"O'zbekiston kelajagi buyuk davlat" yohud sayohatni birga qilamiz! (3+1/56)

Davronbek Alijonov
Ярим финал

   1991-yil O'zbekiston o'zining mustaqilligini e'lon qildi va o'tgan 27 yil vaqt oralig'ida misli ko'rilmagan o'zgarishlar amalga oshirildi. Siz bir sohani tanlab ayting, men sizga o'sha sohada qo'lga kiritilgan yutuqlarni sanab beraman. Hullas, siz madaniyat deysizmi, ma'rifat deysizmi, sport, iqtisodiyot, xarbiy salohiyatlar, inson huquqlari... Bu sanashlarim tugamaydi. Endi to'htang! Keling, o'z Vatani kelajagi haqida qayg'urgan ikki vatandoshlar kabi suhbatlashsak. Menga bir jumla juda ham yoqadi. Shu bilan birga bu jumla meni ruhlantiradi. "O'zbekiston - kelajagi buyuk davlat". Lekin rostdan ham shundaymi? Bu jumlani o'zimizdan boshqa qaysi mamlakatda yana ayta olishadi? Men, Alloh saqlasin, qora niyatim yo'q, Vatanimning kelajagi albatta buyuk bo'lishligini chin qalbimdan istayman. Bu jumla ma'nosini hayotimizda ko'rishimiz uchun butun O'zbekiston xalqi javobgarmiz. Bugungi kunimizning harakatlari ertangi kunimiz buyuk yoki buyuk emasligini hal qiladi.

   Bu musobaqaning birinchi bosqichida foto-bloger sifatida o'z faoliyatim bilan tanishtirdim. O'zim aviasanoat sohasida ishlaganim uchun turli mamlakatlarga sayohat qilish imkoniyatiga egaman. Havaskorona rasmlarim yoki vloglarim mening ishdan tashqari bir qiziqishim. Lekin albatta borgan mamlakatlarimda ko'rganlarim mening asosiy tajribalarim va sayohatlarim mevalari. Birinchi bosqichda ham, yarim final bosqichida ham boshqa blogerlar tomonidan qoldirilgan ishlarni, ya'ni blogpostlarni e'tibor bilan o'qidim. Qandaydir muammo ko'tarilgan va aynan shu muammoga hayoliy yechim berilgan. Ularning ko'pi menga juda ham yoqdi. Bu muammolar bizda mavjudligi bor gap. Men bugun ozgina noodatiy narsani sizlar bilan sinab ko'raman. O'quvchimga bu blogpost orqali shaxsiy psihologiyasiga salbiy ta'sir qilmasdan, bizning yurtda bor narsalar haqida emas, boshqa yurtlardagi menga inglizlar aytganlaridek "wow experience" bergan -  ko'rganlarim haqida yozaman. Va albatta, agar siz "Bu yomon" bilan "Bu yaxshi emas" ni tushunsangiz, men borgan 56 mamlakatdan 3 tasiga ushbu blogpostda g'oyibona sayohat qilishga taklif qilaman.

   Sayohatimizning birinchi nuqtasi bu Italiya mamkalatidir. Italyan inson uchun Italiya dunyodagi eng yaxshi mamlakat. Biznikilar ham O'zbekistonni eng yaxshi mamlakat deb hisoblashadi. Bu to'g'ri, lekin italyanlarda bu hulosaga kelishlarida "Vatan" tuyg'usining roli unchalik katta emas yoki to'g'riroq qilib aytsam quruq maqtanish emas. Demak, "61 milliyon aholisi bor bu mamlakat sizni nimasi bilan rom etdi?" deb o'ylayotgandursiz? Nima deysiz? Rim? Kolizey? Venetsiya? Ha, siz to'g'ri tahminlar qildingiz. Lekin bu hali hammasi emas. Bu mamlakatdagilar hayotning har bir daqiqasida "yashaydilar". Oddiy misol tariqasida esa ularning davlat madhiyasi nomini keltirsa bo'ladi. "Italiyaliklar qo'shig'i". Naqadar oddiy va shu bilan bir vaqtda naqadar ma'no. Italiyaliklar orasida juda ko'plab yetuk insonlar bo'lgan va hozirda ham bor. Lekin ko'pchiligimiz uchun "Don Karleon" bilan "Super Mario"dan boshqasi emas bu makaronxo'rlarda bir ajoyib tizim mavjud ekan. Agar siz biron bir joyda "oylik"ka ishlasangiz, 13-oy ham paydo bo'lar ekan. "Bu qanaqasi?" deb o'zingizni hayron holatda topdingizmi? Men ham :). Keyin bilsam, bu "13-oy" deganlari kompaniya ishchilari uchun to'lanadigan qo'shimcha maosh ekan. Har yilning dekabr oyi yakunida kompaniya hodimlariga maoshni ikki barobarini to'lashar ekan. Siz yana hayron holatdasiz, shunday emasmi? "Bu kompaniyalarni barbod qilmaydimi?" yoki "Italiya kompaniyalari aqldan ozganmi bunaqa qo'shimcha to'lab?" kabi savollar paydo bo'ldimi? Biz "D&G", "Ferrari", "Gucci", "Versace" kabi dunyo tan olgan kompaniyalar haqida gaplashmoqdamiz. Ular barbod bo'lmagan va o'ylashimcha yetarli darajada foyda qilishadi. Buning siri nimada ekan? Siz uchun qiziqmi? Bo'lmasa o'qing. Bu kompaniyalarda shunday tushuncha bor: "Agar kompaniya hodimlari o'zlarini stresga tushgan holatlarida ishlashda davom etsalar, ular kompaniyaga "100%"larini bera olmaydi". Ko'p stres esa insonlarda turli kasalliklar kelib chiqaradi. Natijada kasal holatlarida ishlaydigan hodimlar yoki ishga kasal bo'lganlari uchun chiqmaydigan ishchilar paydo bo'ladi. Bundan na kompaniya maxsulotlari sifatiga va na hodimlarning sog'lig'iga foyda. Qo'shimcha o'ylab topilgan 13-oy uchun berilgan maosh esa hodimlarga ishdan ta'til olganlarida sayohat qilishlariga yoki yaxshi ta'til uchun imkon beradi. Haqiqatdan ham italiyalik insonlarga sayohat haqida gap boshlasangiz, keyin og'zini yopa olmaysiz. Bu usulni hohlagancha tushunish mumkin. Hohlang, kompaniyalar o'z foydasini ko'zlab shunday qiladi deb o'ylang. Iqtisodiyotning asosiy kuchi bu pul emas, insonlar ekanligini, ularning qanday holatda ekanliklari kompaniyaning daromadiga ta'sir qilishi mumkinligi kadrlar tayyorlash markazlari tomonidan ko'p marta isbotlangan. O'zim iqtisodiyot yo'nalishida bakalavr darajam bor. Ochig'ini aytaman, a'lochi bo'lmaganman. Baholarim hilma-hilligi kamalak bo'lib yotibdi. Lekin bunday oddiy usul haqida men ham bilaman. Tushunishning ikkinchi turi esa "Italiyadagi kompaniyalar insonlar sog'lig'i haqida qayg'uradi. Bu ham to'g'ri bo'lishi mumkin. Italiyada insonning o'rtacha umr ko'rsatkichlari 83 yil hisoblanadi. Bu O'zbekistondagi ko'rsatkichdan 15 yilga ko'proq. O'qiganingizdek, Italiyada kompaniyaning yaxshi daromad qilishligi insonlarning uzoqroq umr ko'rishligi bilan to'qnashmaydi. Italiyaga sayohatimiz so'nggida biz O'zbekistonda ham "13-oy" usuli qilishimiz kerak demoqchi emasman. O'zbekistonda o'rtacha oylik maosh bu yil 12.3 % ga oshganligi haqida xabar.uzdan o'qigan edim. Lekin aniq o'rtacha oylik qancha ekanligini yozishim, uning foydasi "Yaxshi ta'til" masalalarini qoplaydi deb o'ylamayman. Shuning uchun mening O'zbekiston kompaniyalariga bir taklifim bor. Bu tushlik vaqtining uzaytirilishi. Har kungi yarim soat yoki bir soat o'rniga ikki soat tushlik vaqti. Bu hodimlar uchun qandaydur ko'chadagi sog'liq uchun zararli taomlarni yeyishidan saqlabgina qolmasdan, shaxsiy kirim-chiqim hisoblariga, va eng muhimi oila davrasida ko'proq vaqtlarini ajratishlariga yordam beradi. Kompaniya uchun hodimdan stres holatida 8 soat ishlaganlaridan ko'ra, kuchli ruhlantirilgan holatlarida 7 soat ishlaganlari foydaliroq bo'ladi. Osmondan olib emas, hayotiy tajribani bizga Italiya berib turibdi. Albatta Italiya ham mukammal mamlakat emas. Lekin bizning sayohat maqsadimiz gullarni terish, o't-o'lanlarni emas. Endi Toshkentga qaytamiz.

   Salom O'zbekiston. Sayohat ro'yhatimizdagi keyingi mamlakatga borishdan oldin aeroportimizda biroz parvozni kutamiz. Sizga qanday bilmadim kuya, menga aeroport hodimlari charchagan holatda ko'rindi. Chunki lablari tabassumsiz va yuzlari "yonib" turmayabdi. Italiyadan olib kelgan sovg'amizdan ularga ham beramizmi? Albatta. Keyingi sayohatimizdan qaytgunimizcha natijasi bilinishi kerak.

   Fransiya. Eyfelni ko'rishni hohlaysizmi? Men ham hohlagan edim. Ko'rdim. Temirlardan terilgan bir minora. Huddi shunday minoradan men yana Dubaydagi "Dunyo qishloqchasi"da, Filipindagi bir "Parij" deb atalgan restoran kirish qismida, Malayziyada "Fransuz qishlog'i"da, va eng kulgilisini o'zimizda ham ko'rdim. Bundan bizning g'oyibona sayohatimizga foydasi buyuk emas. Bizga esa kelajagimizni buyuk qilishligimiz uchun oladigan "sovg'alar" kerak. Fransuzlar uchun ham eng muhimi Eyfel emas. Ular uchun bu minoradan ko'ra fransuz oshxonasi, taomlar tayyorlashga bo'lgan muhabbat menimcha ko'proq mantiq beradi. Men bizning yuksak darajadagi taomlarimizni fransuz taomlari bilan almashish haqida gapirmayabman. Aslo! Ginnes rekordlari kitobiga kirgan palovdan qo'ymasin deyman-ku, lekin yana bir borada "Ginnes rekordlari' kitobiga kira olish mumkinligini sezaman. Sog'lom ovqatlanadigan insonlari eng ko'p mamlakat - O'zbekiston. Qanday yoqimli daraja. Internet orqali tanishgan do'stim Chustiy bu ishni ham amalga oshira oladimi? Undan kutsa bo'ladi. Keling, Fransiyadan uzoqqa ketmaymizda, ularning taomlarga mehri va Parijning ko'chalarida oshxonalar yo'qligi va faqat restoranlarda olifta taomlanish odatlari qayerdan kelganligi bilan qiziqamiz. Buning uchun esa fransuz oilasi dasturhoniga emas, balki boshlang'ich maktab oshxonalariga boramiz. O'rganishimcha, bu mamlakatda maktab o'quvchilari uchun tushlik vaqtida ham dars o'tilar ekan. Bu qanday azoblash?! Bolani kun bo'yi och qoldirishadimi?! Aslo yo'q. Tushlik vaqtida beriladigan dars nomi "Tushlik vaqti" ekan. Unda maktab bolalari har doimgidek maktab oshxonasida to'planishgan, odob va ahloq qoidalari bilan stol atrofida joylashishgan. Bu "Tushlik darsi"ning asosiy o'quv anjomlari shu hammamiz bilgan likob, sanchqi, pichoq va qoshiq. Ularga maktabdagi bu dars qanday taomlanish haqida o'rgatibgina qolmasdan, qanday maxsulotlar inson tanasi uchun foydali ekanligi haqida tushuntirib borilar ekan. Maktab o'quvchilarining o'zlarini besh yulduzlik restoranga kelgandek tutishlari meni hayratga soldi. Mana qayerda taomlanish sirlari o'rgatiladi. Kutilmagan joyda va o'ylanmagan vaqt oralig'ida. Bolajonlar "kola" deb baqirishmasdan suv ichganlari uchun juda ham hursand. Suvning organizm bilan bog'liq tomonlarini siz dietolog bo'lmasangiz ham yaxshi bilasiz. Bu tashrif maktabimiz oshxonasiga kirish qismida bolalarning kelasi hafta ichida nimalar iste'mol qilishlari haqida ma'lumotlar yozilgan. "Fransiya rivojlangan mamlakat", "Fransiya bizdan ancha oldinda, ular boy-ku?" deb savollarga ko'mib tashlashingiz ta'biiy. Lekin bir savolni unutmang, bu maktabdagi bolalarning sog'lom taomlanishidan tashqari fuqarolarning yaxshi yashashlari uchun bir qator yaxshi amallari bor. Ular haqida gaplashmaymiz. Lekin Fransiya davlati bularni nimani hisobiga qilyabdi? Bu savolga javobimiz aziz do'stlarim, soliq bo'ladi. O'zbekistonda soliqlarni insonlarimiz o'z vaqtlarida to'lashadimi? Soliq tugul, o'z iste'mol qilgan elektr to'lovlari, gaz va boshqa kommunal to'lovlarni ham "unutib" qolamiz. Ayni haqiqat ham shunda. "Sendan ugin-yu, mendan bugina". Bu maktabning "tushlik" tizimi menga juda ham yoqdi. Lekin bu "suvenir"ning O'zbekiston maktablari oshxonalarini bezatishi uchun har kungi fuqarolik ma'suliyatlarimizni ham vaqtida ado etishimiz kerak bo'lar ekan. Sizni bilmadim, lekin menga yoqqanligi uchun o'zim bilan O'zbekistonga olib ketaman.

   Do'stlarim, men Andijonlikman. Uydagilarni ozgina sog'indim. Yo'l-yo'lakay mahallamizdagi maktabga bu "suvenir"ni ham berib qaytaman. Men bilan birga yuring, Andijonni ham ko'rib qolasiz... Andijon palovi shunaqa shirin bo'ladi, ba'zi ba'zida yeyilsa sog'liqqa zarari yo'q, osh bo'lsin. Kelinglar endi birgalashib maktabga kirib o'tamiz. Maktab ostonasida o'quvchilar uchun sotilayotgan qurutlarni qarang, nima edi bu? yoshligimizda yeganman.. Aa, esladim, qoraxat. Anavi amaki esa "non-salat" sotmoqda. Va hamma tanaffuslarini shu atrofda shu "taom"larni yeyayotgan bolakaylar. Maktab oshxonasi negadir bo'sh. Jiyanlarim oshxona poli uchun 'kraskaga" uydan pul olishgan edi. Yana boshqa oshxonasi bordur balki. Bizning Fransiyadan olib kelgan "suvenir"imizni tokchaga qo'yamizda kechki taomga burger yegani boramiz. Burger yonidagi qovurilgan kartoshkalarning nomi negadur "french fries". Fransuzlar bu haqida bilishmadi ham. To'htang, ahir burger va qovurilgan narsalar sog'liqqa foydali emasku? "Ohirgi marta endi". Dushanbadan yugurishni boshlaymiz baribir. Faqat qaysi dushanbaligi sir bo'la qolsin. Hech narsa qilmaydi.

   Toshkentdamiz, bizni kuzatib kelgan Onajonim bilan shu yerda hayrlashib olay, aeroport ichkarisiga qo'yishmaydi baribir. "Ovora bo'lmasin" deyishsa kerak. Qayerga uchamiz? Italiya va Fransiyada bo'ldik. Endi qayerga? Dorihonani oldidagi aviakassadan keyingi dorihonani oldidagi aviakassadan olgan chiptalarimiz nima deydi? Helsinki! Ajoyib mamlakat. "Nokia" rusumidagi telefon apparatlari aynan shu mamlakat maxsulotlari. Lekin bu yerga "Nokia" sotib olish uchun kelganimiz yo'q. Baribir hozir "moda"da "Iphone". Bu yerga Finlandiya ta'lim tizimi uchun keldik. "O'zimizda ham bor-ku ta'lim tizimi?!" deysizmi? Ha, borlikka bor. Lekin negadur talabalarimiz chet el mamlakatlarida o'qishiga yoki qiziqishiga hech ham tushunmayman. Shu bilan bir vaqtda, Finlandiyaliklarda dunyoning eng yaxshi ta'lim tizimi. Bu rasmiy. Buni butun dunyo tan olgan. Italiya va Fransiyadagi tajribalarimizdan kelib chiqadiki, bu yerda ham qandaydir sir bor. O'z-o'zidan birinchilik berilmagan-ku. Bu savolga javob olish uchun universitetlarga boramiz... E'tibor qildingizmi? domulalar, o'qituvchilar "Uyga vazifa" bermadi. Maktabiga bora qolaylik.. Bu yerda ham "Uyga vazifa" yo'q. Esingizdami, Andijonda maktabdaligimizda peshonasiga "2" olgan bolalar bor edi. Nima uchun desak, "Uyga vazifa" uchun deyishgan edi. Bu yerda peshonadagi "2" u yoqda tursin, "uyga vazifa"ni o'zi yo'q ekan! Qoyil! Uy vazifasiz ham talabalar yoki o'quvchilari bilan ta'lim tizimi dunyoda birinchi o'rinda. Masalaga yanada oydinlik kiritaylikmi? Bir universitet domulasining fikricha, o'quvchi yoki talaba o'qish paytidan tashqari vaqtlarini oilasi yoki do'stlari bilan birga bo'lish, sport bilan shug'ullanish, yoki o'zi qiziqqan mashg'ulot-to'garakka" borishi foydaliroq ekan. Men uning fikriga qo'shildim. Chunki elas-elas eslayman, menga 30-qatorlik she'rni yodlash uyga vazifa qilib berilganda, men she'rni yodlashdan boshqa hech narsa qilmaganman. Do'stim Lochinboy esa peshonasiga "2" olgan. Chunki uning kikboksing mashg'uloti bor edi. Oradan 10 yil o'tdi va u "Jahon chempioni" bo'ldi. Men esa she'r aytishni bilaman. Bu finlandiyacha ta'lim tizimining bizning maktablarda uchramaydigan tomoni imtihon paytda chiqdi. Imtihon savollari o'sha-o'sha. Lekin variantlar ko'rinmayabdi. Hato bosmadan chiqqanmikin desam, "Javob:" degan yozuvi ham bor. Variant yo'q! Matematika domulasidan so'ralganida u shunday javob berdi: "Bu savolga javobni bilishingiz kerak va holos". Boshqa bir ajoyib narsaga e'tibor qildingizmi? Bu yerdagi hamma maktablar bir hil ekan. Mahalla nomi bilan ataladigan maktablarda "Bu maktab yaxshi, bunisi yomon" degan gap yo'q. "Ixtisoslashtirilgan", "maktab-internat", "gimnaziya", "qimmat maktab", "hususiy maktab" degan so'zlar ham yo'q. Bu degani mamlakatdagi boy insonlar farzandlari aynan bir maktabda o'qitilmaydi. Hammaning bolasi bir hil maktabda o'qitiladi. Bu degani boylar farzandlari haqida o'ylasalar, aynan shu bir hil maktablar rivoji uchun harakat qiladi degani. Mana Toshkentga qanaqa suvenir olib boramiz! Narsalaringizni yig'ishtiring, Finlandiyadan boshqa narsa kerak emas. Rokchilar chiqib qolmasdan tezroq keta qolaylik.

   Bu "suvenir"ni egasiga topshirish uchun universitetlarimizning biriga bordik. E'lonlar doskasida "O'qishga kirish test natijalari". Test. Bir mahalladoshim juda aqlli bola edi. O'qishga kira olmabdi. Sababini so'rasam bo'yin qisdi. Boshqa bir bola oldimizga keldida, "Men o'qimagan edim, omadim kelib qoldi, "boriga baraka" qilgandim, "kontrakt"ga ilashib qolibman, zo'r bo'ldi" dedi. Unga 4 yil davomida ham o'qishlariga omad tiladim. O'qishdan keyin Omad akani oldiga borsang, ishga ham oladi.

   Aziz sayohatdoshim, sizlar bilan yana bir mamlakatga boramiz. Bu sayohat chiqimlarini o'zim qoplayman. Ana undan keyin, sizlar bilan sayohat boshqa men borgan, bilgan mamlakatlarimizda davom ettiramiz. Sayohat istagan o'quvchilarim "Finalda choylashamiz" deb izohda yozib qoldiring va albatta choylashamiz. Hakamlar ham choyni yoqtiradigan insonlar bo'lib chiqsin. :)

   Demak, "Bonus" sayohat! chiptalarni do'stim Alisherning kompaniyasidan "tanish-bilish"ga arzonroq oldim. Lekin buni nima ahamiyati bor. Biz yana sarguzashtga ketyabmiz. Bu safar sizlarni orolga olib boraman. Yani orol-mamlakat. 400.000 aholi. Dunyo xaritasi ochilganda bir nuqtachalik keladigan bu mamlakat o'z fuqarolari uchun butun bir olam. Ular shu darajada vatanini sevishadiki, mamlakatning instagramdagi rasmiy heshtegi - #ohmymalta (yani, Oh, mening Maltam) Maltaning ko'chalarida yurganimda bu jumlani juda ham ko'p marta eshitdim. Politsiya hodimlari, shifokorlar, o'qituvchilar, yuristlar, vazirlar, haydovchilar, va hattoki mamlakat prezidenti (Ha, jamiyatda qanday o'rindaligingizdan qat'iiy nazar men sizlarni aralashtirib yozdim) ushbu jumlani ishlatar ekan. Siz menga ishonavering, (Andijonlik ekanim uchun ishlatmadim) bu mamlakatning "suvenir"i vatanparvarlik. "Hazilashyabsizmi?" deysizmi? Yo'q, hazillashmadim. O'zbekistonda vatanparvarlik hissi juda yuqori bo'lishi mumkin. Hamma vatanini sevishi haqida qichqirishi mumkin, ba'zi bir shaxslar dunyo bo'ylab piyolasi, do'ppisi bilan sayohat qilib o'zini vatanparvar deb hisoblashi mumkin. "I love Uzbekistan" deb yozilgan "futbolka"lar ittifoqlar tomonidan tarqatilishi mumkin. Har kuni ertalab maktablarda, universitetlarda davlat madhiyasi yangraganda o'quvchilarimiz, talabalarimiz qo'llarini ko'ksilariga qo'yib turishlari ham mumkin. Estradamiz yulduzlari vatan haqidagi qo'shiqlarini ko'payitishlari ham mumkin. Bu "mumkin-mumkinlar" bozorini shomga qadar ochiq tutsak ham bo'ladi. Lekin ha, "suvenir" qilib olsak bo'ladi. Bu 400.000ta aholi va Malta davlatining sevgisini haqiqiy Ona-bola sevgisiga o'xshatsa bo'ladi. Onalarni yaxshi ko'rishimiz haqida ko'p gapiramiz va amalda ham buni isbotlash uchun butun jonimizni berishga tayyormiz. Demoqchi bo'lganim, aziz o'quvchim, biz onamizni sevishni faqat so'zlarda qoldirmaymiz. Vatan to'g'risida ashula aytishni, "I love Uzbekistan", "I am Uzbek" deb yozilgan kiyimlar kiyishni men amal deb hisoblamadim. Yana solishtirib ko'ring. Siz "Men onamni yaxshi ko'raman" degan "futbolka" kiyib yuribsiz. Lekin amalda bundan onangiz uchun qanday foydasi bor? Vatanni ona deyishdi. Nega ona kabi qaramaymiz? Maltada buni guvohi bo'lish qiyin emas. Vatan ko'chalari ham vatanning bir qismi, nega ko'chalarni toza holatda tutmaymiz? Maltanining ko'chalari kabi toza ko'chalarni men boshqa joyda ko'rmadim. Onalarimiz Alloh ko'rsatmasin bemor holatlarida shifokorga boramiz, kechalari uhlamasdan chiqamiz, tuzalib ketsin deb duolardan tinmaymiz. Shu amallarni vatan uchun nega qilmaymiz? Sizga shu vatanda yashash davomida turli muammolarga uchrayotganingiz sabab sizda nimanidir o'zgartirish hissi tug'iladi. Bugun shu g'oyibona sayohat davomida boshqa mamlakatlardagi yaxshi holatlar haqida 3-4 ma'lumot yozdim. Bunga nisbatan ba'zi bir tanqidchilar chiqib, "chet eldan kirib kelayotgan" deb gapiradi. Chet el ham kimgadir vatan, yani shu chet ellik fuqarolar uchun vatan, Ona. Demak ular o'z onalari haqida ko'proq qayg'urishibdi. Demak muammo ularda emas, o'zimizda.

   Niyatim bor. Italiyada, Fransiyada, Finlandiyada yoki Maltada ham blogerlar musobaqalari bo'lsin. Kimdur huddi shu blogpost kabi maqola yozsin. Uning maqolasidagi hamma "suvenir"lar O'zbekistondan bo'lsin. Keyinchalik Toshkentda yana blogerlar musobaqasi bo'lganida kimdur O'zbekiston bo'ylab yana g'oyibona sayohatda bo'lsin. Toshkentga viloyatlardan "suvenir"lar kelsin. Vatanimiz obod bo'lsin. Niyatlarim, orzularim amalga oshsa, O'zbekiston - kelajagi buyuk davlat. 

Men bilan bog'lanishni yoki sayohatlarimda doimiy bo'lishni istasangiz ilova yordamida mening Instagram sahifamga obuna bo'lishingiz mumkin. #choylashamiz

4.14 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    4.14 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.37 / 15
  • Муштарийлар баҳоси
    4.59 / 44

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

4.5 Бахтиёр Шералиев 29/05/2018

Ajoyib maqola! 13-oy deganda og'zim ochilib qolmadi, chunki maktabda 13-oy oyligini olganman. Ha darvoqe men toza tirik suvni ma'qul ko'raman)))

5 Расул Кушербаев 29/05/2018
5 Абдумалик Носиров 30/05/2018

Мен авторни ишонтириб айтаманки Ўзбекистонда 13-ойликдан ташқари 14-ойликни хам олиб ишлайдиган ходимлар сирасиданман. 14-ойлик нима дерсизлар? Бу ўша корхонада ишлаган стажтингиз учун тўланадиган яна бир "ойлик". Бизда хам бу амалиёт қўлланилган. Аксига олиб бунга анча бўлган. Аммо ходимларнинг соғлиқлари борасида иш берувчилар томонидан бизда эътибор унчалик хам мақтанадиган даражада эмас. :)

5 Мубашшир Аҳмад 31/05/2018
3.5 Давронбек Тожиалиев 31/05/2018
3.5 Қаҳрамон Асланов 31/05/2018
4.5 Мансур Тангишов 31/05/2018

Муаллиф сарлавҳани эътиборни тортадиган қилиб танлаши керак эди. Ушбу сарлавҳани ўқиган одам блогпостни камдан кам ҳолда ўқишга ўтади. Шунинг учун кейинги сафар оригинал (сотиладиган) сарлавҳалардан фойдаланишни тавсия қиламан. Ёзиш ва тасвирлаш услуби ўқувчини ўзига тортади, лекин блогпост шаклига ишлов бериш керак эди. Абзацлардан кўпроқ фойдаланиш, имловий хатоларни камайтириш, имкон қадар таъсирли (мавзуга оид) суратлардан фойдаланиш, айрим аргументларни фактлар билан боғлаш етишмабди. Бироқ, муаллифнинг оригинал ўз услуби таҳсинга лойиқ. Жуда ўринли таклифлар билдирилган, чиройли мисоллар берилган.

4.5 Уйғун Ғафуров 31/05/2018
4 Олимжон Солижон ўғли 31/05/2018
3.5 Мақсуд Саломов 31/05/2018
3.5 Нигора Умарова 31/05/2018
4 Нодир Закиров 31/05/2018

Qiziqarli ma'lumotlar, faqat sayoxatchi Instagramchidan bir nechta suratlar yetishmayapti shu maqolaga. Suratlar bilan boyitilsa undanam qiziq bo'ladi. Davronbek, sizni Instagram va YouTubeda kuzatib boraman va hurmat qilaman, lekin besh qo'ymayapman. Sababi - tanlovga juda ta'sirchan, jiddiy muammolarni ko'tarib, ularni chuqur tahlil qilgan, kuchliroq yozilgan maqolalar kelib tushgan. Xattoki ulargayam gohida 4.5 qo'yyapman. Agar qarshi bo'lmasangiz, yozish uslubingiz bo'yicha bir nechta tavsiyalarim bor. Birinchidan, boshqa hakamlar aytib o'tganidek, e'tiborni chorlaydigan sarlavha tanlang. Keyin maqolangizni kirish qismi o'quvchi e'tiborini o'ziga jalb qilib olishi kerak, davomi nima bo'larkin deb o'qishi uchun. Abzatslarni qisqaroq yozing yoki ularni bir nechta abzatsga bo'lib yozishni odat qiling. Qo'shtirnoq va qavslarni kamroq ishlating.

4 Маҳсуджон Асқаров 31/05/2018
4 Беҳзод Қобулов 01/06/2018
4 Музаффар Назаров 01/06/2018
4 Адҳам Отажонов 01/06/2018
3.5 Иноят Садикова 01/06/2018

Kirish qismi ham, blogpost o'zi ham juda cho'zilib ketgan. 13-oylik O'zbekistonning bir qator korhonalarida/tashkilotlarida ham bor. Ijtimoiy-iqtisodiy, turistik elementlar bari aralashib ketgan. 1 ta blogpost bn 3-4 hil davlatning bu elementlarini birdaniga tahlil qilish noreal narsa. Yaxshisi bitta, masalan ijtimoiy masalani yoki iqtisodiy masalani olib solishtiriganingizda effekt bo'lar edi. ps. Andijonga sayohat eng yoqqani bo'ldi )

5 Умид Гафуров 01/06/2018

Давронбек, расмларингизни ўзим кўриб кузатганим учун 5 қўйдим, аммо бошқаларнинг эътиборини тортиш учун расмларни ҳам жойлаштириш керак эди.

4 Тўлқин Юсупов 01/06/2018
4.5 Саид-Абдулазиз Юсупов 02/06/2018
4 Шерзод Шерматов 02/06/2018
4.5 Шунқор Чориев 02/06/2018
4 Ботиржон Шерматов 02/06/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
42 та фикр