Nobel mukofoti egalari amalga oshirgan eng muhim kashfiyotlar.

Muzaffar Qosimov
Саралаш

Nobel mukofoti egalari amalga oshirgan eng muhim kashfiyotlar.

Har yili oktyabr oyining dastlabki haftasida butun dunyo ilmiy jamoatchiligi nigohi Stokgolm tomon yuzlanadi. Chunki, oktyabrning ilk kunlarida Shvetsiya Fanlar Akademiyasi tomonidan, dunyodagi eng nufuzli ilmiy mukofot - Nobel mukofotining joriy yilgi laureatlarini e’lon qiladi. Xabaringiz bor, Nobel mukofoti Fiziologiya va Tibbiyot, Fizika, Kimyo ilmlari bo‘yicha, hamda, adabiyot, iqtisodiyot va tinchlik sohalarida beriladi. Albatta, qaysidir olim, yoki shaxsga ushbu oliy ilmiy mukofot berilgani haqida xabar tarqalishi hamonoq, uning aynan qaysi «ko‘rsatgan karomati» uchun mukofotga loyiq ko‘rilgani ham ma’lum qilinadi. Tabiiyki, oddiy xalq eng avvalo, o‘sha ilmiy ishning amaliy ahamiyati bilan qiziqadi. Ya’ni, «xo‘sh, bundan odamlarga nima naf?» - qabilidagi savol albatta o‘rtaga tashlanadi.

Haqli savol. Bu savolga har doim ham jo‘yali javob topib berish qiyin. Masalan, ushbu, 2017-yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan ilmiy ish – gravitatsion to‘lqinlarni qayd etilishidan yaqin orada qandaydir bir amaliy naf chiqishi gumon. Basharti, bu to‘lqinlarni qayd etilganligi o‘zi katta ilmiy yutuq hisoblansa-da, lekin ushbu gravitatsiya to‘lqinlaridan maishiy turmush u yoqda tursin, shunchaki ilmiy laboratoriyalar uchun bo‘lsa ham foydasi tegadigan biror amaliy ish chiqarish mushkul masaladir. Lekin, gap shundaki, bu kabi fundamental tadqiqotlar olib borayotgan olimlar, umuman, aksariyat ilm kishilari, tadqiqot va ilmiy ishlaridan qandaydir amaliy naf chiqarishni maqsad qilmaydilar. Odatda, Nobel mukofotiga loyiq ko‘riladigan ilmiy ishlarda olam sirlarini bilish, tabiat asrorlarining tagiga yetish va biz yashayotgan Koinotning qonuniyatlarining mohiyatini ochib berish birinchi galdagi masala bo‘ladi. Odatda, bunday fundamental ilmiy ishlar va ulardan olingan muhim kashfiyotlardan kelib chiqadigan ikkilamchi xulosalar orqaligina u yoki bu darajada odamlar uchun xizmat qiladigan amaliy naf chiqariladi. Lo‘nda qilib aytganda, aslida ilmiy kashfiyotlar siz bilan bizga oshxonada kartoshkaning po‘stini archishda yordam berish uchun qilinmaydi. Aksincha, ilmiy kashfiyotlardan kelib chiquvchi ikkilamchi xulosalardan kartoshkaning po‘stini archishni osonlashtirish uchun foydalanish mumkin bo‘ladi. Shu ma’noda, Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan ilmiy ishdan darhol amaliy naf kutish o‘zi to‘g‘ri emas. Mukofotga loyiq ko‘rilgan ba’zi ishlar oradan faqat bir necha o‘n yillar o‘tibgina insoniyatga amaliy xizmat qila boshlashi mumkin. Ba’zilaridan esa, yuz yildan keyin ham amalda foydasi bo‘lmasligi, lekin u, odamzotning olamni anglash yo‘lidagi bilim va tafakkurini tubdan o‘zgartirganligi bilan qadrli bo‘lishi mumkin...

Maqolamiz muqaddimasini tahliliy fikrlar bilan cho‘zib yubordik. Albatta, yuqoridagi gaplar Nobel mukofotiga sababchi bo‘lgan ilmiy kashfiyotlarning amaliy ahamiyatiga nisbatan xolis baho bo‘la olmaydi. Ular muallifning subyektiv va o‘ta nisbiy fikrlari mahsuli xolos. Shunga qaramay, vaziyatga boshqa (ijobiy) ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, o‘z muallifini Nobel mukofotiga sazovor qilgan ilmiy ishlar, kashfiyot va asarlar ichida shundaylari borki, ular haqiqatan ham butun insoniyat hayotini mutlaqo o‘zgartirib yuborgan. Ya’ni, o‘sha kashfiyotlardan kelib chiqqan amaliy foyda butun bashariyat sivilizatsiyasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqan yoki, jamiyat va shaxs ongini butunlay o‘zgacha tafakkur qilishga o‘rgatgan. Quyida, Nobel mukofoti ta’sis qilinganidan buyon o‘tgan davr mobaynida, ushbu eng oliy ilmiy mukofotga loyiq topilgan ishlar yoki asarlar orasida, haqiqatan ham tom ma’noda dunyoni o‘zgartirgan, buyuk kashfiyotlar haqida so‘z yuritamiz. Maqola, hozir OAVda «moda» bo‘lgandek, «Top-10» uslubida Смешно. Lekin ularning joylashish tartibi kashfiyotning darajasini belgilamaydi. Ularning hammasi ham eng muhim va birinchi o‘ringa loyiq ishlardir.

Vilgelm Rentgen va uning rentgen nurlari.

Biz deyarli hammamiz, umrimizda bir marta bo‘lsa ham rentgen apparatga tushganmiz va tanamizning u yoki bu qismining rentgen tasvirini ko‘rganmiz. Hozirgi kunda travmatik jarrohlik va boshqa turdagi tashxis-diagnostika ishlarida benazir vositaga aylangan rentgen nurlarini 1895-yilda nemis fizigi Vilgelm Rentgen kashf qilgan edi. Ushbu kashfiyoti uchun Rentgen fizika bo‘yicha 1901-yildagi, ya’ni, eng dastlabki Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning o‘zi o‘sha paytlarda bu nurlarni «iks-nurlar», ya’ni, «noma’lum nurlar» deb atagan edi. Keyinchalik, vrachlar va ilmiy jamoatchilik nutqida «iks-nurlar» atamasi o‘rniga «rentgen nurlari» atamasi ommalashib ketdi. Rentgen nurlarining amaliy ahamiyatini olimlar deyarli darhol anglashgan. Mana, kashf etilganiga bir asrdan oshibdiki, rentgen nurlari shu paytgacha millionlab insonlarni mayib majruh bo‘lib qolishdan va hattoki o‘limdan qutqarib qoldi. Shu ma’noda, rentgen nurlarining insoniyatga qilgan xizmatini munosib baholashning o‘zi ham mushkul. O‘rni kelganda shuni aytib o‘tish joizki, nurlarning o‘zi ham va uni kashf qilgan olim familiyasi ham, aslida, sof nemischa talaffuzda «Ryontgen» deb yoziladi va o‘qiladi. «e» o‘rniga «yo» ishlatilsa to‘g‘riroq bo‘ladi. Lekin, ommalashib, nutq va matnga singib bo‘lgan «rentgen» so‘zini endi yoppasiga «ryontgen»ga almashtirishni iloji bo‘lmasa kerak...

2) Maks Plank va «energiya kvantlarini kashf etganligi uchun» 1918-yilgi Nobel mukofoti.

Maks Plankni nemis ilm-fanining cho‘qintirgan otasi deyishadi. Plank mumtoz fizikani, ya’ni, «Nyuton fizikasi»ni barbod qilgan olimlardan biridir. U aslida mumtoz fizikaga nisbatan hatto raddiya bermoqchi ham emas edi. U mutlaq qora jism spektrida energiyaning taqsimlanishini nazariy asoslash uchun, energiyaning uzluksiz tarzda emas, balki, bo‘lak-bo‘lak ko‘rinishda, ya’ni, diskret shaklda uzatilishi va nurlanishini tasavvur qilib ko‘rdi va ayni xayoliy model uchun, avvalboshda mutlaqo nazariy, shunchaki model uchun tadbiq qilinadigan o‘ziga xos «energiya kvanti» tushunchasini o‘ylab topdi. Bu esa, fizikada mutlaqo yangi bir yo‘nalish, alohida bir fanning – kvant mexanikasining paydo bo‘lishiga olib keldi. Ishoning, siz bilan biz yashayotgan elektronika va axborot texnologiyalari olamidagi deyarli barcha katta va kichik elektron texnika, Plankning aynan o‘sha kashfiyotidan kelib chiqqan amaliy yutuqlar mahsulidir. Yaqin kelajakda esa, kvant kompyuterlarining ommalashishi orqali, kvant nazariyasi insoniyat sivilizatsiyasini yana bir qadam yuqori bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Hayotda o‘ta kamtar va kamsuqum inson bo‘lgan Maks Plankning o‘zi, o‘zining faoliyatidagi eng katta kashfiyoti deb - yosh yigitcha Albert Eynshteynni olim sifatida kashf etganligi deb hisoblagan. Ha-ha, biz bilgan o‘sha daho olim Eynshteynning ustozi aynan Maks Plank bo‘ladi. Plank Eynshteyndagi iste’dodni eng birinchi bo‘lib payqagan va unga har tomonlama ko‘mak berib, ilmiy ishlarining tarqalishida katta yordam ko‘rsatgan.

3) Albert Eynshteyn va fizika bo‘yicha 1921-yilgi Nobel mukofoti.

Fizika bo‘yicha berilgan Nobel mukofotlari orasida 1921-yilda Eynshteynga berilgan mukofotning izohi eng bachkanasi va bo‘lmag‘uri bo‘lsa kerak. O‘shanda, Eynshteynga mukofot «Fotoeffekt hodisasini kashf etganligi va boshqa ishlari uchun» - degan izoh bilan berilgan.

Gap shundaki, 1921-yilga kelib Eynshteynga Nobel bermaslikning iloji qolmagandi. U o‘zining maxsus va umumiy nisbiylik nazariyasi orqali allaqachon butun fizika fanini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgandi. Uning g‘oyalari shu qadar inqilobiy ediki, ayrim eski zamon fiziklari, shu jumladan, Nobel mukofoti qo‘mitasidagilar ham nisbiylik nazariyasini hali hazm qilib ulgurishmagan, qo‘pol qilib aytganda, nisbiylik nazariyasining haq ekanini tan olishni istashmayotgan edi. Biroq, ular qancha urinishmasin, Eynshteynning nazariyalari hayotda o‘zini to‘liq oqladi. Shu sababli, qo‘mitadagilar o‘zlarining qaysarliklari va Eynshteynning ilmiy doiralardagi obro‘si o‘rtasida murosa yo‘lini topishga majbur bo‘lishgan. Natijada, Eynshteynga Nobel mukofoti uning nisbiylik nazariyasini barpo qilgani uchun emas, balki bundan ko‘ra ancha «soddaroq» kashfiyoti – fotoelektr effektini kashf qilganligi uchun berilgan. Izohdagi «va boshqa ishlari uchun» - deyilgan joyi esa, mukofot qo‘mitasidagi qaysar qari tullaklarning ishi bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Eynshteyn go‘yoki o‘ziga o‘rgatilgan va uqtirilgan narsalarni barchasini unutgan holatda, Olamga butunlay o‘zgacha nigoh bilan qaytatdan nazar tashladi hamda, olamning mutlaqo o‘zgacha manzarasini ochib berdi. U bizga, vaqtning va fazoning (zamon va makonning) aslida nisbiy tushunchalar ekanligini, yorug‘lik tezligiga yaqin tezliklarda Nyuton qonunlari o‘tmay qolishini, materiya va to‘lqinning qanday qilib biri ikkinchisi orqali o‘tib ketishini va eng asosiysi – massa va energiyaning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatib berdi. Aslida, Eynshteyn o‘z zamonasidan turib, kelajakka, aytaylik, bizning zamonamizga eng katta ta’sir ko‘rsatgan shaxsdir. Aytish mumkinki, biz hozir Eynshteyn kashf qilib bergan fizik dunyoda yashayapmiz. Eynshteynning zamonaviy olam manzarasiga ko‘rsatgan ta’siri – Stiv Jobs, Bill Geyts, Gagarin va Kalashnikovlarning birgalikda ko‘rsatgan ta’siridan ham ko‘proqdir.

4) Enriko Fermi va fizika bo‘yicha 1938-yilgi Nobel mukofoti.

1938-yilgi Nobel mukofoti «sekin harakatlanuvchi neytronlar orqali yuzaga keltiriladigan yadro reaksiyalarini kashf etganligi uchun» berilgan. Mukofot egasi – Italiyalik fizik Enriko Fermi. Fermi atiga 53 yil umr ko‘rgan. Lekin shu qisqa umri davomida 6 yoki 8 marta Nobel mukofoti olishga loyiq muhim ilmiy kashfiyotlarni amalga oshirgan. Ular ichida eng muhim kashfiyoti esa, boshqariladigan yadro reaksiyalarini olib borish uchun mo‘ljallangan yadroviy reaktor edi. Zamonaviy dunyoni muttasil energiya bilan ta'minlab turgan yadroviy reaktorlarning ishlash tamoyilini va mohiyatini aynan Fermi ishlab chiqqan. Ya'ni, boshlang‘ich konsepsiya muallifi Enriko Fermi sanaladi. Uning nazariyasi asosida barpo qilingan ilk tajriba reaktori 1942-yilning 2-dekabrida ishga tushgan va taxminan 0,5 vatt energiya chiqargan. O‘n kundan keyin, o‘sha qo‘lbola reaktor endi 200 vatt energiya bera oladigan darajaga chiqarilgan. Fermining ushbu kashfiyoti tufayli dunyo o‘ta arzon va juda samarador (lekin xavfli) energiya manbaiga ega bo‘ldi. O‘shandan buyon yadro energetikasi jahon sanoati va iqtisodiyotining ajralmas qismiga aylangan. Yadro energetikasisiz zamonaviy dunyoni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki, sanoatlashgan dunyoning energiyaga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini yadro energetikasi bilangina qondirish mumkin.

5) Aleksandr Fleming va Fiziologiya va Tibbiyot bo‘yicha 1945-yilgi Nobel mukofoti. Penitsillinni kashf etganligi uchun.

Butun bashariyatga mislsiz darajada, o‘ta katta xizmat qilgan eng muhim kashfiyotlardan birini 1928-1929 yillarda Shotlandiyalik olim Aleksandr Fleming amalga oshirgan. Fleming – butun Britaniya xalqlari faxrlanadigan timsollardan biridir. Chunki u tarixda ilk bor antibiotik dorini kashf qildi. Ommaviy ishlab chiqarilishi 1940-yillar boshida yo‘lga qo‘yilgan penitsillin tabletkalari II-jahon urushi davomida millionlab askarlarning hayotini saqlab qolgan. Lekin, penitsillinni buyuk qilgan statistika bu emas. Aleksandr Fleming o‘zining penitsillini bilan sayyoramizdagi odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi darajasini deyarli ikki barobar (!!) oshirgan olimdir. Chunki, penitsillin singari antibiotiklar yordamida davolangan va ustidan g‘alaba qozonilgan kasalliklardan forig‘ bo‘lish tufayli, butun sayyoramizda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 1950-yilda 47,7 yoshdan, 2017-yilga kelib 71,0 yoshgacha ortdi. O‘ylaymanki, ortiqcha izohga hojat yo‘q. Statistikaning o‘zi hammasini aytib turibdi. (Nobel mukofotining amaliy ahamiyati haqida boshqa savollaringiz qolmadi deb o‘ylayman Смешно).

6) Bertran Rassel va 1950-yilgi Nobel mukofoti. «Uning turli-tuman va muhim asarlari uchun».

Bundagi g‘alati izoh ham Eynshteynning Nobeliga berilgan mujmal izohdan kam emas. Bertran Rasselga Nobel berilishi aslida haqiqatan ham konfuz. Chunki, Nobel matematiklarga mukofot berilishini istamagan deyishdi (harholda, uning vasiyatida matematika umuman tilga olinmagan). Shuningdek, Nobelning vasiyatida faylasuflar ham nazarda tutilmagan. Bertran Rassel esa professional matematik hamda, tuzukkina faylasuf ham bo‘lgan. Nobel mukofoti qo‘mitasidagilar XX-asrning eng o‘tkir zehn egalaridan birini ushbu yuksak mukofot bilan qanday qilib mukofotlash yo‘lini uzoq qidirishgan. Nobelning vasiyatidagi shartlarni turli xil talqinlar bilan «aylanib o‘tish»ga urinishgan. Oxir oqibat, matematik Bertran Rasselga adabiyot sohasidagi Nobel mukofotini taqdim qilish bilan masalani hal qilishgan СмешноСмешноСмешноСмешно. Kulishni ham bilmaysan odam...

Bertran Rassel haqiqatan ham kitoblar yozgan. Lekin, uning kitoblari asosan matematika va mantiq ilmlariga taalluqli bo‘lgan. Qolaversa, bir necha ilmiy ommabop kitoblari bor. Lekin, Rasselning biror badiiy asar yozganini hozirgacha bilmaymiz СмешноСмешноСмешноСмешно. Shunga qaramay, u adabiyot bo‘yicha, har qanday shoir va yozuvchi orzu qiladigan mukofotga erishgan...

7) Shokli, Bardin va Bratteyn. 1956-yilgi Nobel mukofoti. Yarimo‘tkazgichlar va tranzistor effektini kashf qilganliklari uchun.

Yuqorida familiyasi qayd qilingan uch olim 1947-yilda elektr signallarini boshqarishning ajoyib usulini ishlab chiqishgan. Ular, o‘zi deyarli elektr energiyasini iste’mol qilmaydigan, lekin, elektr signalini juda yaxshi boshqaradigan yarimo‘tkazgich komponenti – biqutbiy tranzistorni yasashgan edi.

Iqtisodiy jihatdan juda arzon, tuzilishi juda ixcham tranzistorlar radiotexnika va umuman elektronika sohasida ulkan inqilob yasadi. Bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylangan kompyuterlarning paydo bo‘lishida hal qiluvchi qadam ham aynan ushbu kashfiyot bo‘lgan. Jon Bardin keyinchalik fizika bo‘yicha yana bir bora Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ikkinchi marta Nobelni u o‘ta o‘tkazuvchanlik nazariyasini barpo qilgani uchun olgan.

8) Frensis Krik, Moris Uilkins va Jeyms Uotson. 1962-yilgi Nobel mukofoti. DNK strukturasini muvaffaqiyatli modellashtirganliklari uchun.

Irsiy axborotni avloddan-avlodga o‘tkazish vazifasini bajaruvchi DNK makromolekulalari ustida ilmiy tekshiruv ishlari XIX-asr boshlaridayoq yo‘lga qo‘yilgan edi. lekin DNKning asl vazifalarini olimlar XX-asrning 40-50 yillariga kelibgina tushunib yeta boshlashdi. 1953-yilda esa, nomi yuqorida zikr etilgan olimlar DNK molekulasi tuzilishining qo‘shaloq spiralsimon modelini kashf qilishdi. Bu esa, klonlashtirish va gen muhandisligi sohalarining paydo bo‘lishiga katta yo‘l ochib berdi. Hozirda, ushbu kashfiyotning amaliy samarasi o‘laroq, odam irsiyatidagi avloddan-avlodga o‘tuvchi salbiy jihatlar, kasallik va nuqsonlarni oldini olish imkoni mavjud. Qolaversa, chorva hayvonlari va boshqa jonzotlarni klonlashtirish orqali, odamzot uchun yanada ko‘proq foyda keltiradigan zotdor nasllarni keltirib chiqarish mumkin.

O‘rni kelganda aytish kerakki, 1953-yilgi Nobel laureatlaridan biri Jeyms Uotson keyinchalik ilmiy davralarda va ayniqsa jamiyat orasida o‘zining olim va shaxs sifatidagi obro‘sini butunlay yo‘qotdi. Uning ilmiy zehnini hurmat qilgan holda aytamizki, Uotson o‘zining DNK-modeli kashfiyotidan haddan ziyod manmansiragan va xudbinlashib ketgan. U o‘zining ilmiy ishlariga suyangan holda, mukofotdan keyin ko‘p bora irqchilik mazmunidagi bo‘lmag‘ur ilmiy g‘oyalarni ilgari surgan. Masalan, u «oq irqli odamlarning intellektual salohiyati har doim yuqori bo‘ladi, qora tanlilar esa DNK-darajasida bunday imkoniyatga ega emas, ular faqat jismoniy mehnatga yaraydi» qabilidagi fikrlarni bayon qilgan. Nima ham derdik, olim bo‘lgani bilan, odam bo‘lmasa qiyin...

9) Fridrix fon Xayek va iqtisodiyot bo‘yicha 1974-yilgi Nobel mukofoti.

Fridrix fon Xayek o‘zining ilk ilmiy ishlarini hali Avstro-Vengriya imperiyasi fuqarosi bo‘lgan paytlarda, ya’ni, 1920-yillarda yozgan. Uning pul va iqtisodiy o‘zgarishlar nazariyasiga oid ishlari aslida shunchaki moliyaviy iqtisodiyot emas, balki, davlat va jamiyat qurilishining iqtisodiy ta’minoti masalalari uchun ham taalluqli edi. fon Xayekning ilmiy ishlarida rejali iqtisodiyotning noto‘g‘ri siyosat ekanligi ilmiy asoslab berilgan. U rejali iqtisodiyot aslida samarasiz mexanizm ekanligini, bunda erkin bozor munosabatlari buzilib, jamiyatda va davlat strukturalarida korrupsiyaning avj olishiga sharoit yaratishini ochib beradi. Fon Xayek maqolalarida rejali iqtisodiyot orqali nafaqat sanoat yoki iste’mol sohalari, balki, jamiyatdagi fikr erkinligi va xususiy mulkdorlik tamoyillari ham hukmron tuzum tomonidan cheklanishi ko‘rsatib berilgan edi. E’tibor bering, fon Xayekning bu boradagi ishlari 1920-yillarda, ya’ni, tarixda rejali iqtisodiyotga tayanib ish ko‘rgan eng katta davlat – SSSRning hali davlat sifatida oyoqqa turmagan paytlarda yozilgan. Shunga qaramay, SSSRda fon Xayekning nazariyasini hatto o‘rganilmagan ham bo‘lsa kerak...

Oqibatda, fon Xayekning fikrlari haq ekani 1985-1990 yillarda sobiq ittifoqning moliyaviy va siyosiy inqirozga yuz tutishi orqali amalda isbotlandi. Haqiqatan ham, rejali iqtisodiyot ustiga qurilgan butun boshli davlat iqtisodiy siyosati, mamlakat har qancha ulkan va tabiiy resurslarga boy bo‘lmasin, baribir o‘zini oqlamadi. SSSR kuchli inqiroz iskanjasida parchalanib ketdi.

10) Albert Kamyu va adabiyot bo‘yicha 1957-yilgi Nobel mukofoti. «Inson vijdonini uyg‘otuvchi asarlari bilan adabiyotga ulkan hissa qo‘shgani uchun».

Albert Kamyuning falsafaga yo‘g‘rilgan asarlarida odamzotning dunyoga kelib nima maqsad bilan yashab o‘tishi, undan bu dunyoda qoladigan iz haqida yoziladi. «Vijdonni uyg‘otuvchi» - izohi bu o‘ringa biroz hissiyotga berilgandek tuyuladi. Aslida, odamzotga bu olamdagi yashashning asl mohiyati haqida falsafa o‘quvchi asarlar Kamyudan avval ham bo‘lgan. Oqil va imonli kishilar avvallari ham bu hayotda sof vijdon bilan yashab o‘tishga intilishgan va o‘zganing haqidan qo‘rqish, omonatdorlik, hamda boshqa oliyjanob insoniy fazilatlarni o‘zlariga fe’l va tabiat qilib olishgan. Faqat, Albert Kamyuning asarlarida bunday fazilatlar zamonaviy g‘arb kishisi uchun go‘yoki qaytadan ochib beriladi.

3.80 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.80 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.13 / 11
  • Муштарийлар баҳоси
    4.37 / 8

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Отабек Йўлдошев 20/04/2018
3 Xudoyberdi Mirhosilov 21/04/2018
5 Aziza Odilbekovna 24/04/2018
5 Dilnavoz Berdiyeva 27/04/2018
5 Hikmatillo Matqosimov 28/04/2018
5 Under the rain 28/04/2018
5 Jasur 09/05/2018
4 Soliha Shahobiddinova 21/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
1 та фикр