O`rganuvchining o`qish jarayoniga munosabatini hal qiluvchi omillardan biri – bu uning motivatsiyasi. Motivatsiyani 2 ga bo`lishimiz mumkin: ichki va tashqi. Ichki motivatsiyasi bor inson biror ishni shunchaki o`sha ish unga yoqqani uchun bajaradi. Tashqi motivatsiya esa shu ishdan biror manfaat bo`lganda yuzaga keladi.
Masalan, matematikadan qaysidir masalani qiziquvchanligi sababli yechishga intilish bu ichki motivatsiya. O`sha masalani yaxshi baho olish yoki o`qituvchidan dakki eshitmaslik uchun yechish – bu tashqi motivatsiya.
Ayrim o`qituvchilarning xatosi shuki, ular ta`lim jarayonida asosan tashqi motivatsiyaga suyanib qolishadi. Turli sovga`lar, stikerlar, maqtovlar ko`rinishidagi mukofotlash va jarima, qattiq tanbeh va hatto jismoniy choralar ko`rinishidagi jazolar asosiga o`qish jarayoni taskil etiladi. Ko`p sonli tadqiqotlar natijasiga ko`ra, tashqi motivatsiya shundoq ham ichki motivatsiyasi bor insonning ana shu ichki motivatsiyasini yo`qotishiga olib kelishi mumkin.
Bir hazilomuz hikoyada aytilishicha, bir cholning uyi yonida yosh bolalar muntazam beysbol o`ynashni odat qilishibdi. Shovqin va to`polondan charchagan chol ajoyib yo`l tutibdi. U bolalarni chaqirib, «uyimning yonida besybol o`ynasanglar, 5 dollardan har biringga beraman» debdi. Shundoq ham har kuni bu yerga kelib, beysbol o`ynab yurgan bolalar cholni tentakka chiqarishsa-da, bunga xursandchilik bilan rozi bo`lishibdi. Bir muddat bolalarga 5 dollardan berib yurgan chol, bir kuni bolalarni chaqirib, endi 5 emas, 1 dollardan berishini aytibdi. Bolalar biroz hafalik bilan buni ham qabul qilishibdi. Yana ozroq vaqtdan so`ng esa, chol bolalarga «endi sizlarga pul bermayman, lekin shu yerga kelib, beysbol o`ynab tursanglar xursand bo`laman» debdi. Bu safar bolalar «agar pul berilmasa, bu sassiq joyda beysbol o`ynamaymiz» deb taklifni rad etishibdi.
Tashqi motivatsiyaga urg`u berilgan darslarda o`quvchi fanga oid ma`lumotni emas, unga berilgan mukofot yoki jazoni eslab qolishi osonroq bo`ladi. Masalan, tarix fani o`qituvchisi dars payti har bir to`g`ri javob uchun bittadan konfet bergan bo`lsa, bir necha kun o`tib o`quvchilar konfet yeganini eslaydi-yu, to`g`ri bergan javoblarini unutib qo`yadi. Yoki xuddi o`sha darsda, noto`g`ri javob uchun, o`quvchilarni turg`izib qo`yib, so`kilsa, bola ma`lumotlarni emas, turib, so`kish eshitganini yaxshiroq eslab qoladi.
Qolaversa, mukofot va jazo tizimi vaqt o`tgan sari o`z ta`sirini yo`qotadi, va o`quvchilarda motivatsiya saqlash uchun mukofot va jazolar darajasini tobora oshirib borishga to`g`ri keladi. Mukofot va jazolar berilmay qo`yganda esa, motivatsiya butkul yo`qolish xavfi bor.
Shu sababdan, asosiy e`tibor jazo va mukofotlarga, baho va imtihonlarga emas, fanning o`ziga qaratilishi lozim. O`qituvchi iloji boricha darsga va topshiriqlarga qiziqish uyg`otishi, o`quvchilar bilan yaqindan muloqot o`rnatib, ularning hayotiy sharoitlari, maqsadlari va ularni ruhlantiruvchi omillarni o`rganishi talab etiladi.
Ichki motivatsiyaning kamchilik tomoni shundaki, uni shakllantirish k`oproq vaqt talab etadi. Bundan tashqari, ichki motivatsiyani uyg`otish har bir o`quvchiga alohida yondashuv talab qiladi va o`quvchilar shaxsiyatini yaxshi bilishni taqozo etadi. Garchi qiyin tuyulsa ham, odatda inson o`rganishga bo`lgan tabiiy ichki motivatsiyaga ega bo`ladi.
Faqat ana shu motivatsiyani dars mazmunini boyitish, o`rganuvchilarning qiziqish va kechinmalarini hisobga olish orqali chaqirilsa, bas. Ichki motivatsiyaga ega insonlar yaxshiroq natijalarni ko`rsatishadi, o`rganishlari osonroq kechadi va ichki motivatsiya uzoqroq muddat yo`qolmay turadi. Va yana bir muhim jihat, ichki motivatsiya insonning ruhiy holati hamda salomatligi yaxshiroq bo`lishiga ham xizmat qiladi. Ichki motivatsiyaning kuchli bo`lishi ko`plab ruhiy muammolar, hayotdan bezish, zo`ravonlik va hatto narkomaniyaning ham oldini olib, o`quv muassasa hududidagi tartib-intizom va ma`naviy muhit yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Tashqi motivatsiyadan butunlay voz kechish ham shart emas. U ham muayyan turtkiga sabab bo`ladi. Ayniqsa, dastlabki davrda, hali ichki motivatsiya shakllanib ulgurmagan paytda u ham qo`l kelishi mumkin. Lekin, bolada ichki motivatsiya shakllangan sari, tashqi motivatsiya omillarini asta-sekin kamaytirib borish maqsadga muvofiq.
Ichki motivatsiyaning asosiy shartlaridan biri bu – ixtiyoriylik. Har ikki tomon, o`quvchi ham, o`qituvchi ham darsga xohlab, o`z ixtiyori bilan kelayotgan bo`lishi juda muhim. Shu bois, o`rganuvchi va o`rgatuvchilarning xohish-istaklarini yaxshi aniqlash, ularga nima kerag-u, nima kerak emasligidan ogoh bo`lish zarurdir. O`quv muassasa rahbariyati o`qituvchilarning kayfiyati, ishga bo`lgan intilishini ijobiy bo`lishi uchun mehnat sharoitlari hamda muassasadagi psixologik muhitni yaxshi holatda saqlashi ham juda muhim. Zero, o`qituvchidagi intilish va qiziqish o`quvchiga ham o`tadi, va aksincha, o`qituvchi ham faqat tashqi motivatsiya asosida ishlayotgan bo`lsa, darsda u o`quvchilardagi ichki motivatsiyani so`ndirib qo`yishi ham hech gap emas.
Motivatsiya masalasi nafaqat ta`lim, balki deyarli hamma sohalarga tegishli. Buni anglagan ish beruvchilar tobora ko`proq ish joyini xursandchilik joyiga aylantirishga, har bir xodim o`z mehnatidan chinakamiga rohatlanishiga e`tibor qaratishmoqda. Oddiy misol sifatida, Google kompaniyasini olishimiz mumkin. U yerda ishchilar uchun o`yin maydonlari, massaj kursilari, alohida shinam xonalar, tekin taom va shirinliklar kabi qulayliklar yaratilgan. Maqsad shuki, xodimlar bu yerda o`zini erkin va yoqimli his qilsin.
Natija qanday bo`layotgani ma`lum – Google dunyodagi eng muvaffaqyatli kompaniyalardan bo`lib kelmoqda. Albatta, bunday darajadagi sharoitlarni hosil qilish katta mablag`ni talab etadi. Hamma ham bunga qodir emas. Lekin, ba`zi bir arzimas ko`ringan holatlarni yaxshilash, hech bo`lmasa behuda uzundan-uzoq majlis yoki hujjatbozliklarni kamaytirish, xodimlarni bir-biri bilan taqqoslayverishni bas qilishning o`zi ham muhitga va ish sifatiga ijobiy ta`sir o`tkazadi.
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
1 та фикр