Orzularni qo'ya tur, soqqali kasbdan gapir, do'stim!

Sherzod Davlatov
Саралаш

Orzularni qo'y, soqqali kasbdan gapir, do'stim!.

— Qaysi o'qishga topshirmoqchisan?

— Botir kirgan o'qishga topshirmoqchiman.

— Iye, qiziqishlaring nima bo'ladi? Orzu qilgan yo'nalishingga topshirmaysanmi?

— U yo'nalishda qishlog'imizda ish yo'q ekan. Bo'lgan taqdirda ham kam oylik berar ekan.

— Botir o'qiyotgan yo'nalishda oyligi ko'p ekanmi?

— Ha. Yo'nalishi bo'yicha ishlasa katta oylik berar ekan. Ham mukofot pullari ham olar ekan. Davlat (!) tagiga mashina berib qo'yar ekan... Maza-ku!

— To'g'ri, do'stim. Lekin, Botirni u yo'nalishda ancha qiziqishi, uquvi bor. Seni qiziqishlaring boshqa ediku?! Qiziqishlaring, orzularing nima bo'ladi?

— Eh, do'stim! Hali ham soddasan-da! Qiziqishlaring, orzularing izidan chopsang nonsiz qolasan bu zamonda, do'stiiim!

— ...

***

E'tibor qilganmisiz, bizda kasb va unga eltuvchi OTMlar qiziqish, este'dod bilan emas moliyaviy ahamiyati bilan tanlanadi. To'g'ri-da, kimni ham kam maoshli kasbda jon kuydirib ishlagisi kelardi?!

Bir qarashda bunda muammo yo'qdek. Ishini bajarib, qog'ozlarni joyiga qo'ysa bo'ldi-da.

Keling, masalaga chuqurroq yondashamiz.

"Korrupsiyaga qarshi kurashamiz", "Adolat ustuvorligiga erishamiz" bu kabi hayqiriqlar qulog'imiz ostida kerak bo'lsa har soatda yangramoqda. Nima deb o'ylaysiz, "professional korrupsiyachilar", rejalarning o'z vaqtida bajarilmasligi (paxta ishi bundan mustasno, uni boplaymiz!), ko'z bo'yamachiliklar, sohta qog'ozbozliklar, bir tinga qimmat keldi-ketdi "dasturxonlar" va shu kabi rahbarlar ko'ziga yaxshi ko'rinish maqsadida qilinayotgan "shamg'alatmalar" (!) bunchalik urchib ketgan? Ayta olasizmi? Bilmaysizmi? Unda men aytaman. Bolalikdan orzu qilingan, shu ruhda shakllanib kelayotgan iste'dodlar o'z maqsadi emas oila bujjeti faravonligini o'ylab "soqqali" ish bilan ta'minlaydigan OTMlarni ko'zlayotgan, tanlagan sohasi bo'yicha ninaning uchidek bo'lsa ham iste'dodi bo'lmagan yosh kadrlardan "professional korrupsiyachilar" o'rniga Navoiylar-u, Boburlarni; maoshiga toqat qilib, sabr bilan ishlab turgan, ko'z nurini sarflab harf o'rgatayotgan, maoshidan orttirib ko'zi uchun bir malham olishga yetmayotgan maoshiga ham toqat qilib turgan fidoiylarni o'lganni ustiga tepgan qilib ko'cha supurtirib, kasbidan ko'ngli sovub borayotgan insonlardan "professional daraxt oqlovchi"lar o'rniga Zulfiyaxonim-u, Saida Zunnunivalarni kutish kechirasiz-u, saksovul daraxtini ekib olma tugushini kutishdek gap.

Orzular qilib, iste'dodi bo'yicha kasbini tanlab, maroq bilan ishlayotganlar yo'q emas. Bor. Ularning ham deyarli teng yarmi chet elda.

Kasblarni davlatga ahamiyatliligi qarab moliyalashtirish nechog'lik to'g'ri? Yo'q, o'zi kasblarni ahamiyatli ahamiyatsizlikka bo'lishni o'zi to'g'rimikan? Keling, ko'zimizga ahamiyatsizdek ko'rinadigan kasb - obodonlashtirishni olaylik. Ikkilanib "o'zi bu kasbmi?", degan savol ham tug'ilgandir sizda?! A, endi "ko'kdagi kasb" - elchilikni olaylik. Hozirgi vaqtda muhtaram yurtboshimiz tomonidan tanqidlarga uchrayotgan bu kasb egalarining hozirgi paytda eng ustuvor vazifasi etib yurtimizga sayyohlarni jalb qilish topshirilgan. Hop, bu elchilarimiz ter to'kib sayyohlarni olib keldi ham, deylik. Sayyohlar yurtimizni diqqatga sazovor joylarini ko'rib, hayratga tushib, keyingi safar sheriklari bilan kelishiga umid qilamiz. Endi, biz eng quyiga tushurib qo'ygan - obodonlashtirish hodimlariga kelsak. Ular o'zi chumchuqning inidek maoshni olishi bilan birga ming ta'na dashnomlarni ham eshitadi. Shu kasb egalari(sizni bilmadim-u, men bu mashaqqatli ishni kasb deb atayman!) saharlab ko'cha supurmasa, qish kunida muzdek suvda chang artmasa, orqa-oldimizga qaramay tashlagan pista po'chog'imizni termasa shaharlarimiz ahvolini tasavvur qiling-a! Sayyohlar tugul shahringizda o'zingizni yurgingiz kelmaydi. Elchilarning "ming sudrab" olib kelgan sayyohi bunaqa shaharga qaytib kelishni hayoliga ham keltirmaydi. Mana, biz ahamiyatsiz deb hisoblab, maoshlarini "kresloli kasb"lardan bir necha barobar pasaytirib tashlagan kasblarning ahamiyati. Mana nega biz qilayotgan harakatlar qumga suv sepgandek singib ketayapti.

Bu gaplarim bilan ko'cha supurayotganlarni olib kelib konditsiyoner tagiga o'tqizib qo'yish kerak, demoqchimasman. Kasblarni iloji boricha teng ko'rib, maoshlarni adolat bilan belgilash kerak. Kasblarga bo'lgan hurmatni oshirish kerak. Ana shunda, har kim hech ikkilanmay o'z iste'dodi bo'yicha kasbga yo'naladi. Har qanaqa kasbda o'z ishining ustasi ishlaydi. Ana shunda, rahbar kelgandagina ta'mirlanadigan ko'chalar kamayadi. "Bardyor" oqlashga oq kofta kiygan o'qituvchi ayol emas, maxsus kiyimda obodonlashtirish hodimi chiqadi. Ana shunda, onasining changalida erta o'lim topib, sellofanlarda musorga tashlanadigan norasidalar o'rniga Navoiy-u, Boburlar yetishib chiqadi.

Bilmadim, bular balki mushkuldir, lekin shunday qilish kerak. Erta yo indin emas, bugun. Aks holda adibimiz aytganidek - " Mehnatga yarasha maosh to'lanmas ekan, maoshga yarasha mehnat davom etaveradi.".

3.27 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.27 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    0.00 / 0
  • Муштарийлар баҳоси
    4.36 / 2

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

2 Ibragim Kadirov 21/04/2018
5 Aziza Odilbekovna 23/04/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
3 та фикр