Bukmeykerlik kompaniyalarini unuting. Mehnatsiz hech nimaga erishib bo'lmaydi.

Quramboyev Jamshid
Саралаш

“Men bir daqiqa vaqtimni ham bekorga sarflashni xohlamayman. Muhim narsalar ustida ishlamas ekansiz, siz vaqtingizni behuda sarflagan hisoblanasiz”, - degan edi segvey ixtirochisi Din Keymen.

Oramizda Din Keymen singari fikrlaydigan va o‘z maqsadi sari ildam qadam tashlaydigan insonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biroq, shu bilan birga, dunyo hamjamiyati kun sayin rivojlanayotgan bir paytda ayrim yoshlar bilim olish yoki kasb-hunar egallash orqali o‘z kelajagini ta’minlash o‘rniga iloji boricha kamroq mehnat qilish yoki deyarli hech nima qilmasdan ko‘proq natijaga erishishni maqsad qilishmoqda. To‘g‘ri, bu holat inson tabiatiga xos bo‘lgan xususiyatlardan biridir. Ayniqsa, endigina katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar hayot yo‘li davomida bosqichma-bosqich erishiladigan muvaffaqiyat va yutuqlarga birpasda erishishni xohlashadi va shu maqsadda turli qing‘ir-qiyshiq yo‘llarni tanlashdan ham qaytishmaydi. Bunga misol sifatida yoshlarning tezda boyib ketish maqsadida www.betcityrus.com, www.betmarathon.com, www.1xbet.com va shu kabi chet el bukmeykerlik kompaniyalariga tegishli internet saytlarida turli xil sport musobaqalariga va boshqa shakllarda onlayn pul tikishi, ya’ni qimor o‘ynashini ko‘rsatish mumkin.

Bukmeykerlik kompaniyalari sport musobaqalari va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o'yinlar hamda voqea-hodisalarga pul tikishni taklif qiluvchi kompaniyalardir. Dunyo mamlakatlarining ko‘pchiligida bukmeykerlik kompaniyalarining faoliyati qonuniy hisoblanib, barcha ularning xizmatidan foydalanishi mumkin. Bizning mamlakatimizda esa qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish qonunchilikka muvofiq taqiqlanganligi sababli bukmeykerlik kompaniyalari faoliyat yuritmaydi. Biroq internet va zamonaviy texnologiyalarning rivojlanib borgani sari ushbu faoliyat bilan virtual dunyoda shug‘ullanish imkoni vujudga kelmoqda. Shu bois sport musobaqalari va onlayn kazinolarga pul tikib yutishni maqsad qilgan yoshlar, umuman olganda, katta yoshdagi odamlar soni ham kundan-kunga ortib bormoqda.

Ba’zilarda buning qanday salbiy jihati bor degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy, biroq pul ishlashning ushbu shakli ko‘plab zararli jihatlarga ega bo‘lib, eng asosiylari quyidagilardir:

Birinchidan, bilim olmasdan yoki mehnat qilmasdan, qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, umuman hech narsa qilmasdan biror bir muvaffaqiyatga erishish imkonsizdir. Xuddi, shuningdek, sport musobaqalariga onlayn pul tikish orqali boyib ketish yoki oz miqdorda bo‘lsa ham pul ishlash xomhayoldan boshqa narsa emas. Chunki sport musobaqalariga pul tikish orqali moliyaviy barqarorlikka erishishning imkoni bo‘lganida, katta miqdorda daromad keltiruvchi bukmeykerlik kompaniyalari va ularga tegishli internet saytlarning soni bugungi kunda butun dunyo bo‘yicha 500 tadan oshmagan bo‘lardi. Demak, pul topishning bunday yo‘lidan foydalanuvchi insonlar, eng avvalo, katta ehtimollik bilan o‘z mablag‘larini yo‘qotishi haqiqatga ancha yaqindir.

Ikkinchidan, bunday insonlar biz har doim ham qadriga yetavermaydigan vaqtni foydasiz mashg‘ulotga sarflayotganliklarini unutib qo‘yishadi. Dastlab, qo‘shimcha daromad topish maqsadida, keyinchalik esa yutqazilgan pulning o‘rnini qoplash ilinjida oylab yoki yillab vaqtini sarflagan insonlar muvaffaqiyatga erishish yo‘lida boshqalarga nisbatan ancha orqada qolishadi. Ular vaqt dunyodagi har qanday qimmatliklardan ham qimmat ekanligini unutib qo‘yadilar.

Uchinchidan, yirik summadagi mablag‘ni yutqazish yoki umuman yuta olmaslik sababli vujudga keluvchi stress insonning o‘z xuzr-halovatini yo‘qotishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, uning yaqinlari bilan munosabatlarining yomonlashishiga sabab bo‘ladi. Yutishga berilib ketgan kishilar haqiqiy hayotni esdan chiqarib qo‘yishadi. Ular yotganlarida ham, turganlarida ham, xullas, har doim pul tikib yutish haqida o‘ylashadi. Bu esa bunday insonlarning kelajakdagi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

To‘rtinchidan, yutqazilgan pullar sababli moliyaviy qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan fuqarolar tomonidan pullarning o‘rnini qoplash maqsadida amalga oshiriladigan mayda huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar soni oshishi kuzatilishi mumkin.

Beshinchidan va eng muhimi, havoga sovurilgan pullar sababli mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkaziladi. Keling, bu zararni birgalikda hisoblab ko‘ramiz. Agar 32 million aholi yashaydigan mamlakatimizda kamida 1000 ta kishi ushbu faoliyat bilan shug‘ullana boshlasa va 1 yil davomida kamida 100 AQSH dollari yutqazsa, umumiy yutqazilgan summa 100 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Agar 1000 ta emas, 10 000 ta kishi (vaholanki, yutqaziladigan summa va o‘ynovchilar soni bundan ham katta bo‘lishi mumkin ekanligi haqiqatga ancha yaqin) deydigan bo‘lsak, umumiy summa 1 million AQSH dollariga teng bo‘ladi. Biz minimum darajada hisoblagan ushbu summa ozmuncha pul emasligi barchaga ma’lum. 2018-yil aprel oyidagi Markaziy bank kursi bo‘yicha 1 million dollar 8 000 000 000 so‘mdan oshadi. Demak, 1 yilda mamlakatimizdan kamida, yana bir bor urg‘u beraman, eng kamida 1 mln. dollar yoki 8 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ chetga chiqib ketadi. Vaholanki, hozirda ushbu jarayon mamkakatimizda sodir bo‘lmoqda.

Muammoning yana bir salbiy jihati shundaki, ushbu pullar xorijiy valyuta hisoblanadi. Mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi uchun valyuta chetga chiqib ketishi emas, balki kirib kelishi kerakligini iqtisodchilar yaxshi tushunishadi. Eng qizig‘i esa ushbu valyuta evaziga mamlakatimizga hech narsa kirib kelmasligidir. Iqtisodiy qonunlar bo‘yicha mamlakat hududidan 1 so‘m tashqariga chiqsa, uning o‘rniga 1 so‘mlik mahsulot yoki xizmat kirib kelishi kerak. Ana shunda iqtisodiy muvozanat ta’minlanadi va iqtisodiy o‘sishga erishish mumkin bo‘ladi. Bu holatda mamlakatdan pullar shundayligicha chiqib ketmoqda. Bu esa iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar ushbu holatga o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, jiddiy oqibatlarga olib kelishi hech gap emas.

Yuqorida aytib o‘tilgan muammo bugungi kunning dolzarb masalalari qatoriga kiradi desam xato qilmagan bo‘laman. Bu muammoni bartaraf etish uchun esa quyidagi takliflarni bildiraman:

- mamlakatimizda xorij davlatlarining bukmeykerlik kompaniyalariga tegishli onlayn pul tikish internet saytlariga cheklovlar o‘rnatish zarur. Bu orqali qimorga berilgan insonlarning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishiga chek qo‘yish mumkin. Natijada, ular, oxir-oqibat, taqdirga tan berishadi va sekin-asta bunday saytlar hamda pul ishlashning ushbu yo‘lidan voz kechishadi;

- mamlakat hududida bukmeykerlik kompaniyalari saytlariga pul tikish imkoniyatini yaratib beruvchi shaxslarni aniqlash va ularga qarshi jiddiy choralarni ko‘rish darkor.

Bukmeykerlik kompaniyalari saytlariga elektron shakldagi valyuta mablag‘lari (AQSH dollari, Rossiya rubli va boshqalar) ni turli xil yo‘llar orqali o‘tkazib berish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasi yoki Jinoyat kodeksining 177-moddasi, ya’ni valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish bo‘yicha qonuniy jazo choralari ko‘riladi. Shunday ekan, yon-atrofimizda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bo‘lsa, ularni o‘z vaqtida bu yo‘ldan qaytarganimiz ma’qul.

Yuqorida ta’kidlangan muammo kimlargadir arzimas tuyular, yetkazilayotgan iqtisodiy zarar ham ba’zilar uchun katta miqdordagi mablag‘ hisoblanmasligi mumkin, biroq yo‘qotilayotgan vaqt va kelajakni hech kim inkor qila olmaydi. Shu boisdan ham bunday muammolarga ko‘z yummasdan ularni bartaraf etish bugungi davr talabidir. Siz-u bizning yaqinlarimiz orasida ham pul topishning mana shunday yo‘liga qiziqib qolganlar borligini ishonch bilan ayta olaman. Ularni kech bo‘lmasidan ortga qaytarishda har birimizdan talab etiladigan yagona narsa befarq bo‘lmaslikdir.

3.12 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.12 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.10 / 2
  • Муштарийлар баҳоси
    4.34 / 3

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

1 Отабек Йўлдошев 20/04/2018
4 Abdumuminov Mustafo 27/04/2018
0.5 Aziz Qarshiyev 15/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
5 та фикр