O‘qituvchiligimni unutib yuborishdan qo‘rqaman

Daliyeva Lobar
Саралаш

Talabalikni tugatganiga hech qancha bo‘lmagan “tajribasizgina”, “peshonaga ikki qo‘yish” darajasiga hali chiqib ulgurmagan o‘qituvchiman. Bugun yozmoqchi bo‘lganlarimni, ehtimol, eshitgandirsiz. Shunday ekan, eshitgan yoki o‘qiganlaringiz chiqib qolsa, jimgina o‘qituvchi kechagi darsni takrorlabdi-da deb o‘tib ketaverasiz.

Foto manbasi: Green Left Weekly

Gapni ozgina uzoqdan boshlasam(xafa bo‘lmaysiz, o‘qituvchilar o‘zi gapni uzoqdan boshlaydi), aniqrog‘i o‘qituvchilikning boshlanish vaqtidan. Ko‘pgina yo‘nalishlarida 4-bosqichda talabalar pedagogik amaliyotni o‘tash uchun maktab, litsey-kollejlarga yuboriladi. Kamina ham o‘sha bosqichdan o‘tganlardan. Ne ajabki, sizning darsni qanday o‘tishingiz, bolalar bilan ishlay olishingiz amaliyot bosqichida hech kimni qiziqtirmaydi. 2 oylik amaliyotga borib, 80 talik fayl-papkani rasm-u qilinmagan ishlar hisoboti bilan to‘ldirib bersangiz kifoya. Bahoingiz besh! Katta ehtimol bilan hozirgi pedagogik amaliyot talabani hech qanday o‘qituvchilik(chin ma’nodagi o‘qituvchilik) tajribasini orttirishga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, uni kelajakda katta-katta ko‘zbo‘yamchililar-u qog‘ozbozliklarga tayyor turishini eslatib qo‘yadi, xolos.

4-kurs so‘ngiga kelib esa tomoshaning haqiqiysi boshlanadi. Universitet, institut tomonidan qo‘lingizga uchtomonlama shartnoma tutqaziladi. Bor go‘rkovdan bo‘lsa ham qo‘l qo‘ydirib, muhr bosdirib kel. Aks holda yakuniy imtihonlarga qo‘yilmaysan, degan jumlalar qulog‘ingiz ostida yangraydi. Bundan havotirga tushgan talaba nima qiladi, fermer xo‘jaligiga yugurib borib, yalinib-yolvorib muhr qo‘ydirib keladi. Undan boshqa tashkilotning uchtomonolama shartnomani diplomsiz talaba bilan imzolashi aka-uka Grimm ertaklarida yuz beradi, xolos. O‘quv yili so‘ngida esa qilingan sa’y-harakatalar mevasi sifatida minbarlarda 99,9 % talaba ish bilan ta’minlandi, degan hisobotlarni eshitib turaverasiz.

O‘tlab ketganim uchun uzrasiz, o‘quvchi. Ha, eshitgandirsiz, Davlat rahbarining o‘zi o‘qituvchilarni majburiy mehnatdan ozod qilishni buyurdi. Buni eshitib ko‘plar qatorida quvondik, sevindik. Ammo oradan bir muddat o‘tibdiki, hech kimsa qog‘ozbozlikni kamaytirish haqida so‘z ochgani yo‘q. O‘qituvchi oyligidan noligani yo‘q(ha, u shunday hech qachon oyligidan nolimaydi). Unga ozgina dars o‘tishi uchun qo‘yib berishsa bo‘lgani. Hammasi 1-sinf bolasiga bir harfni yozishni o‘rgatgandayoq chiqib ketadi, tez unutilib ketadi. Innovatsion rivojlanish yilida bir innovatsiya qilib, qog‘ozbozlikdan voz kechish yo‘llarini o‘ylab topishsa, yaxshi bo‘lardi. Nega o‘zing o‘ylab topmaysan deysizmi? Men o‘qituvchilikni unutib yuborishdan qo‘rqaman. Ha, o‘zimning kimligimni, qaysi kasb egasi ekanligimni unutishdan qo‘rqaman. Shunday ekan, hamma o‘z ishi bilan shug‘ullansa, asta-sekin tajribali va malakali o‘qituvchilar ham maktablarga qaytarmidi?! 

3.40 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.40 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.14 / 1
  • Муштарийлар баҳоси
    0.00 / 0

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

Ҳозирча Муштарийлар томонидан баҳоланмаган
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
0 та фикр