Kunlardan bir kuni qurbaqalar musobaqa uyushtirishibdi. Shartga ko‘ra g‘oliblik baland minoraning ustiga birinchi bo‘lib chiqqan ishtirokchiga nasib qiladi. Nihoyat, kutilgan on kelib, musobaqa boshlandi. Tomoshaga kelgan ko‘plab qurbaqalar musobaqa ishtirokchilaridan hech biri minora tepasiga chiqolmasligidan bahs qilishar, tinmay baqirishardi: «Bechoralar, bekorga ovora bo‘lyapsiz, baribir marraga yetolmaysiz!..» Bu so‘zlarni eshitgan ishtirokchilar, marraga yetolmasligini o‘zlari ham ishonib, bir-bir musobaqani tark eta boshladilar. Lekin bittagina qurbaqa bu gaplarga parvo qilmay, o‘jarlik bilan minoraga tirmashardi. Pastdagilar esa hamon baqirishardi: «Baribir g‘olib bo‘lolmaysan!..»
Nihoyat hamma ishtirokchilar g‘oliblikdan umid uzdilar. Faqat boyagi birgina qurbaqa tirishib-tirmashib minoraning ustiga chiqishni uddaladi. Hayrat ichida qolgan ishtirokchilaru tomoshabinlar undan bu mushkul ishni qanday bajarganini so‘rashga oshiqdilar. Tomoshabinlardan biri g‘olibga yaqin keldi va undan qanday qilib bu ishning uddasidan chiqding, deb so‘radi. Lekin g‘olib uning ham, boshqalarning ham savollarini tushunmaganday indamay turaverdi. Shunda bildilarki, g‘olib qurbaqa kar ekan.
Bu hikoyadan to‘g‘ri xulosa chiqaring. Badgumon kimsalarning umidlaringizni sindirishiga yo‘l qo‘ymang. Hamisha o‘zingizga, qalbingizga ishoning. Shundagina ko‘zlangan marraga yetib borasiz! (Ingliz tilidan ijodkor do‘stimiz Shuhrat Sattorov tarjimasi).
Kaminaning maqolasidan parcha: Birinchi sinfda o‘qirdim. Sinfdoshim Lobarni faolligi va a’lochiligi uchun sinf sardori etib tayinlashdi. O‘qituvchimiz Elomon Bo‘lishev yangi yil bayramidan keyin sinf sardori bo‘lishimni aytdi. Ammo bayramga yaqin kasal bo‘lib qoldim. Og‘riyotgan tishimni oldirganimdan ikki kun o‘tib mazam bo‘lmay, yotib qoldim. Onamning aytishicha, o‘sha kuni ertalab ko‘zimni ocha olmabman. Meni darrov shahar shifoxonasiga olib borishibdi. Muolajalardan so‘ng o‘zimga kelgan bo‘lsam-da, o‘rnimdan turishga holim yo‘q, boshim aylanardi. Onam ko‘zida yosh, mendan hol-ahvol so‘rab nimalardir derdi... Men esa hech narsani eshitmasdim…
Bir necha kundan keyin asta-sekin o‘rnimdan turib, yura boshladim. Shifokorlarning maslahati bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining LOR bo‘limida davolanishni davom ettirdim. Sog‘ligim tiklanib, ahvolim yaxshilandi, ammo eshitmaslik muammosi menga azob bera boshladi. Uydagilar maslahatlashib, Moskvada davolatishdi, baribir foydasi bo‘lmadi. Rahmatli Tilovmurod bobom tabiblarga olib borar, undan ham bir naf chiqmasdi.
Kunlarning birida o‘qituvchim Elomon aka maktabga bormayotganim sababini bilish uchun uyimizga kelib, onamdan bo‘lib o‘tgan voqeani eshitgach, o‘qishga boraversin, uni birinchi partaga o‘tqazamiz, u bilan o‘zim alohida shug‘ullanaman dedi. Maktabga bordim, ammo bunday holatda o‘qish juda og‘ir edi. Chunki hech narsani eshitmasdim, yozuvdan ko‘rib, lab harakatlaridan tushunib olishga ko‘nikish ancha vaqt talab etardi. Kunlarning birida onamga qo‘shnimiz Rixsi opa o‘g‘li Dilshodning Toshkentda o‘qiyotgani, poytaxt¬da kar bolalar uchun maxsus maktab-internat borligi, unda barcha sharoitlar yaratilganini aytadi. Shunday qilib, Toshkent shahridagi 102-zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatida 2-sinfdan o‘qiy boshladim. (KOXLEAR IMPLANTATSIYASI eshitish qobiliyati tiklanishiga yordam beradi(mi?) (Ma’rifat 2014.29.11. №96 (8745))
Ustozim Yakov Shifrinning aytishicha(o‘zi ham kar), tarixda hali imo-ishora mavjud bo‘lmagan bir necha asr oldin eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar bilan muloqot qilish qiyin bo‘lgani, ular gapirishga qiynalishgani uchun «kar va axmoq» yoki «kar va aqli zaif»(inglizchasiga «deaf dumb»), deb atashgan. Deaf – kar, dumb – axmoq. Masalan, o‘zimizda va boshqa mamlakatlarda ayrim nashrlar va insonlar ularni «kar va soqov», deb atashadi. Bu so‘z ular uchun kamsitilgandek tuyuladi. Aslida ular soqov emas, negaki eshitmagan insonning barchasi gapira oladi, faqat ayrimlarining nutqi ravon bo‘lmagani uchun gapirishdan uyaladi. Shuning uchun «soqov» degan so‘zni ishlatish noo‘rindir.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning imo-ishorada gapirish madaniyati ayrim sog‘lom odamlarga xunuk ko‘rinishi tabiiy. Chunki ko‘pincha imo-ishorada moloqot qilgan odamning lab harakati, o‘zini tutish muomalasi chetdan qaragan odamga g‘alatidek tuyuladi. Aslida imo-ishora ularning ona tili hisoblanib, «gapiruvchi qo‘llar» vazifasini bajaradi. Tarixda olimlar bir necha marta imo-ishorani yo‘qotishga, maktabda o‘qituvchini tushunishi uchun faqat lab harakatiga diqqat bilan e’tibor berishini, imo-ishorada gapirishsa, qo‘llariga yog‘och bilan urib, ularni ko‘proq nutq bilan gapirishga majburlashga urinishgan. Mana XXI asrga kelgan bo‘lsak, bunday urinishlar samarasiz ekani isbotlangan. Hattoki dunyoning rivojlangan mamlakatlari maxsus maktab-internatlarida o‘qituvchilar albatta imo-ishorani bilishlari shart. Masalan, Nyu Yorkdagi kar va zaif eshituvchilar maxsus maktab-internati(Lexington school for the deaf) ta‘lim dargohida imo-ishorani bilmaydigan pedagogni rahbariyat ishga qabul qilmaydi.
Har bir mamlakatning o‘z imo-ishora tili mavjud va ular bir-biridan ajralib turadi. O‘zbekistonda imo-ishora tili sho‘rolar davridan qolgan bo‘lib, MDH davlatlari imo-ishorasi bilan bir xil. Nutqda davlatlarning tillari farq qilinsa, imo-ishorada farq qilinmaydi, chunki har bir predmetning imo-ishorada «klichkasi» bo‘ladi. Dunyoda ingliz tili xalqaro til maqomini olgan bo‘lsa, imo-ishorada ham xalqaro til mavjud bo‘lib, butun dunyo davlatlarining eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlari birlashishiga, fikr almashishiga, madaniyati bilan tanishishiga, xalqlar o‘rtasida do‘stona muloqot qilishiga chorlaydi.
Yuqorida eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning imo-ishora madaniyati va uning tarixi haqida to‘xtaldim. Inson harakat qilsagina maqsadiga yetadi, ammo buni eplash hammaga ham nasib etavermaydi. Gohida imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay muvaffaqiyat qozonayotgan kishilarni ko‘rib, hayratga tushamiz. Axir sog‘lom bo‘la turib o‘z kasbini, ishini eplay olmayotgan insonlar qancha? Biror yutuqqa erishish uchun imkoniyati cheklangan inson ko‘proq mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Ular ayrim insonlar o‘ylaganday aqli zaif emas! Keling, ular orasida yutuqlarga erishgan insonlar haqida to‘xtalamiz.
Iroda Umarova (O‘zbekiston): ijodkor, shoira
Eshitishida nuqsoni bor jurnalist haqida eshitganmisiz? Rivojlangan mamlakatlarda bunday kasb egalari mavjud, ammo o‘zimizda-chi?
Bizda ham shunday ajoyib inson bor, ammo kamtarligi tufayli uni hamma tanimaydi. «Bekajon» gazetasining muxbiri Iroda Umarova maqola va she’rlari bilan o‘quvchilar hurmatini qozonib kelmoqda. Irodaning eshitishida nuqsoni bo‘lishiga qaramay, jurnalistika degan murakkab kasbni uddalab kelayotgani, hamkasb va mualliflar bilan samimiy munosabatiga qoyil qolsak, arziydi. Vaholanki eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar orasida bunday iqtidorlar juda kam uchrab turadi, chunki ular sog‘lom odamga qaraganda kamroq ma’lumotga ega bo‘ladilar.
Iroda 1987 yilda Jizzax viloyati Forish tumanidagi Garasha qishlog‘ida, ziyoli oilada tavallud topgan. Oilada 9 nafar farzandning kenjasi bo‘lib, 1994 yilning bahorida, ya’ni 7 yoshida to‘satdan kasal bo‘lib qoladi. Bir haftalik kuchli isitma tufayli oyoqlari falaj bo‘lib yotadi. Qishloq sharoiti, dastlab uyda davolatishadi. Keyinroq tuman shifoxonasiga olib borishadi. U yerda gripp tashxisi bilan davolanadi. Oyoqqa turadi. Ammo eshitish qobiliyati susayib borayotganini sezib qolishadi. Muolajalarga qaramay bora-bora umuman eshitmay qoladi. O‘sha paytda mutaxassislar unga «koxlear nevrit» tashxisini qo‘yishadi.
Shunga qaramay qishlog‘idagi 79-maktabda sinfdoshlari orasida eshitishida nuqsoni bo‘lgan yagona o‘quvchi sifatida bilim oladi. Ta’lim dargohini bitirib, 2006 yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga hujjat topshiradi. Irodada tasviriy va amaliy san’atga qiziqish yuqoriligi sabab shartnoma asosida o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgan. U o‘sha paytdayoq «Bekajon» gazetasi qoshidagi mahorat maktabi ijodkorlari klubiga a’zo edi. Klub ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqib, mukofot sifatida tahririyat hisobidan shartnoma pulini to‘lash imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Oliy o‘quv yurtida unga sog‘lom tengdoshlari qatori tahsil olishi uchun barcha sharoit yaratib berishadi. Kursdoshlari qo‘llab-quvvatlab turishar, ustozlari ko‘ngliga qarashardi. 11-12 yoshida ikkilik va to‘rtlik satrlar tuzib, she’rlar yozar, o‘sha payt mashqlari turli gazeta sahifalarida chop etilardi. 2009 yildan boshlab «Bekajon» gazetasi tahririyatida rasman faoliyat yuritadi. Irodaning «Bahor visoli» (2006), «Egasiz sog‘inch» (2008), «Uchinchi dunyo» (2008), «Siz uchun» (2009), «Muhabbat diyori» (2013) nomli nazmiy va nasriy kitoblari, «Tilanchining o‘g‘li» (2017) qissalar kitobi nashr etilgan. Ozarboyjonda chop etilgan «Sevgi fasli» – turkiy xalqlar shoirlarining bayozi va «Buta» almanaxiga she‘rlari kiritilgan. Shuningdek, «Jizzax ifori», «Mahorat maktabi», «Yoshlar kitobi» almanaxlaridan ham ijod namunalari joy olgan.
XXI asrda har bir soha shiddat bilan rivojlanayapti. Shu jumladan, tibbiyot ham. Ilgari eshitish qobiliyatini tiklashning iloji yo‘q edi, ayni damda bu kasallikni Koxlear implantatsiya orqali jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin. Darvoqe, Irodaxonga sahovatpesha insonlar ko‘magi bilan o‘tgan yilning oktabr oyidan uyushtirilgan xayriya aksiyasida yig‘ilgan mablag‘ evaziga yaqindagina Koxlear implantatsiyasi jarrohligidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Endi nutq protsessorini taqish arafasida turibdi. U 23 yildan buyon eshitolmagan ota-onasi, yaqinlarini, yana turmush o‘rto‘g‘i Ixtiyor va o‘g‘li Ashrafxonning ovozini sabrsizlik bilan kutyapti.
Sirojiddin Zayniddinov (O‘zbekiston): sportchi, shaxmat bo‘yicha FIDE ustasi, zaif eshituvchilar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni va kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni. «Shuhrat» medali sohibi
Barchaga ma’lumki shaxmat o‘yini insondan kattagina aql talab qiladi. Sirojiddin eshitishida imkoni cheklangan bo‘lishiga qaramay ana shunday kattagina aqlga ega bo‘lgan insonlardan biri.
1990-yili Jizzax viloyati Arnasoy tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1999-2008-yil poytaxtimizdagi 106-sonli zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatini tamomlagan. 2008–2011-yili Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kolleji kompyuter dasturi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qigan. 2011-yili imtiyoz asosida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat fakultetining Jismoniy madaniyat yo‘nalishiga qabul qilingan va 2015-yilda tamomlagan.
2016-yildan shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi lavozimida ishlamoqda. Shaxsiy yutuqlaridan tashqari, yosh avlodga «aql gimnastikasi»ni o‘rgatib, ularni ham yutuqlar sari boshlab kelmoqda. Oldingi shogirdlari orasida kattagina yutuqqa erishgan aka-uka Javohir va Islombek Sindorovlarni yurtimizda tanimaydigan odam bo‘lmasa kerak. Undan tashqari ayni damda quyidagi yoshlarga shaxmat sirlaridan saboq bermoqda:
Xumoyun Begmuratov 2010-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 8 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni (6 yoshida); 2016-yili Mongoliyaning Ulan-Bator shahrida 6 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni.
Odina Olimova 2009-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2016-yili maktab o‘quvchilari o‘rtasida 7 yoshli qizlar orasida O‘zbekiston chempioni. 2016-yili Rossiyaning Sochi shahrida maktab o‘quvchilar o‘rtasida 7 yoshli qizlar orasida Jahon chempionatining kumush medali sohibasi. 2017-yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 8 yoshli qizlar o‘rtasida 3-o‘rin sohibasi. 2018-yili Tailandda 10 yoshli qizlar o‘rtasida Osiyo chempionatida Rapid yo‘nalishi bo‘yicha kumush medali sovrindori.
Umida Omonova 2006-yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 2016-yili maktab o‘quvchilari o‘rtasida 11 yoshli qizlar orasida O‘zbekiston chempioni. 2017-yili Xitoyda bo‘lib o‘tgan 12 yoshgacha qizlar o‘rtasida Osiyo chempionatida 3 yo‘nalish bo‘yicha sovrindor, Standart va Blits 1-o‘rin, Rapid yo‘nalishi 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Abdulbosit Sharifjonov 2008-yil Toshkent shahri tug‘ilgan. 2014-yili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 6 yoshli o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni. 2017-yili Belarussiyaning Minsk shahrida 10 yoshlilar o‘rtasida Rapid va Blits yo‘nalish bo‘yicha Jahon chempionatining kumush medali sovrindori. 2017-yili Toshkent shahrida 10 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatining bronza medali sovrindori.
Pilar Lima (Ispaniya): Ispaniya tarixida birinchi kar ayol – senator
O‘tgan yili Matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida jurnalistikaga befarq emasligim, jurnalistlardan ko‘p narsa o‘rganganim va matbuotimizda kamdan-kam chop etiladigan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar haqida yozishimni, yaqin orada blog ochishni rejalashtirayotganimni aytib, barcha kasb egalarini tabriklagan edim. Postlarning birida ustoz Halim Saidov shunday yozgandi: «Ma’murjon journalist bo‘lib ishlash uchun diplom kerakdir, lekin yozish uchun shartmas. Sizning mavzuingizga manaman degan jurnalistlarning ham ixtisoslashuvi qiyin. Blog ochishni niyat qilibsiz, ijodingizga baraka!!!». Haqiqatan ham eshitish imkonidan cheklangan insonlarni boshqalardan ko‘ra ko‘pincha o‘zimiz yaxshi bilamiz, chunki o‘zimiz ular orasida yuramiz. Yuqoridagi ispaniyalik senator Pilar Lamaning aytishicha: «Hukumat idoralariga turli imkoniyatlardan cheklangan insonlar kerak, chunki ular o‘z muammolarini boshqalardan yaxshi biladi».
Pilar Lama ijtimoiy sohada faol va katta hayotiy mavqega ega tajriba to‘plagan ayol. U Anantapurda (Janubiy Hindiston) Vinsent Ferrer fondining qashshoqlik bilan kurashish ko‘ngillilaridan biri bo‘lgan. 2015-yil 1-sentabrda Senatdagi birinchi ma’ruzasida (surdo tarjimoni yordamida) Pilar «Senatning hamkorligi bilan karlarning huquqlarini buzadigan to‘siqlarni bartaraf etish uchun kurashishini aytadi». Shuningdek, Pilar bir necha davlat va xususiy institutlarda dars beradigan ustoz-professordir. Maqsadi – imo-ishora tilini yanada kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash. Uning ko‘plab loyihalari orasida eshitishida nuqsoni bo‘lgan yozuvchilar bilan hamkorlikda chiqargan «Sordo ¡y qué!» («Kar bo‘lsa, nima qilibdi!»), kitobidir.
Istvan Marko (Avstriya): bayker, sayyoh
Asli ruminiyalik bo‘lgan bu yigit ayni damda Avstriyada istiqomat qiladi. U 2009 yildan boshlab mototsiklida Yer sharining barcha materigini bosib o‘tgan. Uning amalga oshirmagan rejalari hali ko‘p va u buni amalga oshirish uchun harakatini davom etmoqda. Ayni damda mototsiklda Qozog‘istonda bo‘lib turibdi va yo‘lida O‘zbekistonga ham kelishi mumkin, u bilan bog‘lanishga harakat qilayapman.
Toshiomi Tsuzuki (Yaponiya): sayyoh, dunyoning 105 dan ortiq mamlakatida bo‘lgan
Toshiomi Tsuzuki bilan 2016 yili tanishganman, o‘sha yili Toshkentga tashrif buyurishida hamrohlik qilgandim. To‘g‘ri, eshitishida imkoni cheklanganlar orasida sayyohlar ko‘p, ammo Toshiomining boshqalardan farqi shundaki, u har bir mamlakatga sovg‘asiz bormaydi. Biror bir mamlakatga borishi oldidan do‘stlariga e’lon qiladi va ularni xayriyaga chorlaydi. Yig‘ilgan sovg‘a-salomlar bilan dunyodagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlab, ular orasida kam ta’minlangan oilalarga sovg‘alar ulashadi. Uning aytishicha, Yaponiyada imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor kuchli, sog‘lom odamlar bilan teng huquqga ega, hatto ularning oyliklari ham farq qilmaydi. Dunyoning turli burchaklarida eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar kamsitilib, e’tibordan chetda qolib ketayapti. Mening maqsadim, har bir mamlakatga tashrif buyurib, ularga sovg‘a ulashish bilan birga qo‘llab-quvvatlab, jamoatchilik e’tiborini qaratish, ularni himoya qilish, – deydi.
Alex Abenchuchan (AQSH): vlogger, «The Daily Moth» loyihasi asoschisi
The Daily Moth informatsion kanali Amerika imo-ishorasida haftaning dushanba va payshanba kunlari eshitishida imkoni cheklangan insonlar uchun muhim yangiliklar yetkazadi. Uning asoschisi va boshlovchisi Alex Abenchuchandir. The Daily Moth YouTube kanali, Facebook ijtimoiy sahifasi va veb-sayti orqali videorolik namoyish qiladi.
Alex Abenchuchan katta kar oilasida dunyoga kelgan. U Floridadagi karlar va ko‘zi ojizlar(School for the Deaf and the Blind) maxsus-maktab internatini tugatib, dunyoda yagona bo‘lgan Vashingtondagi karlar uchun Gallaudet universitetiga o‘qishga kirib, dinshunoslik fakultetini tamomlagan.
Joel Barish (AQSH): bloger va vloger
AQSHlik bu vloger dunyoning turli burchaklariga borib, karlar madaniyati bilan qiziqadi va sayti hamda Facebook ijtimoiy sahifasiga videoblog joylab, subtitr va imo ishorada professional suratga olib namoyish qiladi. Joelning kamtarligi, har bir millat vakillariga hurmat bilan qarashi tahsinga loyiq. Uning roliklari eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun xuddi «National Geographik Channel» kanali kabi ajoyib namoyish etiladi va hattoki dunyoning yovvoyi aholisi yashaydigan joylarida, ular orasidan kar insonlarni topib, suhbatlar o‘tkazadi va hayotini yoritadi. Shuningdek, har 2-3 yilda Karlar Xalqaro ko‘rgazmasini tashkillashtiradi. Ko‘rgazmadan maqsad, butun dunyodagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oyalari bilan barchani tanishtirish va ular orasida biznesni kengaytirish.
Joelni O‘zbekistonga taklif qilgandim, u tashakkur bildirib, qachondir tashrif buyurishini va’da qilgandi.
Yuqorida eshitishida nuqsoni bo‘lganlar orasida muvaffaqiyatga erishgan mashur insonlar haqida to‘xtalib o‘tdim. Ular ro‘yxatini yana davom ettirishim mumkin. Menimcha blogerlar chempionati uchun yuqoridagi ro‘yxat yetarli. Ko‘pincha karlar hayotdan qoniqmayotganidan shikoyat qilishadi, ammo ularning har biri hayotda faol bo‘lganida xuddi yuqorida sanab o‘tgan insonlar kabi muvaffaqiyatga erisha oladi.
Eng achinarlisi, oramizda to‘rt muchasi sog‘lom bo‘la turib, hayotdan noliydigan insonlar ham kam emas.
Maqolada kurashdan charchamayotganlar haqida yozdim, ularga havas qildim va o‘zimga-o‘zim savol berayapman: nega men xuddi yuqoridagi insonlar kabi muvaffaqiyatga erisha olmadim? Axir men ham ular kabi insonmanku!..
E’tiboringiz uchun rahmat!
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
6 та фикр