Boshqa she’r yozmay qo‘ydim

Azizbek Yusupov
Саралаш

Korrupsiya — o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, u deyarli barcha insonlarda uchraydi. U qayerdan kelgani, qachon paydo bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Kasallik bemor orqali boshqalarga ko‘pincha kaftlar orqali yuqadi. Bu kasallik hozirgi kunda ancha rivojlangan. Kasallik belgilari: O‘zingizni bexavotir sezasiz, xotirjamlik va uyquni yo‘qotasiz, nimadandir cho‘chiysiz. Eng so‘ngida vijdoningiz qiynaladi. Darvoqe, vijdon yo‘q-ku!..

Ilhom bilan yozaturib siyqasi chiqqan mavzuga bel bog‘laganimni, endi qo‘ldan kelgancha ushbu muammoni “do‘pposlash” kerakligini, ota-bobomiz bizga “meros” qoldirgan (ba’zi birovlar uchun) “yo‘rgakdan tekkan odatni” iloji boricha soddaroq tushuntirishga harakat qilishim kerakligini sezdim. 

1-voqea: Komissiya

Hay, o‘quvchilarni miyasini oldi-qochdi gaplar bilan to‘ldirmay gapning po‘stkallasiga o‘ta qolay: xullas, maktabimizga komissiya keladigan bo‘ldi. Vazirlikdan deyishdi. Endi komissiya (o‘qituvchilarim tili bilan aytganda) bosgandan keyin, o‘zingizga ma’lum hamma tipirchilab qoladi. Ustozim direktor bilan uyoqqa boradi, baqiradi, buyoqqa keladi, chaqiradi. Axiyri ma’naviyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari A…aka (ismini aytsam meni dabdalam chiqishi aniq) bu “to‘siq”dan chiqish yo‘lini topdi. (O‘zi rosayam aqllida bunaqa ishlarga. Shuning uchun ham direktor uni hurmat qiladi!) Yugurib bizning, 10-sinf xonasiga kirdi.

—Hurmatli o‘quvchilar, —dedi A. —Komissiya kelyapti, sizga bu ma’lum. Shuning uchun bizga yordam berasizlar. Lekin o‘tgan safardagiga o‘xshab qovun tushirmanglar… Aytganimni qilsanglar attestatlaringni kamida 4—5 ga to‘g‘irlab beraman.

-O‘o‘o‘!, —dedik baravariga. —Biz rozi!

Hozir ustoz aytgan “qovun masalasi” bundan ikki yil oldin bo‘lgan edi. Voqea bunday: O‘shanda ham maktabga komissiya kelgan. Ta’lim vazirligidan. O‘quvchilarni bilimini tekshirish uchun test olishgan, davomatni ko‘rishgan… shunaqa “mayda-chuyda”. Aynan 9-sinfni tekshirishgan. 9-sinf esa eng rasvo sinf deb maktabda nomi chiqqan edi. Bolalarning yarmi yo‘q, kundalik tutilmagan, daftar, kitob yo‘q, formani gapirmasa ham bo‘ladi, buning ustiga kallada hech narsa yo‘q. O‘qituvchilarimiz bunga yechim topaman deb, u yoqqa yuradi, bu yoqqa yuradi. Ayrimlarini tirnoqlarini tishlaydi, o‘ziniki qolmasa yonidagilardan so‘rab turadimiey. “Nima qilish kerak, nima!” Nihoyat bizning 8-sinfdagi a’lochilarini tez fursatlarda 9 ga “o‘tkazishdi”.

—Sen Qayumova Nargizasan, esingda qolsin Nargiza! Sen esa Azamat Qobilov uqdingmi? Sen anovi Jasur. Sigaret chekadigan bor-ku, o‘sha! Agar so‘rashsa men 9 da o‘qiyman denglar. Test javoblarini beramiz. Bizni sharmanda qilmanglar!

Kirdik. Makaron sochli ayol kelib familiyamni so‘radi. Men esa uni sochlariga mahliyo bo‘lib, nima uchun bu yerda o‘tirganimni unutgan holda o‘zimnikini aytib qo‘yibman… O‘qituvchilar meni yeyishadi. Komissiya jurnalda bu familiya yo‘qligini bilishgach, gap nimadaligini payqashdi.

—Hali bizni ahmoq qilmoqchimidilaring, lo‘ttivozlar (Menimcha, bu ayol qashqadaryolik bo‘lsa kerak. Chunki tarix o‘qituvchimizdan boshqa biror kim bu so‘zni ishlatmasdi. Tarix o‘qituvchimiz esa Qamashidan)

—Yo‘q, yo‘q. Bu yerda tushunmovchilik bo‘lgan ko‘rinadi, — deya direktor o‘rinbosari ayolni eshik tomon tortdi. Ertasi kuni eshitishimcha, o‘qituvchilarimiz bitta choyxonaga tushgan ekan. O‘shanda meni rosa ta’zirimni yeganman. 7 ta fandan choraklarim 3 baho chiqqan edi. Ayb o‘zimda bo‘lgani uchun (!) biror nima deya olmaganman.

Bu safargi missiya ancha—muncha qiyin ekan. O‘zimizning yonimizdan to‘lab 100 tup ko‘chat ekdik. Avariya holatidagi sport zalimiznining aji-buji yoriqlarini “chiroyli” qilib berkitdik. Stadionimizda har kuni mol boqqani uchun “zavxo‘zga” qanchadir pul berib turadigan yigitga ertaga bu yerga yaqinlashmasligini tayinladik. Maktabimizning lash-lushlari, eski-tuski narsalari saqlanadigan xonani tozalab bufetga, yonidagi xonani maktab hamshirasining xonasiga aylantirdik. Hamshirani ustozlarimiz shifoxonalardan biridan faqat ertagacha bizda ishlashini so‘rashib 25 ming so‘mga “iltimos” qilishgan. Sotuvchini esa o‘zimiz topdik. Kutubxonani esa uydan kitob olib kelib to‘ldirdik. Qisqasi, tinim bilmay rosa ishladik. Men mehnat o‘qituvchimiz qarta o‘ynashdan boshqasiga yaramasa kerak deb yurardim. Adashgan ekanman. Ikki soatda besh-oltita shunaqangi chiroyli qilib peshtaxta yasadiki, asti qo‘yaverasiz. Guldek hunari bor ekan, Baraka topgurni. Ingliz tili o‘qituvchimizni aytmaysizmi, hech bo‘lmaganda 25 kilo chiqadigan qorni bilan maktab darvozasini tepasiga chiqib, arkasifat temir to‘sinni erinmasdan bo‘yab chiqdi. Oxirida ortib qolgan bo‘yoqlardan darvozaga chiroyli qilib o‘quvchilarni rasmini chizib qo‘ydi. Rasm o‘qituvchimiz buni ko‘rsa bormi… Aytgancha, ko‘ra olmaydi. Chunki o‘tgan yili ishdan bo‘shagan, aniqrog‘i bo‘shatib yuborishgan. O‘zi yoqmasdi shu odam. Qachon qarama darsda yo‘talgani yo‘talgan edi. (Mish-mishlarga qaraganda tuberkulyozga chalingan emush).

Ertasi kuni biz “intiq” kutgan komissiya keldi. Sotuvchi va hamshira o‘zlarini ancha yildan beri ishlashayotgan kishilardek ko‘rsatishdiki, ularning aktyorlik mahoratlariga beixtiyor tasanno o‘qib yuborasan. Ustozlarni-ku aytmasayam bo‘ladi. Dars vaqtida 45 daqiqa tinmay telefon chuqalab o‘tiradigan matematika ustozimiz, qorovullar bilan narda o‘ynab o‘tiradigan biologiya ustozimiz, fani tarix bo‘lsa-da faqat fudbol haqida gapiradigan domlamiz shunaqa shijoat, shunqa sitqidillik bilan dars o‘tishdiki… (O‘zlari ham bunaqa karomatga ega ekanliklarini bilmagan bo‘lsalar kerak) Xullas, komissiya keldi, ko‘rdi, maqtadi, ketdi. Choraklar 5 chiqdi. O‘quvchilar xursand. O‘qituvchilar xursand. Komissiya xursand. Faqat oshqozonimni tepasi bilan yuragimni pastida nimadir bordek, sal og‘ridi. Menimcha, vijdon deganlari shu bo‘lsa kerak. 

2-voqea: She’rimni chiqaryapman…

Uncha-muncha she’r yozib turardim. Bir kuni birorta gazetaga yuborishga ahd qildim. Tuman markaziga borib she’rimni pochtadan yubordim (konvertini Toshkentda o‘qiydigan akamdan olib keltirgandim). Chiqmadi. Xomroq bo‘lsa kerak, deb yaxshilab sayqallab yana yubordim. Chiqmadi. Bu holat bir necha marta takrorlandi. Foydasi bo‘lavermagach, oxiri o‘zim bordim gazetasiga. Muharrir degan “kattasi” bilan uchrashdim. Anchadan buyon she’rlarimni yuborayotganimni, lekin birortasi shu paytgacha bosilmayotganini, bundanda saviyasiz she’rlar bosh sahifada chiqayotganini aytdim. O‘zim bilan olib kelgan ikkita she’rimni o‘qidi.

—Yaxshi yozar ekansan. Xudo xohlasa keyingi sonda chiqaramiz!

Xursand bo‘lib uyga qaytdim. Keyingi sonini kutdim… Undan keyingisini ham… Maktabda birga adabiy klubga qatnaydigan shoira qiz menga “asl haqiqat”ni aytdi:

—Pul bermasangiz bir qator so‘zingizni ham chiqarishmaydi! Meni she’rim chiqishi uchun ancha “yugurib”, ancha “ter to‘kkanman!”

Eee, endi tushundim. Tag‘in bordim, o‘sha tahririyatga, o‘sha muharrir oldiga. She’r qog‘ozimning orasiga 2017-yilda chiqqanidan to‘rtta qo‘shib berdim.

—Nega shu vaqtgacha chiqarmaganimzga xayronman. Navbatdagi sonda, albatta, chiqaramiz!

Chiqdi. Xursand bo‘ldim. Tagiga ismimni ham yozib qo‘yishibdi. Uydagilar ham xursand bo‘ldi. Faqat… faqat boshqa she’r yozmay qo‘ydim… 

3.82 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.82 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.15 / 9
  • Муштарийлар баҳоси
    4.37 / 6

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

4 Gayratjon Turdiev 17/05/2018
4.5 Otabek Yusupov 17/05/2018
4 Озоджон Ҳамроев 17/05/2018
4 Guli Nigor Avazova 17/05/2018
5 Aziza Sobirova 17/05/2018
4 Xudoyberdi Mirhosilov 20/05/2018
4.5 G'ayrat Norqobil 20/05/2018
4 Baxtiyor Ahmad 21/05/2018
4 Javohir Izzatullaev 21/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
2 та фикр