O’ZBEK BANK TIZIMI ISLOHOTGA MUHTOJMI?

Shahzod Rahmon
Саралаш

Pul har qanday iqtisodiyotning qoni. Pul qanchalik ko’p muomalada bo’lsa, harakatlanib tursa, iqtisodiyot shuncha rivojlanadi. Pul aylanmasi esa asosan banklar orqali amalga oshiriladi. O’zbekiston bank tizimidagi ahvol qanday va xalq bank faoliyatidan mamnunmi? Ushbu savollarga atroflicha javob topishga harakat qilamiz.

I. Banklar

Hozirgi kunda O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan banklar soni O’zR Markaziy banki ma’lumotiga ko’ra (cbu.uz, 12.02.2018 holatida) 28 tani tashkil etadi hamda ulardan 3 tasi davlat banklari, 12 tasi aksiyadorlik tijorat banklari, 8 tasi xususiy banklar, 5 tasi esa xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi banklar hisoblanadi. O’zbekiston Banklar Assosatsiyasining rasmiy saytida (uba.uz) Ahbor Reyting tomonidan tuzilgan reytingda faqatgina 22 ta bank reyting ma’lumotlari keltirilgan hamda ular uzB reytingidan uzA+ reyting natijasigacha baholangan. Bunda 2 ta uzB, 1 ta uzB+, 1 ta uzB++, 8 ta uzA, 10 ta uzA+ baholar qayd etilgan. Ro’yhatga kiritilmagan banklar (Milliy bank, O’zAgroEksport bank, Madad Invest bank, Davr bank, Hamkorbank, Saderat bank) faoliyati haqida hech qanday ma’lumotlar keltirilmagan. Banklarga nisbatan ishonchni oshirish uchun barcha banklar uchun reyting natijalarini hamda qaysi nisbatlarga ko’ra reyting tuzilishi haqida ma’lumot (bunday ma’lumotni assosatsiya saytidan topa olmadim) berib borilsa, maqsadga muvofiq bo’lmasmidi?

II. Banklarning veb saytlari.

Faoliyat yuritayotgan 28 ta bankning har biri o’z rasmiy veb saytiga ega. Saderatbankdan boshqa barcha banklar veb saytlari tas-ix tizimida joylashgan va tas-ix trafik taqdim etuvchi provayderlardan saytlarga kirishda trafik sarflanmaydi. Saytlarda asosan 3 tilda ma’lumotlar berib boriladi, ammo aholining asosiy qismi o’zbek tilida so’zlashuvchi davlatda faoliyatini olib borayotgan ko’p banklar saytlarida o’zbek tilidagi kontentga e’tibor ikkinchi o’rinda qolib ketmoqda. Axborot asri deb atayotganimiz XXI asrda har kim bank haqidagi ma’lumotlarni bemalol internet orqali olish imkoniyatini yaratish mijozlar va investorlar uchun qulaylik yaratadi. Saytlarda berilgan ma’lumotlarni o’rganish davomida ma’lum bo’ldi-ki, 80% saytlarda “Bank Nizomi” joylashtirilgan, nizomda bank kapitali, aksiyalar soni va aksiyadorlar haqida ma’lumot berilgan. Saytlardagi aksiyadorlarga degan bo’limda esa qiziq bir holatga duch keldik. Ba’zi saytlarni hisobga olmaganda 90% saytlarda yaqin yillarda aksiyaga to’langan divedent haqida ma’lumotlar mavjud emas. Ochiq va aniq ma’lumotlarni saytga joylashtirish, bo’lajak investorlar uchun sarmoya kiritishga turtki bo’lishi hamda bank kapitalini oshishiga olib kelishi mumkin edi deb hisoblayman. Ishonasizmi, yo’qmi, saytlarda “Ochiq ma’lumotlar” bo’limi bor, ammo bu yerdagi ahvol ham qoniqarli darajada emas. Hukumatning “Ochiq ma’lumotlar” portalidagi (data.gov.uz) holat esa, banklar oshkoralikdan qo’rqadi degan taassurot uyg’otadi. Bu borada O’zR Markaziy banki ham qolgan banklarga ibrat bo’la olmaydi. Demak, “Baliq boshidan” degani ayni haqiqat deb qo’ya qolamiz.

III. Omonotlar

Banklar tomonidan taqdim etilayotgan omonat turlari o’rganilganda, omonotlardan o’rtacha daromad miqdori yillik 10-17%ni tashkil etmoqda. Ravnaq bank va Invest Finance Bank (Infinbank)da esa 20%gacha taklif etishmoqda. Kelajak avlodni o’ylab qilinayotgan ishlarni ham unutishmagan, yosh avlod uchun 14-16 yoshga kirguncha maxsus omonat turlari yillik 12-14%lik daromad bilan taklif etilmoqa. Ammo ipoteka kreditlari uchun kiritilgan badal pullariga hisoblanadigan daromadlarni (ba’zi banklarni hisobga olmasa, asosiy qismi yillik 5% daromad taklif etmoqda) ko’rib, jimgina yoqangizni tishlab qo’ya qoling. Omonatlarning asosiy qismi qisqa muddatli ya’ni 1 oydan 12 oygacha bo’lgan muddatli omonatlar hisoblanadi. Banklar tomonidan ayrim omonat turlari uchun mablag’ qabul qilishda naqd va plastik shaklida cheklovlar mavjud. Uzoq muddatli omonatlar (jamg’arma) uchun esa yillik daromad stavkasi odatda 0.01%ni tashkil etmoqda. Bunday antiqa takliflar tufayli xalq o’z mablag’ini banklarga omonatga qo’yadi deb o’ylay olasizmi?

IV. Kreditlar

Banklar tomonidan asosan 4 turdagi kredit xizmatlari ko’rsatilmoqda. Jismoniy shaxslar uchun 1. Iste’mol krediti 2. Ipoteka krediti 3. Avtokredit 4 Ta’lim krediti. Iste’mol kreditlari uchun yillik ustamalar 20-24%ni, beriladigan kredit summasi eng kam ish haqining (EKIH) 100 barobarigacha bo’lgan miqdorni tashkil etmoqda. Ta’limni rag’batlantirish uchun ta’lim kreditlari taklif etayotgan banklar, kredit muddatini bakalavr uchun 5-10 yil, magistr uchun esa 3-5 yil chegarasida, kredit ustamasini O’zR MB qayta moliyalash stavkasi miqdorida (hozirgi vaqtda 14%) belgilashgan. Ipoteka kreditlari 10 yildan 15-yilgacha bo’lgan muddatda berilmoqda. Kredit sohasida o’zbek banklari uchun yangilik bo’lgan avtokreditlar ham banklar tomonidan yo’lga qo’yilgan. Ayrim banklar sotib olinayotgan avtomobilning o’zini garov sifatida olsa, ayrim banklar esa qo’shimcha garov manbalarini ham so’rashmoqda. Avtokreditlar uchun boshlang’ich badal miqdori o’rtacha 25-40%ni, yillik ustama esa 20%dan 28%gacha tashkil etmoqda. Hukumat tomonidan aholining kam ta’minlangan qatlamining iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan, xalq tilida “imtiyozli kredit” deb atalayotgan, miqdori EKIHning 100 barobarigacha hamda yillik ustamasi 7%ni tashkil etadigan kredit borasida olib borilgan surishtiruvlar shuni ko’rsatdiki, Mikrokreditbank xodimining aytishicha “Bu kredit hozirgi vaqtda test rejimida amalga oshirilmoqda va har bir mahalladan 2 kishi olishi mumkin. Kafil bo’lganda kredit miqdori EKIHning 50 barobarigacha, garov ta’minoti taqdim etilsa, 9200000 so’mgacha berilmoqda. Ayni damda EKIHning 100 barobarigacha bo’lgan yillik 7% ustamali kredit taqdim etilmayabdi”. Bank xodimi nima sababdan EKIHning 100 barobarigacha bo’lgan miqdordagi kredit berilmayotganligi sababini ochiqlamadi.

V. Xizmat ko’rsatish

Banklarning xizmat ko’rsatish tartibiga alohida e’tibor berib o’tsak. O’zR Mbning yaqinda qabul qilingan qaroriga asosan, hozirgi kunda banklarga kirishda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni talab etish hollariga chek qo’yildi. Bir necha marotaba banklarda plastik kartalar orqali to’lov qilganimda pasportim nusxasini hamda plastik egasi kimligini ham so’rashmadi. Bu o’z navbatida bank mijozlari uchun qulaylik hisoblanadi. Xorijiy valyutalarni almashtirish shahobchasi ish kunlarining va ish vaqtining ko’paytirilishi ham bank muassasalari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda. Banklar tomonidan o’z mobil ilovasining ishlab chiqarilishi va turli to’lovlarni amalga oshirish imkoniyatining berilishi banklarning yutuqlari deb bemalol aytishimiz mumkin. To’lov borasida plastik va naqd shakl uchun ba’zi holatlarni e’tiborga olmaganda, tavofutlar, cheklovlar kuzatilmayabdi. Ammo ayrim banklarda to’lov topshiroqnomalarini bajarish hamda to’lovchiga to’lov qaydnomasi berishda hali hanuz kamchiliklar uchrab turibdi. Shaxsan guvohi bo’lganim, Mikrokreditbank, Agrobanklarning ayrim hududiy filiallari tomonidan to’lov qaydnomalari 1 ish kunidan keyin berilmoqda. Natijada mijoz yana qimmatli vaqtini yo’qotib, to’lov qaydnomasini olish uchun borishga majbur bo’lmoqda. Ushbu holat, Xalq banki, Ipak Yo’li banklarida yaxshi yo’lga qo’yilgan, to’lov amalga oshirilgan zahoti, to’lov qaydnomasi mijozga taqdim etiladi. Yana bir og’riqli tomoni, mijoz to’lov topshiroqnomasi uchun maxsus blankani ko’p hollarda qo’shimcha mablag’ evaziga sotib olmoqda, xolbuki, bank o’z mijozlarini tekinga to’lov topshiroqnomalari bilan ta’minlasa, mijoz uchun qo’shimcha qulaylik yaratgan bo’lmaydimi? Xorijiy davlatlardan xalqaro pul o’tkazish xizmatlari orqali yurtimizga jo’natilgan mablag’larni olishda bank xodimlari tomonidan “ustama haqlar” o’rnatilish holatlari ham bank xizmatlaridan foydalanishga teskari ta’sir ko’rsatmoqda. Ushbu masalalarni yurtimizdagi bank mutasaddilari o’rganib chiqadilar degan umiddamiz!

VI. Takliflar

Kredit kartalar faoliyatini yo’lga qo’yish va takomillashtirish.

To’g’ri, ayni damda ko’pgina banklar tomonidan overdraft kreditlari taqdim etilmoqda. Biroq overdraft krediti xizmatini yoqtirish uchun tashkilot yoki xodim bankga murojaat etishiga to’g’ri kelmoqda. Banklar xorijiy davlatlar tajribasini o’rgangan holda, overdraft kreditini onlayn va bir zumda tizimiga o’tkazishsa nur ustiga a’lo nur bo’lar edi. Bu o’z navbatida banklarga qo’shimcha daromad, mijozga qulaylik va bankka nisbatan ishonch hosil bo’lishiga sabab bo’lardi.

Qisqa muddatli mikroqarzlarni yo’lga qo’yish.

Hech qanday hujjat, kafil, garov talab etmasdan, EKIHning 10 barobarigacha bo’lgan miqdorda mikroqarzlarni bir necha soniya ichida berish onlayn tizimi yaratilsa, mijozlar uchun qulaylik bo’lardi. Eng uzoq muddat 30, 60, 90 kun, kunlik ustama miqdorini esa 0.1%gacha belgilansa, six ham kabob ham kuymasa kerak. Har bir muvaffaqiyatli qarzni qaytarishdan so’ng ma’lum bir darajada imtiyozlar berilsa, bu mikroqarzlarga qiziqishni oshirardi. Natijada bank daromadi oshadi, mijozga esa qulaylik yaratiladi. Kredit qaytarilmaslik xavfini ro’kach qiluvchilar ham bu holatga qarshi bo’lmaydi deb hisoblayman, chunki har bir mijoz qaytara olsa kerak bu mablag’ni. Bu tizim ham test sifatida Aloqabank va Beeline aloqa operatori hamkorligida yo’lga qo’yildi. Mutasaddilar shunchalik astoydil ishlashgan-ki, 30 kungacha olishingiz mumkin bo’lgan mikroqarz kunlik ustamasi 1.5%(!)ni, 30 kunga hisoblasak 45%(!) tashkil etadi. Shovvozlar innovatsion g’oyani amalga oshirgan! Faqat o’zlarining cho’ntaklari foydasi uchun!

Bank aksiyalarining onlayn ommaviy sotuvini yo’lga qo’yish.

Bank uchun o’z kapitalini oshirish, xalq uchun esa ishonchli qo’shimcha daromad manbaiga ega bo’lish imkoniyati hisoblanardi. Ayni damdagi birjalar orqali aksiyalarni sotib olish shu qadar “sodda” tartibda yo’lga qo’yilgan-ki, tinchgina, aksiyalarni sotib olmaslikni afzal bilib qolasiz.

Aholi mablag’larini sarmoyaga yo’naltirish tizimini ishlab chiqish.

Aholi mablag’larini omonat tarzida emas, balki to’g’ridan-to’g’ri turli loyihalarga sarmoyaga yo’naltirish tizimini ishlab chiqish, aholi daromad darajasining oshishiga va yillar davomida foyda keltiradigan doimiy daromad manbasiga ega bo’lishiga olib keladi. Bunda banklar daromaddan vositachilik haqini olishlari mumkin.

VII. Xulosa

Facebook ijtimoiy tarmog’i Maslahat.Uz guruhidagi qisqagina so’rovnoma joylashtirgandim ammo kutilgan natijaga erisha olmadim. Kam sonli javoblar orasida ma’lum bank xizmatini ma’qullaganlar ham, “bankka qo’yishga ortiqcha mablag’i yo’qligini” ta’kidlaganlar ham, “bank mijoziligi va mablag’ini sarmoya qilish-qilmasligi shaxsiy sir ekanligini” iddao qilganlar ham topildi. Oz bo’lsada, banklar faoliyatini o’rganishga hamda ma’lumot berishga harakat qildim. Fikrlar shaxsiylik xarakteriga ega hamda aynan to’g’ri, haqiqat deb iddao qilish fikridan yiroqman. Barcha banklar “Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun” shioriga amal qilishlariga tilakdoshman!

3.34 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.34 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.14 / 1
  • Муштарийлар баҳоси
    0.00 / 0

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
0 та фикр