vazifani bajarmayapsiz, “Otchopar”ni ot sporti federatsiyasiga qaytarmayapsiz” deb murojaat qilgan. 2014 yil men o'zim tashabbus ko'rsatib, “mayli qaytarib olmoqchi bo'lsangiz, rozilik bildiramiz”, deb rozilik xatini respublikaga – Qishloq va suv xo'jaligi vazirliligiga yuborganman. Bilasizmi, O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligining 2014 yil 30 apreldagi 06\07-381-sonli rozilik xati bilan viloyat Davlat o'rmon xo'jaligi balansidagi 52 bosh sport otlariga mo'ljallangan 2ta otxona, sportchilar kiyinish xonasi, otlar uchun yem saqlanadigan xonalari, ularga xizmat ko'rsatish maydonlari bilan birgalikda belgilangan tartibda 3 yil oldin tuman hokimining qarori bilan zaxiraga o'tkazish bo'yicha xatni ot sporti federatsiyasining ijrochi direktori qabul qilib olishi kerak edi. Ularning beparvoligi tufayli, tuman hokimi qarorni chiqarmagan. Biz rozilik bergan bilan ular ishni eplay olishmayapti. Ana endi oradan biroz vaqt o'tib, “Otchopar”ni bermayapti”, deb yugurib yurishibdi. Shunda ham qaytadan yangi istiqbolli reja tuzib, tashabbus ko'rsatishlarini tushuntirsam ham eski dardni qo'zg'atishayapti. Ular istiqbolli rejalarini belgilangan tartibda Qarshi tuman hokimligiga taqdim qilsa, hokimlik bu tashabbusni ma`qullab, yana respublikaga xat yozishsa, ana shundan keyin respublikadan ijobiy javob olsagina biz “Otchopar”ni ot sporti balansiga qaytarish haqida rozilik bildiramiz. Ularning xatti-harakatlaridan juda-juda achchiqlandim. Hujjatlarni to'g'rilasin, shu “Otchopar”ni qaytarib bermagan nomard.

- Yana bir gap, - so'zida davom etadi Bekbo'ta Abrayev. - “Ot chopar”da zig'ir, dala choyi urug'lari, mayda shoxli chorvalarimiz mavjud. Bu davlat tashkiloti. Chorvachiligimizdagi qo'y, echki ham o'zimizning xususiy mulkimiz emas, Davlat o'rmon xo'jaligiga tegishli. “Bo'ldi, tuman hokimi rozilik berdi,” deb ot sportiga qo'shqo'llab topshirib yuborolmaymanku?! Uning ham o'z qonuniy tartiblari bor. Ish ko'p, qaysi biriga ulguramiz. Mana, yo'lini qilsa, qaytarib olsin! Axir hukumatimiz tomonidan ham ot sportini rivojlantirish uchun qanday yaxshi sharoitlar yaratib berilayapti-ku?! Belgilangan tartibda Qarshi tuman hokimiga murojaat qilsin. Respublikadan kelgan rozilik xatini olib, turli bosqichlardan o'tib, peshonasi terlab yugurib ko'rsin! Ba`zilar ko'rsavodlik bilan bizga murojaat qilishadi. Nima u davlat tashkiloti bilan o'ynashayapti?! G'iybatchiga o'xshab orqadan gap qilmay, o'zimizga to'g'ridan-to'g'ri kelib uchrasin. Balansning ham o'z chiqimi, kirimi bor. O'sha joyda faoliyat ko'rsatayotgan yer maydonining ishlatishga yaroqli hududlari bor. Qaysisini ot sportiga beriladi, qaysisi Davlat o'rmon xo'jaligiga buni bir kishi bilan hal qilib bo'lmaydi. Yer maydonlarini hamda otxonalarni qaytarib berish sharti boshlangandan keyin u yerdagi Davlat o'rmon xo'jaligiga tegishli 700 bosh mayda shoxli mollarni qonuniy tartibda boshqa xo'jaliklarga o'tkazib berishimiz, lozim bo'lar balki. Bu sarson-sargardonlikning hammasiga o'zlari aybdor. Kechagina federatsiyaning ijrochi direktoriga “Mabodo, o'zlarida ham ot bo'lsa, mana marhamat, qarshiligim yo'q, otxonalarga joylashtiravering, toki hujjat ishlari hal bo'lguniga qadar” deb aytgandim, shuni ham vaqtida bajarishmadi. 2014 yildagi (viloyat hokimining qarori) qaror ijrosini ro'kach qiladigan bo'lsa, har bir xat yoki vazifaning ijrosi uzog'i bilan bir yilda amalga oshiriladi. Viloyat hokimining chiqargan qaroriga ham mana uch yildan oshdi. Aslida vazifalar bir, bir yarim yil davomida ijrosi ta`minlanishi lozim. Qanchadan qancha yangi qarorlar chiqarilayapti. Uning vaqti o'tdi. Endi yangidan tashabbus bilan chiqsin, gap tamom”.

Bekbo'ta Abrayev to'g'ri gapirdi. Har bir chiqarilgan qarorning amal qilish muddati bir yil bo'lishi kerak, ehtimol. Ammo 2014 yil 16 may kungi viloyat hokimligidagi viloyat otchopar sport bazasini talablar darajasida qayta ta`mirlash, zarur jihozlar bilan ta`minlash va bazani viloyat ot sporti federatsiyasi balansiga o'tkazish to'g'risida yig'ilish ijrosi bir hafta muddatda amalga oshirilishi belgilangan edi. Bekbo'ta Abrayevning yana bir so'ziga qo'shilsa bo'ladi. U ta`kidlaganidek, Davlat o'rmon xo'jaligimi yoki ot sporti federatsiyasi bo'ladimi “Otchopar” davlat mulki. 200 gektar yer xususiy mulk emaski, to'g'ri kelgan kishi undan har yo'lda foydalansa. Biroq ro'paramizdan chiqqan B.Abrayevning ma`lumotiga asoslangan 700 boshli mayda shoxli mollardan 2 boshi oyoq ostida jonsiz yotgani, otxonaning oxirida, chamasi yuzlab qo'y junining uyulib turgani bizni ajablantirdi. Xo'sh, 700 boshli mayda shoxli mollar ham Davlat o'rmon xo'jaligi balansida turgan ekan, bu ikki qo'y yoki junlar kimning karmoniga ziyon? Yoxud har ikki otxonaning tomidagi sinib yotgan shiferlar-chi? 200 gektar yer nahotki, har ikki tashkilotga foydalanish uchun kamlik qilsa? Axir, ot sporti federatsiyasining raisi Bekbo'ta Abrayevning o'zlari emasmi? Shunday ekan, rasmiy murojaatlarning, arizabozlikning nima keragi bor?

Xulosa hammamizniki

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatida bo'lib, ko'plab istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Shunday loyihalardan biri, Yakkabog' tumanida tashkil etilayotgan Qorabayir zotli otlarni ko'paytirishga ixtisoslashgan majmuada 200tagacha yilqi boqilishi va kelgusida yangi ish o'rinlari tashkil etilishiga alohida to'xtalib o'tgan edi.

Shunday ekan, davlatimiz rahbari tomonidan milliy o'yinlarimiz, sportning yangi turlariga e`tibor qaratilayotgan bir paytda, nahotki, Qashqadaryoda ot sportiga ikkinchi darajali vazifa deb qaralsa?

Ot xosiyatli jonivor. Chavandoz bobolarimiz ham hamisha ot bor joyda baraka bo'lishini aytishgan.

Mutaxassislarning e`tirof etishicha, ot mingan, ot sporti bilan shug'ullangan kishi kamdan-kam hollarda kasallikka chalinadi. Demak, ot minish sog'liq uchun ham koni foyda.

Vaholanki, vohamizda ot sporti rivojlansa, ot sportining barcha turlari ommalashadi, aholi salomatligi yuksaladi, Madaniy turizm rivoj topadi. Yangi ish o'rinlari yaratiladi.

Darhaqiqat, yurtimizda barkamol avlodni voyaga yetkazishda sportga e`tibor qaratilayotgan ekan, ot sportining ham alohida o'rni borligini esga olishimiz lozim.

Zero, ot mingan farzandlarimiz sog'lom va baquvvat bo'lib o'sadi. Siz bunga nima deysiz, aziz o'quvchi?!

3.34 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.34 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.16 / 2
  • Муштарийлар баҳоси
    4.37 / 7

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Otabek Qo’ldoshev 15/05/2018
5 Шерзод Боллиев 15/05/2018
5 Уктам Садинов 15/05/2018
5 Зулфизар Ражабова 15/05/2018
5 Qashqadaryo Yoshlar Sporti Gazeta 15/05/2018
5 Екатерина Годунова 15/05/2018
4.5 G'ayrat Norqobil 16/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
0 та фикр