XITOYDAGI VELOSIPED IJARASI

Xitoyning ko`plab shaharlarida velosipedlarni ijaraga beruvchi ajoyib tizim faoliyat olib boradi. Bu tizim barcha uchun, har tomonlama, nihoyatda foydali. Velosipedda sayr qilishning inson salomatligiga ta’siri, yoki atrof muhitga mutlaqo bezarar ekanligini alohida ta’kidlab o`tirmayman. Asosiy mavzu - ushbu tizimning faoliyati haqida.

Bu yerda xohlagan yeringizda velosiped olib manzilingizga yetib olishingiz, va o`sha velosipedni istagan yerda qoldirishingiz mumkin. Velosiped olish uchun telefoningizda maxsus ilovaga ega bo`lsangiz bas. Juda qulay tizim. Barcha velosipedlar GPS tizimiga ulangan va orqa g`ildiragi tomonda maxsus qulf biriktirilgan. Smartfondagi maxsus ilova orqali QR kodni olgan zahoti (scan) qulf avtomatik tarzda ochiladi. Shunday qilib, bir martalik harakatlanish vositangiz safarga tayyor. Manzilga yetgach, o`sha qulfdagi bir detalni pastga surish orqali velosipedni yana qulflab qo`yishingiz lozim. Agar qayta yopilmasa, siz boshqa velosiped qulfini ocha olmaysiz. Chunki ilovalar bir vaqtning o`zida faqat bitta velosipeddan foydalanishga ruxsat beradi.

Bu tizimdan foydalanish uchun ilovani yuklab olish hamda unda ro`yxatdan o`tish lozim. Unga bank kartochka raqami va passport ma’lumotlari kiritiladi. Bundan tashqari, depositga ma’lum miqdorda pul qo`yish ham talab etiladi. O`rtacha 200 yuan deposit to`lanishi lozim. Shundan so`ng siz 45 kun davomida velosipedlardan bepul foydalanasiz. Istagan vaqtingizda depozit pulingizni qaytarib olishingiz ham mumkin. 45 kundan so`ng, xizmatdan bepul foydalanish muddati tugaydi. Shundan so`ng, har gal velosipeddan foydalanish uchun 1 yuandan to`lashingizga to`g`ri keladi.

Shu o`rinda bir qiziq savol tug`ildi, bir velokompaniyada ro`yxatdan o`tib, 200 yuan deposit to`lagach, 45 kun davomida undan bepul foydalanib, keyingi kuni deposit pulini qaytarib olish ham mumkinmi? Menga bu ilovada ro`yxatdan o`tishga ko`maklashgan do`stimning aytishicha, “ha, shunday qilsa bo`ladi”. Unda hamma shunday qilaversa bu kompaniyalar qanday qilib foyda ko`radi deb bergan savolimga u quyidagicha javob berdi: “Bir kishi ro`yxatdan o`tgach 200 yuan pul kompaniya hisobida turadi. Bu kompaniya millionlab foydalanuvchilariga ega, ularning har biri 200 yuandan to`laganda, umumiy hisobda juda katta summa hosil bo`ladi. Kompaniya bu pullarni boshqa sohalarga tikib foyda foyda oladi, yoki boshqacha qilib aytaganda ‘pullarni aylantiradi’. Bundan tashqari juda kamchilik insonlar depozit pullarini qaytarib oladi, chunki yana qayta ro`yxatdan o`tmoqchi bo`lsa, bu safar bepul 45 kunlik muddat berilmaydi. Bundan tashqari pulingiz xavfsiz joyda qancha muddat bo`lsa ham turaveradi”. Ha, juda yaxshi o`ylangan tizim!

Lekin uddaburonlar 45 kundan so`ng deposit pulni qaytarib olib, boshqa kompaniyada ro`yxatdan o`tib yana shuncha muddat bepul foydalanish va keyingi muddat ham tugagach boshqasiga o`taverishi mumkin. Bunday kompaniyalar esa bir nechtani tashkil qiladi.

Men hozir yashayotgan shaharda velosipedlarni ijaraga beruvchi bir nechta yirik kompaniyalar faoliyat olib boradi. Bularga ‘OFO’, ‘Hellobike’, ‘Mobike’ va hokazolarni misol qilib keltirib mumkin. Shahar ko`chalarida yurar ekansiz, har qadamda velosipedlar uyumiga ko`zingiz tushadi. Har bir kompaniya velosipedlari o`z maxsus ranggiga ega. Ayrimlari to`q sariq rangda, ba’zlari oq qizil yoki oq ko`k, boshqalari esa yashil rangda.

Yana bir yaxshi jihati, barcha yo`llarda avtomobillar hamda piyodalar uchun maxsus ajratilgan yo`llar bilan bir qatorda, velosiped va skuterlar uchun ham alohida yo`lak mavjud. Shuning uchun, velosipedda uzoq manzillarga ham mutlaqo xavfsiz yetib olishingiz shubhasiz.

“Barcha foydalanuvchilar velosipedlarni istalgan joyga tashlab ketaversa, ular yo`qolib qolmaydimi?” degan tabiiy savol paydo bo`ladi.

Javobi esa - aslo, chunki har bir velosipedga GPS qulf biriktirilgan bo`lib, kompaniya xizmatchilar har kuni kechki payt GPS orqali velosipedlarni yig`ib, ertalab xizmatdan foydalanuvchilar uchun maxsus joylarga, shay holatda qo`yib ketishadi. Bundan tashqari, aksariyat foydalanuvchilar, iste’molchi madaniyatiga rioya qilgan holda, manziliga yetib olgach velosipedlarni maxsus belgilangan joylarga qo`yishadi. Bu esa xizmatnining barcha uchun yanada qulay va foydali bo`lishiga xizmat qiladi.

Xuddi shunday tizimni bizda ham joriy qilsa bo`larmikin degan mavzuda o`zbekistonlik do`stlarim bilan ko`p gaplashamiz. “Bo`ladi, faqat velosiped ehtiyot qismlarga bo`linib-bo`linib ketmasa bo`lgani” deyishadi hazillashib.

Rostdan ham, kerakli ehtiyot choralarini ko`rgan holda, O`zbekistonda ushbu tizim faoliyatini yo`lga qo`yish mumkin. Bundan tashqari, yaqin vaqtlarda poytaxtimizda ham velosipedlar uchun maxsus yo`lkalar quriladi.

Quyida bu boradagi fikrlarimni keltirib o`taman:

- Buning uchun dastavval, velosipedlarni joylashtirish uchun eng gavjum bo`luvchi kamida 10 ta punktni tanlash zarur (poytaxtda, kuzatuv kameralari nazoratiga olingan hudud bo`lishi maqsadga muvofiq. Chunki, velosipeddan foydalanib bo`lgan kishi uning soz holda ekanligini isbotlashi uchun kamera nazoratidagi joyga keltirib qo`yadi)

- Velosipedlarning barchasi bir xil yorqin rangga, alohida belgilarga va GPS tizimli qulfga ega bo`lishi lozim. (Xitoy tajribasini o`zlashtirish mumkin)

- Smartfonlar uchun kichik mobil ilova yaratish kerak; (Xitoy tajribasi)

- Kreativ reklamalar yordamida keng ommani oldindan xabardor qilib borish lozim; (Countdown uslubida)

-Depozit pulining xavfsiz saqlanishi va istalgan paytda qaytarib berilishi kafolatlanishi lozim;

Qo`shimcha afzalliklari sifatida, mobil ilovaga hamda velosipedlarning o`ziga reklama joylashtirish orqali ayrim xarajatlarni qoplash mumkin.

Ushbu tizim biz uchun yangilik bo`lganligi, hamda hali raqobatchilar yo`qligi sababli, bu ishni ilk bor amalga oshirgan tadbirkorlar yaxshi daromad olishlari mumkin. Bu yurtdoshlarimiz hayotiga ham yanada qulaylik bag`ishlagan bo`lar edi.

3.73 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.73 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.18 / 13
  • Муштарийлар баҳоси
    4.36 / 9

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Андижанец 27/04/2018
4 lazer& avangard 27/04/2018
4.5 Abdusaid Saidahmatov 28/04/2018
3 Sardor Kattabekov 29/04/2018
5 Jasur 29/04/2018
5 Sharifjon 01/05/2018
3 Ғуломжон Турдиматов 08/05/2018
5 Komila Murodaliyeva 18/05/2018
4 Абдурахмонов Мухаммадортикали. 19/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
1 та фикр