“Xo’rasqand chet elniki bo’lsa…” yoxud Koreys xalqidan “master klass”

Valijon Turakulov
Ярим финал

Hammaning tabiyati har xil ekan-da. Sizda qanday bilmadim, lekin kaminada har narsani sinchkovlik bilan kuzatib yurish odati bor: ko’cha ko’ydagi mashinalar, binolar, xafa yoki xursand odamlar... hamma-hammasi. Hattoki baland binolarning necha qavatligiga ham qiziqib, sanab chiqqan kunlarim bo’lgan. Ushbu blog Koreyadagi 6 yillik tajribam natijasida sinfxonada va sinfxonadan tashqarida olgan ilm va ko’nikmalarimning siz vatandoshlarimga atalgan bir tuhfamdir, desam ham bo’ladi. Aminmanki, blogning oxirgi nuqtasiga ko’zingiz tushishi bilanoq “demak, davlatiMIZ iqtisodiyoti rivojlanishida “nafaqat mening ham” emas, balki aynan MENing ro’lim bor ekan-da!” degan xulosa bilan yakunlaysiz.

Chaqirilmagan mehmon, “Inqirozbek”

1997. Tayland hukumatining moliya sohasidagi noto’g’ri qarori natijasida ikki yuzi qip-qizil, sog’lom, lekin to‘polonchi bir “bolakay” dunyoga keldi. Unga “Osiyo Moliyaviy Inqirozi” (Asian Financial Crisis) deb ism ham qo’yildi. Bu bolakay shu darajada tez ulg’aydiki bir yil ichida juda ko’p Osiyo davlatlariga, ayniqsa, Sharqiy Osiyo davlatlariga “visasiz” sayohat qilishga ham ulgurdi. O’shanda o’zining iqtisodiy gullab-yashnayotganidan xushvaqt bo’lib turgan Koreys xalqini ham bir yo’qlab kelgan Inqirozbek eng avval moliya sohasidagilarning “tagiga suv quyib” chiqdi. So’ngra Koreyaning ishongan tog’laridan biri, “Daewoo Bus”dan tortib “Daewoo Shipbuilding”gacha katta-katta 20 ta bo’limlarga ega bo’lgan “Daewoo Group” bilan o’ynagisi kelib qoldi (bola ekanda!). Bu ulkan tog’ning ustiga bir amallab chiqib olgach, tog’ning toshlarini qarz atalmish jarlikka qarab kichkina qo’lchalari bilan otaverdi-otaverdi (Bola bo’lsang sho’x bo’l deyiladi-ku, axir). Natijada butun boshli “tog’” qarz atalmish jarlik tubiga g’arq bo’ldi qoldi (1999 yil). Aslida, Inqirozbek bu yillar ichida 30 ta eng yirik firmalardan 18 tasini, 33 ta tijorat banklaridan 32 tasini ham yer tishlatishga ulgurgan edi. Oxir-oqibat Inqirozbek Koreyadan ketgisi ham kelmay qoldi... Uyma-uy yurib Koreys xalqiga “erkalik”lar qilgisi keldi.

Mr.IMF ning qarshi hujumi...

Qarorgohi Vashingtonda joylashgan, ko’pni ko’rgan keksa Mr.IMF yosh Inqirozbekning bu o’z boshimcha qiliqlariga chidab tura olmadi (IMF, International Monetary Fund, ya'ni 1945-yilda tashkil qilingan Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi bo’lgan bu tashkilot a’zo davlatlar iqtisodiyotining rivojlantirishni maqsad qilib olgan). Mr.IMF shlapasini boshiga qo’ndirgancha bu o‘yinqaroq bolakayning “quloqchalaridan tortib qo’yish” uchun tezda Seulga yetib keldi. Bir xafta ichida Inqirozbekning nozik tomonlari o’rganilib, tezkor hujum operatsiyasi ishlab chiqildi. Buning uchun Mr. IMF 5 yil muddatga 21 milliard dollarlik qarz ajratdi (boshqa davlatlar ham qo’ldan kelgancha “harpana” qilib yuborishdi. Jahon Banki 10 milliard, Osiyo Taraqqiyot Banki 4 milliardlik qarzni o’z yon daftarchalariga yozib qo’ydilar).

Aksiga olib Inqirozbekning ham taslim bo’lgisi yo’q edi. Ishsizlik, oziq-ovqat yetishmasligi, narxlarning qimmatlashi, tartibsizlik kabi o’zining xos askarlari bilan har bir xonadonda birin-ketin mehmon bo’layotgandek edi.

Aslida, moliya sohasidagi inqiroz juda ham qiziq-da! Mindaaay olib qaraganda har narsa o’z joyida bo’ladi. Faqatgina pul bozoridagi ozgina chalkashliklar butun bir sistemani “tiz cho’ktirib qo’yadi”. Chunki sohalar har xil bo’lsa ham ularning ishlashiga turtki bo’ladigan yagona omil bu – pul! Pul bozoridagi ozgina silkinish boshqa sanoatlarga 8 ballik yer qimirlashidek gap.

...Mana qarzni qaytarish muddati ham yaqinlashmoqda. Nima qilmoq kerak? Koreys puli – von bilan ish hal bo’lsa ekan, “beli sinmagan” yangi pullarni bosib chiqarib ish bosti-bosti qilinsa. Axir IMF dan dollar qarz olingan, dollar qaytarilishi kerak-da! Eksport orqali tovar sotib yig’ilgan dollarlar ham qarzni qaytarishga kuchi yetmasligi turgan gap. Balki, qora xalqdan yordam so’rash kerakdir? Axir Koreys xalqi vatanparvarligi bilan mashhur-ku! Ikki katta imperiyaning (Xitoy va Yaponiya) o’rtasida taqdir taqozosi bilan joylashib qolgan bu davlat ne kunlarni ko’rmadi, deysiz?! Balki shundanmi Koreyslar hali-hanuz yuvosh, siniq va kamtar xalq ekanligi bilan ajralib turadi. O’sha oltimish-yetimishinchi yillarda ham Koreys xalqining qahramonliklari “Google zarvaraqlariga muhrlanib qo’yilgan”. Hech qanday tabiiy boyliklarga ega bo’lmagan tog’u-toshdan iborat bu davlat o’zining kelajagini ishlab chiqarishda va xalqaro savdoda deb bildi. Katta-katta zavodlar, ayniqsa, temir va po’lat sanoatini rivojlantirishga bel bog’ladi. Lekin qanday boshlasin? Axir bunga katta sarmoya kerak-ku! Sarmoya jalb qilishning bir yo’li sarmoyadorlarni ishga solish bo’lsa, ikkinchi yo’li xalqning yordami edi. Agar xalqni chet elda ishlashga jo’natilsa, ham ishsizlik bartaraf etiladi, ham chet eldan kelgan dollarlar sarmoya vazifasini o’taydi (ishchilarning oilalariga esa kores puli – von berilaveradi).

Xalq bunga “labbay” deb javob berdi ham. Shunday qilib, er kishilar G’arbiy Germanya, Saudiya Arabistoni, Eron, Liviyaga ko’mir koni va qurilishda ishlash uchun “davlatimizga yordam qilamiz” degan shior ostida “xurjunlarini qo’lga oldilar”. Yosh-yosh qizlar esa kasalxonalarda hamshira bo’lish uchun yuborildi.

Men, shaxsan ishonmasdan ba’zi Koreyslardan so’radim:- Rostdan ham, “jo’natgan pullarimiz davlatimizga yordam beradi” degan shior bilan ketishganmi?- Ha, shunday bo’lgan edi, - deb aytdilar.

Xo’o’sh, qayerda ketayotgan edik? Ha... Mr.IMF dan olingan dollarlarni qanday qilib qaytarish kerak, degan savolga yechim izlayotgan edik...

Qisqasi, Koreys hukumati yana o’zining mehnatkash xalqidan ko’mak so’radi. Maqsad oddiy edi: xalqning yordami bilan yurtdagi oltinlar yig’iladi, oltin blokchalariga aylantirilib jahon bozorida sotiladi va IMF ga o’z dollarlari qaytariladi (yoki oltin quyilmalarining o’zi berilgan, degan manbalar ham bor).

2 oylik oltin yig’ish tadbirida xalq ko’ngilli bo’lib 226 tonna oltin yig’ib berdilar!!!

“Xo’sh, indan keyinchi?”

- Yo’q, yo’q, birodar... Shu joyiga kelganda o’qishni to’xtatib qo’mang-da. Sizdan hech kim “uyungizdagi oltinni olib chiqib bering yoki chet eldan jo’natilgan dollaringizni davlatga topshiring”, deb so’ramaydi. So’ramoqchi bo’lganim juda ham oddiy, lekin davlat rivojlanishidagi eng katta omillardan biri, xolos.

Yuqoridagi barcha yozilganlar kirish qismi edi, aslida. Hayron bo’layotgandirsiz? To’g’ri hajm jihatdan kirish qismidek ixcham bo’lmasa ham, ma’no jihatdan kirish qismidek gap. Quyida siz vatandoshimga yetkazmoqchi bo’lgan so’ngi qismi esa blogning asl maqsadidir. Boshqacha qilib aytganda, yuqorida yozganlarim sinfxonada o’rganganlarim edi. Sinfxonadan tashqarida kuzatganlarimni endi taqdim etmoqchiman. O’ylaymanki, aynan mana shu qismi asl maqsadni ochib beradi va taomdan keyin tortiq etilgan shirinlikdek shirin bo’ladi.

Biz, Bizning, Bizniki (o’zimizniki)...

Koreys tilida “uri”(우리) “biz, bizning, bizniki, o’zimizniki...” degan sehrli so’z bor. 

Bu sehrli kalom Koreya iqtisodiyotini mana shunday cho’qqiga olib chiqqan kalomdir. Bu sehrli kalom qiyinchilik damlarida ham koreys xalqini birdamlikka chorlagan kalomdir. Bu sehrli kalom juda ko’p kompaniyalarni koreys bozoriga kirishiga to’sqinlik qilgan kalomdir. 

Chunki koreys xalqida “O’zimizning milliy mahsulot” degan jumlani o’zigina chet el mahsulotlarini chetga surib qo’ya oladi. Eng katta reklama vazifasini o’tay oladi...

Umumiy aktivlari yurtimizning Yalpi Ichki Mahsulotidan deyarli 3 barobar ko’p bo’lgan o’sha mashhur Amerikaning Wal-Mart supermarketlarini ham aynan mana shu koreys xalqi o’z uyiga sig’dirmagan edi (2005-yilda Koreyani tark etgan). Chunki, koreyslarning o’z E-Mart lari bor-da! Nahotki, Wal-Martdek ulkan tashkilot Koreys xalqini “O’zimizniki...”degan so’zlariga qarshi chiqa olmasa-ya?!

Balki shuning uchun bo’lsa kerakki, mahsulot qadoqlarining ba’zilariga e’tibor berilsa katta-katta qilib “o’zimizning mahsulot” yoki “o’zimizning guruchdan qilingan” degan ma’nodagi yozuvlarni ko’rish mumkin. Solishtirish uchun bir misol keltiray: Amerikaning 20 kglik so’yasi 45$ atrofida, “o’zimizniki” degan jumla esa so’yaning narxini 180$ qilib yuborar ekan. Xitoyning yarim litrlik kunjut yog’i 7$, “o’zimizniki” esa 14$ (yog’ning ta’mi ham 2 barobar qimmat bo’la oladigan darajada farq qilarmikan?! Axir u yog’-ku). Go’sht mahsulotlari haqida ham xuddi shularni aytish mumkin. Avstraliya yaylovlarida shataloq otib katta bo’lgan buzoq shuncha masofa yurib “mening yeng”, deb tursayu, Koreyslar “o’zimizniki yaxshi” deb mehmon kutishni ham bilmasa-ya.

Haqiqatan, "mehmon" kutishni bilmaydigan Koreys xalqida o’z milliy mahsulotlariga bo’lgan faxr-iftixor tuyg’usi juda ham ustun. Va aynan mana shu tuyg’u Koreyslarni qiyin damda ham birga ushlab tura olgan. Mana shunday rivojlanishgacha olib kela olgan.

Xulosa sifatida shuni aytmoqchimanki, avvalo o’zimga va qolaversa, SIZ azizlarga Koreys xalqidan “master klass” shuki, biz ham o’z milliy mahsulotlarimizni mana shunday g’urur bilan xarid qilsak. To dunyo standartlariga mos keladigan mahsulot ishlab chiqara oladigan darajaga yetib olgunlarigacha ishlab chiqaruvchilarimizga uning mahsulotini xarid qilish bilan yordamlashsak! Qisqa qilib aytganda, Koreyslardek vatanparvar bo’lsak!

- “Vatanparvar” degan so’zni eshitishingiz bilan bir o’ng’aysizlanmadingizmi, birodar? Nima uchun bizda mana shunday munosabat paydo bo’lib qolgan, a? Vatanparvarlik sharaf emas, go’yoki tamg’a – laqabdek. Yoki, “patriot”, “u g’irt vatanparvar-ku” degan kamsitish ma’nosidagi jumlalarni eshitmaganman, deysizmi?

Aytmoqchi bo’lganim bizda ham o’z milliy mahsulotlarimizga munosabat o’zgarsa. Yechim sifatida “Made in Uzbekistan” degan ko’rsatuvlar efirga uzatilsa. Ko'rsatuvda milliy mahsulotlar tanishtirib borilsa. Sifat orqali bir-biri bilan musobaqalashsa! Mashhur shaxslar milliy mahsulotlarni o’z hayotlarida iste’mol qilish bilan xalqga o’rnak bo’lsa. Xuddi, prezident o’zimizning “Malibu” ni minib “master klass” ko’rsatib qo’yganlaridek (“prezident” degan so’z maqolaning sifatini oshirish uchun ishlatilmadi). Chunki, milliy mahsulot turib “chet elning xo’rasqandi”ga ishqiboz bo’lish – xuddi pulni o’z cho’ntagingizga emas, balki begonaning cho’ntagiga solishdek gap. Ha, iqtisodimiz rivojlanishida aynan SIZning o‘rningiz bor, vatandoshim! Mana shunday 32 millionta SIZ jamlanib, BIZ bo’lsachi?! BIZni rivojlanishimizda BIZdan boshqa jon kuydiradiganlar bormikan axir?!

4.01 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    4.01 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.36 / 6
  • Муштарийлар баҳоси
    4.55 / 14

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

4 Aziza Sobirova 01/06/2018
4.5 G'ayrat Norqobil 01/06/2018
4 Farhod Abdurahmon 01/06/2018
5 Beknazar Raxmatov 01/06/2018
5 Kareem Abduljabbar 01/06/2018
4.5 Doniyorbek Yulchiev 01/06/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
4 та фикр