START TO'PPONCHASI

Nurmukhammad Nazimov
Саралаш

Soat 10.25. Vanihoyat, uzoq kutilgan katta tanaffus qo’ng’irog’i ham chalindi. Bu qo’ng’iroq o’quvchilar uchun xuddi sprint bahslaridagi start to’pponchasi ovozidek tuyulgan bo’lsa ajab emas, negaki o’qituvchi hali uy vazifasini berishga ulgurmasidanoq, sinfxonadagi deyarli barcha bolalar narsalarini sumkalariga joylashga tushdi. Kimdir bo’sh oshqozonning amri bilan, “somsachi amaki”ning somsalari tugab qolmasidan o’z nasibasini oldirib qo’ymaslikka bel bog’lagan bo’lsa, yana kimlardur maktab hududidan uncha uzoq bo’lmagan joyda maxsus korxona ishchilari uchun ochilgan “pirashkichi xolalar” dargohida mavjud 3 ta stoldan biriga ega bo’lishga oshiqadi. Qizig’i shundaki, maktabda oshxonaning yo’qligi boshqa turdagi bahslarni ham keltirib chiqaradi. Misol uchun, ba’zi paytlarda (asosan issiq kunlari) raqobat nafaqat “nasiba” ustida, balki yaxshiroq sharoitda tamaddi qilib olish uchun soya-salqin joylar ustida ham kechadi. Bu holni juda ham yaxshi tushungan ustozlar “to’pponcha ovozi” ga qadar uy vazifasini berib, bolalarni baholab ulgurishga harakat qilishadi. Shubhasiz, shuning o’zi ham o’sha damda ko’ziga eng yaqin do’sti ham raqobatchi qiyofasida gavdalanadigan ba’zi bolalar uchun katta yordam hisoblanadi.

Tanaffus vaqti. Bu holatni hazm qilishi qiyinroq kechayotgan maktabning yangi hodimi maktab hovlisida biroz sayr qilishga qaror qildi. Bir tomonda 45 minut futbol o’yinining jozibasiga to’ymagan bolalar tanaffus vaqtida ham “Londonning quyuq tumani” orasida to’p tepayotgan bo’lishsa, boshqa tomonda “Pirashkichi xolalar” dargohida joy topolmagan va daraxtlar tagidan joy olishga erishgan mag’rur bolalar o’zlarini xuddi “La Piola”dagidek his qilib, zavq bilan ovqatlanishardi.” London tumani” bilan qorishgan somsa va pishiriqlarning ta’mi, uning “foydali” oqibatlari faqatgina o’quvchilarning o’ziga ayon bo’lsa kerak.

Kirish qo’ng’irog’i ham chalindi. Ovqatini yeyishga ulgurgan bolalar darrov xonalari tomon otlanishdi, hali ulgurmaganlar esa vaqttan yutish maqsadida eshik oldida paydo bo’lgan navbatning oxiriga o’tishdi. Biroz vaqt o’tgandan keyin esa bir guruh o’quvchilar maktab binosi tomon shoshilgancha yugurib kelishdi, Ammo kech … Dars boshlanganiga allaqachon 5 daqiqa bo’ldi. Kech qolgani uchun bolalarni koyigan ma’muriyat hodimlari ham, fan o’qituvchisi ham aslida ich ichidan qorin dardida yurgan bechora bolalarning ahvolini tushunardi,ammo nailoj?! Agar koyimasa ertasi kuni yanada kechroq qolishi mumkin. Bolada,axir. Kech qolganlar orasida ba’zida “avval iqtisod, keyin siyosat” deb g’o’ngillab qo’yadigan “mard”lar ham topilib turishi bir tomondan hurmatsizlikdek tuyulsa, ikkinchi tomondan bolaning o’z fikrini ochiq ayta olganligi oz bo’lsada odamni quvontiradi.

Yuqoridagi holat yangi hodimni chuqur o’ylantirgan yagona sabab emas edi. Kelinglar, ushbu voqealar rivojiga boshqa tomondan nazar tashlaylik.

Soat 10.25. Vanihoyat, uzoq kutilgan katta tanaffus qo’ng’irog’i ham chalindi. Bolalarning deyarli barchasi o’z yo’laklari orqali “finish chizig’i” tomon shoshilishdi, ammo… Ammo ularning orasida o’z sinfining eng a’lochi o’quvchisi, mabodo biror fandan 4 baho olib qolsa o’zi bildirmaslikka harakat qilsaham ko’zi darrov yoshga to’ladigan bir bolakay yo’q edi. Ustoz hayron qolib (chunki bu birinchi martta kuzatilayotgan holat emas edi) undan nega boshqa bolalarga o’xshab katta tanaffusga oshiqmasligini so’radi. Endigina yuqori sinfda o’qishni boshlagan bo’lsada, aqlli,biroz bo’lsada yumor hissiga ega bo’lgan bola “ko’p ovqat yevorsam figuram buziladi ustoz” deb vaziyatdan chiqishga urindi. Ko’rinishidan ozg’indan kelgan, novcharoq bolaning javobiga shubhalangan o’qituvchi, mashg’ulotlardan so’ng bolakayning oilaviy ahvoli haqida ma’lumot axtara boshladi. Ne ko’z bilan ko’rsinkim, sho’rlik bir necha yillar oldin otasidan ayrilgan, onasi esa boshqa bir maktabda oddiy farrosh bo’lib ishlar ekan. Ustoz bechora bolaning “figurasiga” nega bunchalar ham ko’p e’tibor berishini, uning katta tanaffus vaqtida o’ziga o’xshagan “fitnes ixlosmandlari” bilan boshqa bolalar tanaffusda dam olayotgan paytda biror bir sinfda yig’ilib dars tayyorlashi sababini to’laligicha tushunib yetdi va bergan savolidan qattiq afsuslandi.

Oliygohni bitirib, minglab orzu-maqsadlar bilan ish faoliyatini boshlagan yangi hodim atrofda yechim talab qilayotgan muammolarning talayligini bilsa ham, bu darajada ta’sirli ekanligini sezmaganligini angladi va ularga o’zicha imkon topishga urindi, negaki u bunday hollar nafaqat u ish yuritayotgan dargohda, balki ko’plab chekka hududdagi donishgohlarda ham uchrashini bilardi. Balki shunday iqtidorli o’quvchilarni bilim olishga bo’lgan intilishini yanada oshirish va ularning mehnatini qadrlash maqsadida har oy bo’lmasa ham, har chorak oxirida maxsus stipendiyalar bilan rag’batlantirib turish kerakdur? Faqatgina 2 parcha qog’ozning o’zi hozirgi yoshlarga yetarlicha motivatsiya bermayotgani sir emas,albatta. Bu barcha o’quvchilarga birdek stimul bo’lish bilan birgalikda, ota-onalarga ham aynan uning farzandi rag’batga ega bo’lishi uchun vaqtini ish va seriallardan tashqari bolasining ta’lim-tarbiyasiga ham vaqt ajratishiga turtki bo’lsa ajab emas.

E’tibor markazidan uzoqda joylashgan ko’plab o’quv dargohlarida mavjud oshxona, sport zallari, o’quv jihozlarining yetishmovchiligi, isitishdagi kamchiliklar asta-sekin bartaraf qilinayotsan bo’lsa ham, ammo ba’zi bilim maskanlarining “reja” ga tushishga bo’lgan ishonchi, yildan yilga qorbobo mavjudligiga bo’lgan ishonch singari tadrijiy ravishda o’zgarib bormoqda. 

3.42 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.42 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.16 / 4
  • Муштарийлар баҳоси
    4.37 / 7

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Хондамир Рахматов 11/05/2018
4 Aziza Sobirova 11/05/2018
4.5 Gayratjon Turdiev 14/05/2018
5 Muhammadsodiq Donayev 17/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
1 та фикр