TOSHMAT TAJANGNING BO’XTONLARIGA RADDIYA: BIZ O’G’RI EMASMIZ!

Qishlog’imizda bir gap bor: Yovning tuxmatiga etibor berma. Faqat ichi qora odamgina yutuqlaringni ko’ra olmay, yuzinga loy chaplashi mumkin. Yaxshi odamlarning ichi qora bo’lmaydi. Yomon odammi, demak tuxmatchi. Tuxmatchilar esa odamga do’st bo’lmaydi. Toshmat tajangni ham tuppa-tuzuk odam deb yurar edim. Adashgan ekanman. Yuzi qolib, ichi ham qora ekan u zormandani. Nima sababdan Toshmatning go’riga g’isht terayotganimning sababini qisqacha tushintirib o’taman. Bundan bir necha kun oldin, fayzbog’da Andishali Betgachopar taxallusi bilan ijod qilguvchi Toshmat Tajang o’zining maqolasini e’lon qildi. Maqolaning nomi “Siz qaysi gazetaga obuna bo’lgansiz”, deb nomlanadi. Maqolani nomini o’qisangiz go’yoki hammasi yaxshidek. Lekin unga ko’z yugurtirsangiz Toshmat tajangning tuturiqsiz gaplaridan tepa sochingiz tikka bo’ladi. O’zini xurmat qilgan jurnalist yoki muxbir maqolani o’qib jim qarab turolmasligi tayin. Shuning uchun, men ushbu raddiyani yozishga axd qildim. Kasbiy faoliyatimdan kelib chiqib jim qarab turishga vijdonim yo’l qo’ymadi. Men maqolani to’liq bayoni bilan sizlarni tanishtira olmayman. Balki oralaringizda bo’xton-u tuxmat bilan sug’orilgan lanati maqolani o’qiganlar ham bordir. Shuning uchun, avvalo, o’zimiz haqimizda ikki og’iz:

Gazetamiz haqida.

Yakka tut ro’znomasi “SARIQ CHAQA” MCHJ muassisligida chiqadigan xususiy nashr hisoblanadi. Gazeta haftada bir marta, 2000 nusxada chop etiladi. Bosh hamkorimiz: Yakka tut pedagogika qurilish instituti. Hamkorlarimiz: qishloq va suv xo’jaligi boshqarmasi, qishloq fermerlar kengashi va Yakka tut o’rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi.

Gazetamiz hali yosh. Sakkiz varoqli Yakka tut ro’znomasi 2011-yil avgust oyida tug’ilgan. Bosh muxarrir: Mirishkor Meshqorin. Gazetani haftaning istalgan kunida nashr qilaveramiz. Nashr uchun mas’ul: Kaminayi Kamtarin (men emas, shunday taxallusda ijod qiluvchi Tolib Danak).

Gazeta faoliyati va uning o’ziga hos jihatlari.

Yakka tut ro’znomasi ma’naviy-marifiy, ijtimoiy ommabop gazeta hisoblanadi. Unda viloyat qishloq xo’jaligiga oid yangiliklar, yurtimiz va horijda sodir bo’layotgan voqealar, jamiyatimizda kuzatilayotgan o’zgarishlar, sport xabarlari, turli xil qonunlar va qonun osti hujjatlari, salomatlikka oid turli hil foydali maslahatlar berib boriladi. Gazetamizning o’ziga hos jihatlari haqida gap ketganda ko’p gapira olmayman. Gazeta yurtimizdagi deyarli barcha gazetalar singari zerikarli, bu jihatdan umumiymiz. Lekin bizning o’ziga hosligimiz shundaki, bizning gazetada reklama uchun umuman joy yo’q. Yil davomida biror marta gazetamizda biror-bir mahsulotni reklama qilgan emasmiz. Har qalay men buni eslay olmayman. “Iye, u holda qanday qilib gazeta 5 yildan buyon yashab kelmoqda?”, degan savol hayolingizga keldimi? Gazetamizning yashovchanligining sababini quyiroqda bilib olasiz.

Yakka tut ro’znomasi nimaning hisobiga kun ko’radi?

Gazetamiz xususiy. Biz hokimlikdan moddiy ko’mak olmaymiz. Bunga hojat yo’q. Reklamadan ham bir tiyin pul kelmaydi, bunga ham hojat yo’q. Biz obunachilarimizning pullari evaziga yashaymiz. Haridorlarimiz demayapaman, obunchilarimiz deyapman! Toshmat Tajang o’zicha aqllilik qilib, “o’zbek matbuoti va mushtariylari hayotida bitta paradoks bor: “Hamma odam gazetalarimizning faoliyatini qoniqarsiz deb hisoblaydi. Hamma odamlar o’sha qoniqarsiz gazetalarning obunachilari hisoblanadi.”, debdi. Biz bunaqa paradokslarga umuman etibor bermaymiz, ijod bilan bo’lib vaqtimiz ham yo’q. Gazetamiz hechkimga yoqmasa ham, hamma bizga obunachi. Bizga shunisi muhim.

Endi obunachilarimiz haqida ikki og’iz. Bizning asosiy obunachilarimiz Yakka tut pedagogika qurilish instituti talabalari. Keyingi o’rinlarda qishloq va suv xo’jaligi boshqarmasi, fermerlar kengashi tashkilotlarining hodimlari turadi. Etibor berdingizmi, yuqorida bularni hamkorlarimiz deb tanishtirgan edim. Hamkor degani moliyaviy ko’mak ko’rsatishi kerak. Lekin biz shundayligicha hamkorlarimizdan moliyaviy yordam olmaymiz. Bunga uyalamiz. Shuning uchun ham biz ularni gazeta bilan taminlaymiz, u tashkilot rahbarlari esa o’z hodimlarini bizga obuna qilib qo’yadilar. “Yakka tut ro’znomasi matbuotlarda ham uchraydimi?”, degan savolingizga javob berib ketay: kamdan-kam hollarda uchratasiz. Biz asosiy etiborni obunachilarimizga qaratganmiz. Faqat obunachilarimiz uchun ishlaymiz desak ham bo’laveradi. Shuning uchun matbuot do’konlaridan bizni topa olmasangiz ajablanmang.

Eng muhimi: Yillik obuna va gazetaning yillik daromadi haqida.

Yakka tut ro’znomasi gazetasiga yillik obuna har bir obunachi uchun 60 ming so’m. Obunchilarimizning soni o’rtacha 1800 nafarni tashkil etadi. Gazetamizning haftada 2000 nusxada chop etilishini hisobga olsak, 1800 ta obunachi va ularning har biridan keladigan 60 ming so’m chakki raqamlar emas. Gazeta tan narxi taxminan 550-600 so’m. Gazetaning yillik tiraji: 104,000 nusxa. (52*2000=104,000). Gazetaning umumiy nashri uchun bir yillik sarf xarajat: (soliq va ishchilar maoshi bilan qo’shib hisoblaganda) taxminan 65-70 million atrofida. Ana endi qolgan hisob kitobni o’zingizga qoldiraman. Albatta mening hisob kitoblarimda biroz xatolik va adashish holatlari ham bo’lishi mumkin, lekin u xatolik va adashish unchalik katta emas.

PS: bularni yozganimning sababi siyosatimiz shaffof va hechkimdan yashiradigan sirimiz yo’q demoqchiman. Biz bozor iqtisodiyoti sharoitida xalqimizni marifatli qilish bilan birgalikda “biznes” ham qilyapmiz xolos.

Asosiy masala:

Xurmatsiz Toshmat tajang, siz maqolangizning avval boshidanoq bizni tanqid qilish bobida qo’rqoqlikda, tebsa-tebranmaslikda ayblashni boshlagansiz. Biz qayerda qo’rqoqlik qildikki siz bizni qo’rqoq deysiz. Qishlog’imizni tanqid qilaverib ilma-teshik qilib tashlayotganimizni nahotki ko’rmayotgan bo’lsangiz. Maktablar haqida yozdik, o’qitishni bilmaydigan o’qituvchilardan tortib bog’cha opalargacha tanqid qilib chiqdikku. Yaqinda qishloq ahliga o’qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida ham bemalol yoza olishimiz mumkinligini ko’rsatib qo’ydik. Qo’rqoq bo’lganimizda shu ishlarni qila olarmidik? Bizning jasoratimizga qishloq oqsoqolimizning shaxsan o’zlari tan berayotgan bir paytda, sizning bu ayblovingizni asossiz deb topaman. Tebsa tebranmas deganingiz nimasi? Bizni biror marta tepib ko’rganmidingizki, bu gapni ishonch bilan yozgansiz. Tebsa tebranmas emasmiz, biz ham tebranamiz, faqat bu tepki kuchiga va tepkining egasiga bog’liq. Mana bir bir yarim yil oldin juda ham ajoyib “tepki” yegan edik, hammamiz “tebranib” ketdik. Bizning “tebranganimizni” butun qishloq ahli etirof etayotganda, sizning tebsa-tebranmas deb, tirnoq ostidan kir qidirganingiz ortiqcha emasmikan?! Bu ig’volaringizga ham tupurib turaylik. Nega bizni o’g’ri degansiz? Biz nima o’g’irladik? Talabalar, o’quvchilar, tashkilot hodimlari va hattoki pensionerlarning cho’ntaklariga o’g’rincha tushasizlar, ular sizlardan (majburiy obunalaringizdan) jabr ko’radi deganingiz nimasi? Biz hechkimdan hechnima o’g’irlaganimiz yo’q. Ular obunachilarimiz. Biz siz aytganingizdek ularni majburlab obuna qildirmaymiz ham. Yuqorida aytib o’tganimdek tashkilot rahbarlari o’z hodimlarini bizga obunachi qilib qo’yadi. Agar tashkilot rahbarlari hodimlarini majburlab obunchi qildirayotgan bo’lsa, o’sha rahbar ustidan shikoyat qiling bizga emas. TAMOM!

Hurmatli o’quvchi siz yashaydigan hududda (qishloq, shahar, tuman va yo viloyatda) ham aynan “Yakka tut” ro’znomasiga o’xshash gazeta bormi? Hayolingizga bir zumda o’zingiz yashayotgan tumaningizning nomi bilan bog’liq bo’lgan gazeta keldi-a?! Ko’p muammolar asta-sekinlik bilan hal etilmoqda. Bu yil bo’lmasa kelasi yil ISLOHOTLAR VA O’ZGARISH deb atalgan ulkan pichoqning tig’i MAJBURIY OBUNA deb atalgan tadbirga ham tegib qolar. 

3.52 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.52 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.17 / 6
  • Муштарийлар баҳоси
    4.36 / 7

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Nuriddin Ziyo Turaqulov 28/04/2018
4 28/04/2018
5 Ismoil Muhiddinovich 28/04/2018
5 Akmal Shukurov 29/04/2018
4.5 Nurbek Asqarov 29/04/2018
4 Jasur 30/04/2018
3.5 Shohruh Azimov 05/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
4 та фикр