Qog'ozbozlik

Inobat Ahatova
Саралаш

Ta’lim tizimida uni kamaytirish yo‘li bormi?

Bugun yoshlarimiz orasida o‘qituvchilikka qiziqish susayib borayotgandek. Ilm-fan rivoji, taraqqiyot davrida yangi kasblar paydo bo‘lmoqda, barchadan yangicha yondashuv, zamon bilan hamnafas ishlash, fidoyilik talab etilmoqda. Shunday sharoitda o‘qituvchi va murabbiylar qadri anchayin pasayib borayotgani ham ko‘z yumib bo‘lmas haqiqat. Bu muammoning sababi nima, uni qanday hal etish mumkin?

O‘zA muxbiri Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi 8-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Mohichehra ISLOMOVAning bu haqdagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

– Fizika fanidan dars beraman. Ommaviy axborot vositalarida o‘qituvchilar faoliyatida qog‘ozbozlik haddan ortiq kuchayib ketgani haqida maqolalar e’lon qilinmoqda. “Ma’rifat” gazetasining 2018 yil 17 yanvar sonida “Muallim qadr topsa, ta’lim-tarbiya yuksaladi” sarlavhali maqola chop etildi. Unda ta’lim tizimidagi ko‘plab muammolar ko‘tarilgan. Maqolada o‘qituvchilarning haddan ortiq ko‘p hujjat tayyorlash bilan andarmon bo‘lib qolayotgani haqidagi mulohaza, ayniqsa, o‘rinli. "O‘qituvchi hujjatlari" ro‘yxatida 23 hujjat nomi (ba’zilari kiritilmay qolibdi, aslida undan ham ko‘p) keltirilgan.

Hozir o‘qituvchilar uchun ta’lim-tarbiya berish bilan bir qatorda, hujjatlarni to‘ldirish, ya’ni qog‘ozbozlik muhim bo‘lib qolmoqda. Ba’zida darsni boshqa o‘qituvchiga tashlab, o‘zimiz tuman xalq ta’limi bo‘limiga hujjat topshirish uchun borishga majbur bo‘lamiz. Nomi har xil, mazmuni bir xil hujjatlarni so‘rashadi. Masalan, bo‘sh o‘zlashtiruvchi va bo‘shliqlar bilan ishlash, degan hujjat bor. Bo‘shliqlar – bilimi yuqori, ammo nazorat, monitoringdan past baho olib qolgan o‘quvchilar, bo‘sh o‘zlashtiruvchilar esa doimiy past bahoga o‘qiydiganlar. Biz har bir o‘quvchi qaysi mavzudan qanday baho olgani, berilgan uy vazifasi, mavzu yuzasidan yozilgan konspekt haqida yozma axborot berib boramiz, o‘rnatilgan tartibda shablon qog‘ozlarni to‘ldiramiz. Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash, fan olimpiadalari qatnashchilari, “Bilimlar bellashuvi” to‘garaklar ishtirokchilari bilan ishlash hujjatlari ham talaygina.

O‘qituvchiga dars jarayonidan tashqari boshqa vazifalar ham yuklatilgani sir emas. Masalan, uyma-uy yurib ro‘yxat tuzamiz. Ularda qaysi oilada yangi chaqaloq tug‘ildi, nechta farzandi bor, ularning yoshi, salomatligi qanday, maktabgacha ta’lim muassasasiga boradimi kabi savollarga javob topamiz. Ayniqsa, saylov kampaniyasida bir uyga qayta-qayta borishga to‘g‘ri keladi. Saylovchilar ro‘yxatini biz shakllantirishimiz kerak ekan-da?! Shanbaliklar, mas’ul lavozimdagi rahbarlarning tashrifi vaqtida ham o‘qituvchiga tinim yo‘q, "supur-sidir", "ko‘cha tozala"...

O‘qituvchilarning malaka oshirish imtihonlari borasida ham bir talay muammolar bor. Test shaklida o‘tkaziladigan attestatsiyada barcha fanlar uchun 90 daqiqa vaqt beriladi. Har bir savolga taxminan 3 daqiqa. Bu kimyo, fizika, matematika muallimlari kerakli formulani chiqarib, misolga tatbiq qilishi uchun yetmaydi. Shoshasiz, ulgurmaysiz. Savollardagi mujmalliklarning tubi ko‘rinmaydi. Oliy ta’lim tizimi darsliklaridan savollar tuzishadi.

Hoynahoy xayolingizdan “O‘qituvchi hamma narsani bilishi kerak emasmi?” degan savol o‘tgandir. To‘g‘ri, biz maktab o‘qituvchilari faqat maktab darsliklaridan emas, oliy ta’lim darajasidagi kitoblardan ham xabardor bo‘lishimiz, fandagi yangilik, o‘zgarishlarni kuzatib borishimiz lozim. Buning uchun esa o‘qituvchini qog‘ozlar daryosiga uloqtirmasdan, tajribasi ustida ishlashi uchun imkon, vaqt berish kerak. Test natijalari bilan birga besh yillik ishlar, erishilgan yutuqlar, tahlillar uchun ham ball beriladi. Testda ulgurmay qolsangiz, shuncha hujjatning hech qanday nafi qolmaydi. O‘quvchilarimning olimpiada, “Bilimlar bellashuvi”dagi yutug‘i, uning ortida turgan o‘qituvchi mehnati - barcha-barchasi unutiladi. Majlislarda falon foiz o‘qituvchi attestatsiyadan o‘ta olmadi, deb jar solishadi. Buning asosiy sababiga kelganda esa, hamma ayb yana o‘qituvchiga yoziladi.

Har bir sohaning rivojida sog‘lom raqobat muhitini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun ilg‘or, harakatchan xodimlarni o‘z vaqtida taqdirlash lozim. Bitta o‘qituvchiga direktor jamg‘armasi hisobidan yilda bir marta mukofot puli ajratish mumkin. Mabodo adashib-netib bundan ortiq taqdirlanib qolsangiz, mukofot summasini qaytarib to‘lab berasiz. O‘quvchisi tuman, viloyat, respublika fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi” kabi musobaqada o‘rin olgan, yil bo‘yi tinmay o‘quvchi bilan shug‘ullangan o‘qituvchi ham, qandaydir arzimasgina bir natija ko‘rsatgan o‘qituvchi ham bir xil mukofotlanishi to‘g‘rimi? Bunday sharoitda raqobat bo‘ladimi?

Maktablarga tekshiruv uchun keladigan komissiyalar saviyasi haqida ham to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Aksariyati dars berishni eplolmasa ham (bir necha bor bunga amin bo‘lganman), kamchilik topish bo‘yicha tengi yo‘q. Asosiy qurol qilib qo‘rqitishni tanlashgan: "chora ko‘r", "ustamasini qirq", "oyligidan ushlab qol". To‘g‘ri, tanqidiy yondashuv kerak, ammo shuncha vaqt ishlab, biror marta kelgan komissiyaning maktab direktoridan “Maktabingizning qanday yutuqlari bor, namunali o‘qituvchilaringizning tajribasini o‘rganib, ommalashtiraylik” degan gapini eshitmaganman. Maktab ishini tekshiruvchi "kattalar", komissiyaning esa turi ko‘p. Monitoringchi, uslubchi, buxgalter... ishqilib to‘ralarning oxiri yo‘q. Hozir ba’zi o‘qituvchilar tekshiruvchilarning kelishini eshitsa, kamroq gap eshitaman, deb vaqtinchalik ta’til olishadi. Bu kulgili, lekin aslida esa juda achinarli hol.

Mening taklifim – pedagoglar faoliyatini tahlil qiladigan, nazoratda ushlab turadigan “O‘qituvchilar uyushmasi” tuzilsa. Uning tarkibiga ta’lim tizimi va mutaxassislik fanini yaxshi biladigan pedagoglar jalb etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Yana bir qo‘shimcha tuzilma kerakmikin, deguvchilarga javobim: ta’lim tizimidagi ortiqcha qog‘ozbozlikni yo‘qotish, sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish, mavjud muammolarni hal etish uchun bevosita dars berishdan uzilmagan haqiqiy fidoyi pedagoglarga nazoratni topshirish kerak. Attestatsiya, fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi”, innovatsion olimpiadalar materiallarini tayyorlash, o‘tkazish, baholash ular zimmasiga yuklansa, adolat o‘rnatilib, bu boradagi kamchiliklar ham o‘z yechimini topardi. O‘qituvchiga toifa u dars berayotgan o‘quvchilarning bilim ko‘rsatkichiga qarab belgilansa, yana ham yaxshi. Ana shunda bizning xayolimiz bir talay hujjatlarni to‘ldirish va topshirishda emas, o‘quvchining bilimini oshirish bilan band bo‘ladi.

Xullas, o‘qituvchilarning aytmasa bo‘lmaydigan muammolari ko‘p. Qani endi ularni eshitib hal etishga harakat qiladiganlar ham ko‘paysa.

Mazkur muammolarni hal etishda bizga avvalo jamoatchilik e’tibori suv va havodek zarur. Zero, mashhur olim Jem Lovell aytganidek, ijtimoiy fikr bosimi atmosfera bosimiga o‘xshaydi. Ko‘zga ko‘rinmaydi, biroq kuchli ta’sirga ega.

Qog‘ozbozlik muammosi faqat ta’lim tizimiga taalluqli emas. Hali oldinda bu darddan aziyat chekayotgan, qabuliga kelgan bemorni tekshirish vaqtida ham uzundan-uzoq qog‘ozlarni to‘ldirishdan qo‘li bo‘shamayotgan tibbiyot mutaxassislari yoki yerga ekilgan 3-4 gulni ham rasmga olib, hisobotga kiritishi talab etilayotgan mahalla xodimlari ham bor.

3.54 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.54 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.15 / 1
  • Муштарийлар баҳоси
    4.37 / 13

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
5 та фикр