“Yashil” Afg’oniston va “sariq” O’zbekiston: JST olabo’jimi(di)?

Valijon Turakulov
Саралаш

“Tu-tu-tut, tu-tu-tut, tu-tu-tut, tu-tu-tut, tu-tu-tut, tu-tu-tut, tu-tu-tut, tu-tu-tut...”

Ana qahramonimiz ham uyg’ondilar!

Ha, tepadagimi, u “budilnik”ning ovozi edi-ku. Ha, ha xuddi o’zi... O’sha siz “sevib”, “yotvoliiiiib” eshitadigan (yoki shunga majbur bo’ladigan) va oxir oqibat sizni turishga majbur qiladigan xitoylik qizning “qo’llari”.

• Ertalab qalin rus o’rmonlaridan keltirilgan va Shvetsariya (IKEA)da shakl berilgan divanning ustidagi vetnamlik ona qo’llarida “dunyo yuzini” ko’rgan par yostig’-u to’shakchalarda Xitoyning g’ala-g’ovurida o’nlarcha davlatlardan kelgan qismchalarni birlashtirish orqali sizning “Made in Turkey” shimingiz cho’ntagigacha yetib kelgan aqlli telefoningizning yuqoridagi ovozi bilan uyg’ondingiz...

“Made in Ukraine” tish pastasi va “Made in China” tish cho’tkasi orqali tishlarni tozalab, “Made in Combodia” sochig’ingizga artindingiz...

“Made in France” Tefalda suv qaynatib shri-lankalik qoramag’iz qizning siz uchun tayyorlab qo’ygan ko’k choy barglariga negadir ishtahangiz bo’lmadi...

• Qavargan qo’llari bilan quyoshning sariq nayzalari ostida sizga kofe donachalarini terib bergan o’sha brazilyalik opa-singillarni-yu va bu kofe donachalarini Angilyada qadoqlab o’sha xushbo’y kofe hidini dimog’ingizgacha yetib kelishiga sabab bo’lgan minglab insonlarni bir eslab qo’yasizmi shu damda, birodarim?

Qozoq dehqonining oliy navli unidan tayyorlangan shirmoy nonni, daniyalik “sigir”ning qaymog’iga botirib ajib bir rohatni his qilganingizda-chi?

Isroilning uzun tolali paxtasidan Turk ishbilarmonlari tomonidan “Made in Taiwan” iplaridan foydalanib tikilgan bejirimgina kostyumingizni yelkaga tashlab, “Made in India” tugmachalarini qadab, “Made in Italia” oyoq kiyimningiz kiyganingizda-chi?

Yuzlab davlatlarda ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlar nemis injenerlari tomonidan "birlashtirilib" yurtimizga keltirilgan o’sha yashil avtobuslarda ish tomon ravona bo'lgangizdachi?

• Ishga borib, “Made in Japan” (stainless steel) po’lat materialidan bangladeshlik temir ustalari tomonidan yasalgan eshik tutqichini...

Ha, mayli, keling do’stim, shu yerda to’xtataylik. Yanayam, hali uyg’onganingizga 2 soat bo’lgani ham yo’q. Aytganday, yuqorida qandaydir oliy tabaqa haqida gap ketgani yo’q. Balki, aynan siz va men haqimda gapirildi. 

- Nima bo’lyapti o’zi?

Mahsulotlarning turi ko’paygani sari, dunyoyimiz “torayib” ketyapti, birodar...

“Torayib ketish” esa globallashuv deb ataladi. Globallashuv atalmish mexanizmni yurgizib turgan “mator” esa xalqlarni bir manfaat ustida birlashtirgan xalqaro savdodir! Ayni paytda bu “mator”ning bosh injeneri JST, ya’ni Jahon Savdo Tashkilotidir. 

Xalqaro savdo shunday jarayonki, siz maza qilib uyquni “urayotganingiz”bir paytda sayyoramizning boshqa bir burchagida kimlardir sizning tonggi nonushtangizni tayyorlash uchun ter to’kib mehnat qilayotgan bo’ladi. 

To’g’ri, hamma ham o’z manfaatlarini o’ylab mehnat qiladi. Va bu tabiiy hol! Qiziq tomoni esa, bundan har ikki tomon ham manfaatlanadi, foyda ko’radi, rozi bo’ladi. Balki, shunga aytsa kerak-da “savdo-sotiqda baraka bor” deb.

“Shaharda “yashil”lar”!

O’sha chegara bilmas globallashuv mashinasi va uning “matori” quyidagi xaritada yaqqol ko’ringan, desak xato qilmagan bo’lamiz.

                                             Manba: Jahon Savdo Tashkiloti (Tayyorlovchi: Valijon Turakulov)

Mana shu yashil hududlar biz iqtisodchilar nazdida globallashuvning yaqqol ko’rinishidir. Manfaatlarning chegarasizligidir. Dehqonchasiga, lo’nda qilib aytganda, vetnamlik dehqon bir qop guruchini qo’ltiqlab olib koreyslarning qozoniga oz-ozdan to’kib chiqayotgandek gapdir (xuddi siz ertalab brazilyalik opaning qo’lidan qahva ichganingizdek).

– Iyi, shoshma, ha bu Afg’oniston ham allaqachon “yashil” ekan-ku, nega biz “ammamning mushugi”dek sarg’ayiiiib turibmiz? – degan savol tug’ilib qolsa (mabodo).

– Bu xarita Jahon Savdo Tashkiloti (JST)ga a’zo dav... – deb gapni tugatmasimdan oldin yuqoridagi savolingizga javobni o’zngiz berib qo’ysangiz kerak.

– JSTga bizning bozor hali tayyor emas-da!

JST nomli olabo’ji!

Shu gaplarni eshitsam (ayniqsa, davlat “odami”dan), “Odam o’zi tanimaganining dushmani” degan hikmatli so’z yodimga keladi. Bizga Jahon Savdo Tashkilotini deyarli “olabo'ji”dek ko’rsatib qo’yilgan desam ishonavering. Yaqin-yaqingacha o'zim ham davlat miqyosidagi ulkan - JST ga a'zo bo'lishlikdek hodisaning kechikayotganligini "bozorimizning tayyor emasligi" bilan oqlab kelar edim. 

Vaholanki, JSTga a’zo bo’lgan davalatlarning deyarli yarmidan ko’pi bizga o’xshagan “yosh-yosh” davlatlardir va hatto 36 tasining bozori biznikidan 3-4 barobar “tayyor bo’lmagan” bozorlardir (third world countries).

Negadir, ko’pchiligimizning nazarimizda JST ga a’zo bo’ldik degan kunning ertasigayoq ertalabdan “pajarniy”larning paqiriga o’xshagan uchburchak shlyapa kiyib olgan tailandlik dehqonu, og’ilxonasidan yangi sog’ilgan sutni olib chiqib bozor rastasiga qo’yib olib sotib o’tirgan daniyalik yuzida sepkilchalari bor oq tanli xonim keladiganday go’yo.

Aslida, JST ning asosiy maqsadi savdoga erkinlik berib ehtiyojlarning tariflar va boshqa to’siqlarsiz qulay va arzon narxlarda iste’mol savatchingizga kelib tushishini ta’minlashdir. Buning uchun davlatning bozori “ko’taradigan” darajada bosqichma-bosqich tadriji mexanizmlari bor. Hatto davlatning ba’zi “nozik” sohalariga 20-30 yillab imkoniyat beriladi yoki umuman “tegilmaydi”.

Faqatgina nozik tomoni har bir davlat xalqaro savdoga erkinlik berish bilan bir qatorda bir me’yordagi yondashuvni ham ishlab chiqishi kerak bo’ladi. Afsuski, davlatimizning 1994-yili JSTga tashlab qo’yilgan arizasi, rostan ham shunchaki “tashlab” qo’yilgan ko’rinadi. Boshqacha qilib aytganda, biz me’yorni saqlashda me’yordan chiqib ketdik. Boshqa davlatlar JSTning “suvini siqib”, oladiganini olib bo’lgach, undan ham qoniqmasdan ikki tomonlama Erkin Savdo Bitimlari (Free Trade Agreement) orqali dunyo bozorlarini bo’lib olish bilan ovora.

O’zbekiston va Ukraina o’rtasidagi erkin savdo shartnomasi bor yog’i 7 betlik hujjat bo’lsa, Koreya va AQSH o’rtasidagi shartnoma 695 va ilovalari bilan 900 betdan oshib ketadigan og’irgina bir kitob!

GM Uzbekistan Asaka zavodi Ta’minot (Supply Chain) bo’limida ishlaydigan bir yaqin do’stimdan so’radim. Bitta mashinani ishlab chiqarish uchun 50 dan ortiq davlatning “qo’l”i qora moyga belanar ekan. To’g’ri, JSTga a’zo bo’lishlik yurtimizga chaqirilmagan mehmonlar, ya’ni “ko’z qisiq” “begona” mashinalarning kirib kelishiga sabab bo’ladi. Lekin, birodar, siz tanganing ikkinchi tomoniga ham qarang-da! JSTga a’zolik bizga ham boshqa davlatlar bozoriga erkin kirib borish imkonini beradi, yurtimizda “GM Uzbekistan”ning “yakka hokimiyat”iga barham beradi, 50 dan ortiq davlatdan kelayotgan ehtiyot qismlarning tez va erkin harakati ta’minlanadi. Umuman, har qanday sohada katta o’zgarishlar bo’lishiga – xalqaro standartlarga moslashishga imkon yaratiladi.

• JSTning yordam dasturlari orqali yurtimizning juda ko’p sohalari dunyo hamjamiyatiga moslashtiriladi. • Buning uchun kerak bo’ladigan kadrlar yurtimizda va xorijda JSTning ekspertlari tomonidan o’qitiladi. • Bozor iqtisodiyoti mustahkamlanadi.• Bojxona ma’muriyatchiligi osonlik va tezkorlik prinsiplari tomon siljiydi.• Paxta monopoliyasini bartaraf etish, fermer xo‘jaligiga nimani ekishni va bozor narxida sotishni erkin tanlash imkoniyati beriladi.• Investorlarni jalb qiladi.• Har qanday savdoga oid xalqaro kelishmovchiliklarni JSTning Nizolarni Bartaraf etish (Dispute Settlement) mexanizmi orqali yechish imkonini beradi.

Xulosa o’rnida aytmoqchi bo’lganim shuki, bu maqola yurtimiz uchun katta qadam bo’lgan JSTga a’zo bo’lishdek nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, ilmiy, siyosiy ulkan hodisa bo’sag’asida yozilgan kichkinagina bir “turtkicha”dir. Hukumatimiz tomonidan allaqachon JSTga a’zo bo’lishni tezlashtirish haqidagi gaplar quloqqa ilinib qolayotgani odamni xursand qilsa-da, oddiy xalq orasida JSTga hali ham cho’chibroq qarash tuyg’usining yo’qolishga ozgina hissa qo’sharmikan degan maqsadda Koreyaning Inha Universiteti Xalqaro Savdo yo’nalishida ta’lim olayotgan, kursdoshlari tomonidan hayronlik bilan “Iyi, hali ham JSTga a’zo emasmisizlar?!” deb so’ralgan savollar oldida yuzi bir qizarib oladigan talaba tomonidan yozildi! "Yaxshi ot keyin chopadi"... Lekin juda ham kechikib ketmaydi!

P.S. Hech narsa mukammallikka da’vo qila olmaganidek JST ham ba’zi kamchiliklardan xoli emas va u alohida bir mavzu. Lekin umumiy holatda bu kamchiliklar JSTga a’zo bo’lishdan keladigan foydalar oldida arzimasdir. 

3.87 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.87 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.21 / 18
  • Муштарийлар баҳоси
    4.39 / 28

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Бахтиёр Шералиев 30/04/2018

Afsus 6 qo'yish imkoni yo'q ekan! Muallifga tasannolar!

3.5 Мақсуд Саломов 01/05/2018
5 Олимжон Солижон ўғли 05/05/2018
4 Давронбек Тожиалиев 06/05/2018
5 Шерзод Шерматов 10/05/2018
5 Маҳсуджон Асқаров 13/05/2018
4.5 Расул Кушербаев 15/05/2018
4 Саид-Абдулазиз Юсупов 17/05/2018
4 Қаҳрамон Асланов 18/05/2018
5 Нигора Умарова 18/05/2018
4.5 Мубашшир Аҳмад 19/05/2018
5 Тўлқин Юсупов 19/05/2018
4 Беҳзод Қобулов 19/05/2018
4 Уйғун Ғафуров 19/05/2018
4 Умид Гафуров 20/05/2018
4.5 Мансур Тангишов 20/05/2018
4 Музаффар Назаров 20/05/2018
4 Иноят Садикова 20/05/2018

+ va - lari tahlillari yetishmagan

5 Нодир Закиров 21/05/2018
5 Абдумалик Носиров 21/05/2018
4 Адҳам Отажонов 21/05/2018
5 Ботиржон Шерматов 21/05/2018
4.5 Шунқор Чориев 21/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
12 та фикр