Yozuv bu inson fikr-mulohazalarining tartibga solingan shaklidir. Kitoblar, jurnallar, gazetalar asosini minglab qator yozuvlar tashkil etadi. Olim va allomalar ham o'z bilim va tajribalarini kelajak avlodga yetkazishda yozuvni eng samarali usul deb bilganlar.
Hozirgi kunda kompyuter, internet, shuningdek ijtimoiy tarmoq va messenjerlar ko'pchilik hayotiga kirib keldi. Endi biror ma'lumotni yetkazish uchun qog'oz qoralab, xat yozib jo'natishga hojat qolmadi, internet orqali ma'lumotlar almashinuvi soniyalar ichida sodir bo'lmoqda.
Zamonaviy muloqot usullarining qulayliklari anchagina, ammo shu bilan birga o'ziga xos kamchiliklari borligini ham e'tiborga olish zarur. Negadir yozishmalar vaqt o'tgani sayin, imloviy va grammatik xatolarga to'lib bormoqda, antiqa qisqartmalar-ku ko'pchilikning jon-u dili. Gapni kamina umuman xushlamaydigan "Ok" dan boshlamoqchiman. Bu nima ingliz tilini yaxshi bilishni namoyish qilishmi yoki vaqtni tejashning yangi usulimi? Nazarimda "Ok" so'zi muloqotning o'ziga xos nuqtasidek tuyuladi. Masalan: "Ertaga ko'rishamizmi? - Ok". Hayron qoladigan tasodifga e'tibor beraylik: agar klaviaturada tilni o'zbek tilining kirill alifbosiga sozlab, bilmasdan ingliz harflarida "Ok" deb yozsak, ekranda "Ўл" degan so'zni ko'rishimiz mumkin. Nogoh messengerda tezlik bilan Enter tugmasini bosvorsak, qabul qiluvchini hayron qoldirishimiz aniq.
Endi antiqa harflar haqida: 4 - ch harfi, 6 - o' harfi, w - sh harfi emish. Qoyilmaqom ixtiroga o'xshaydi, balkim buning sababi bundan 5-10 yillar oldin urfda bo'lgan tugmalik mobil telefonlardir. So'z borayotgan "zamovaiy til"da, kundalik hayotimizda tez-tez qo'llaniladigan "wuning u4un" so'z birikmasini yozsak, yoshi kattaroq kishini ancha o'yga toldirishimiz aniq.
Bundanam qizig'i yangi qisqartmalar bo'lsa kerak, quyidagilar kabi: un (uchun), kk (kerak), bn (bilan) va hakazo. Katta matn orasida bunday qisqartmalar o'quvchinining fikrlar davomiyligini buzib yuborishi hech gap emas. Bunday xatolar faqat yoshlar orasidami deb xotirjam bo'lishni iloji yoq, afsuski kattalar ham "yangi moda"ga ergashib ketishmoqdi.
Ko'chada banner reklamasida yoki bino peshtaxtasida imloviy xatoni ko'rib qolsak, rasmga tushirib, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda yoyib, qizg'in muhokamalar olib boramiz. Lekin o'zimizning yozishmalarga bir qayrilib qarasak, bunday xatolar yuz chandon ko'pligiga guvoh bo'lishimiz mumkin. Agar bunday "zamonaviy til"dan foydalanuvchilar o'zlarini "biz faqat yozishma tezligi oshirish uchun bunday qisqartmalarni qo'llaymiz" deb oqlamoqchi bo'lsalar, bir qashi fikr: klaviaturada tez yozishni o'rgatuvchi professionallar o'quvchilariga avval bexato yozishni, faqat keyingina tezlikni oshirishga e'tibor berishni maslahat beradilar.
Haligacha internet tarmog'ida o'zbek tilidagi ma'lumotlar nisbatan kamligicha qolmoqda. Ingliz yoki rus tilida biror savol qidirsangiz yuzlab forum va saytlardan javob topa olasiz. Buning sababini yuqorida so'z yuritilgan "zamonaviy til"da deb bilaman. Negaki zamonaviy Google, Yandeks va boshqa qidiruv tizimlari global tarmoqqa qo'shilgan har bir ma'lumotni analiz qilib oladi va qidiruv natijalarida ko'rsatadi, lekin agar ma'lumot qisqartirish va shevada yozilgan bo'lsa, bunday ma'lumotlar sifatsiz deb topiladi va ko'rsatilmaydi.
Shunday qilib "Avval o'yla - keyin so'yla" deganlaridek, har bir onlayn muloqotimizda imloviy va grammatik xatolarsiz yozishga urunsak, hamma uchun yaxshi bo'ladi. Har bir o'ylangan yaxshi fikr to'g'ri va xatosiz yozilsa har taraflama yutuqqa erishish mumkin.
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
2 та фикр