Bundan uch yil avval oliy ma’lumotli uy bekasi edim. Eshitganda kulguli, tafakkur qilganda yig’latadigan jumla, to’g’rimi? Ayol kishining asosiy ma’suliyati oilasiga nisbatan shakllanadi. Farzandlar tarbiyasi, uy yumushlari, bularning hammasi ayol kishi uchun tabiiy jarayonlar. Ba’zida ro’zg’or g’orining qarichi shunchalik qarichlab ketadiki, bunda erkak kishiga yelkadosh ayol kishi bo’ladi. Menda ham bu jaryonlar boshimdan o’tgan.
Ayol kishi kundalik, mayda-chuyda xarjlarni o’zi qoplashi mumkin ekanligini yosh ona bo’lganimda his qilmagan edim. Ammo, uch farzandning onasi bo’lgach, ishlamagan aqlni shunday ishlatasizki, o’zidan-o’zi evrikalar paydo bo’ladi. Albatta, shaharda barcha ayollar uchun “freetime” ya’ni “bo‘sh vaqt” yetarlicha bo’ladi. Shu vaqtdan daromad topish maqsadida foydalanish biz ayollar uchun kerak. Men Instagram tarmog’i faol foydalanuvchisiman.
Profilim ayollar auditoriyasiga mo'ljallangan, mashhur va profilim kuzatuvchilari 46 mingtadan oshgan. Instagram - bu mening ikkinchi daromad manbaim. Men topayotgan daromad kundalik xarjlarni qoplash uchun yetarli. Ammo, shunday profil egalari borki, ularning oylik daromadlari bankirlardan ham, ayrim tashkilot bosh mutaxassislaridan ham yuqori. Bu blogpost ayni shu haqida. O’qing va foydalaning.
Bundan chamasi 10-15 yillar avval, oilaning yoki shaxsning qo’shimcha daromad manbai sifatida innovatsiyalar, internet orqali savdo-sotiqlar yoki ijtimoy tarmoqlar orqali topiladigan pul daromadlari bo’lishi, hech kimning hayoliga ham kelmagan edi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar. Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar insoniyat hayotida eng muhim ko’ngilochar va kerakli tizimga aylanib bormoqda.
Siz mobil telefoningiz yoki shaxsiy kompyuteringiz orqali bir kunda bir marotaba bo’lsa ham, "Facebook" ga kirib do’stlaringiz bilan yangiliklar ulashyapsizmi, "Twitter"dan mashhur blogerlarning tvitlarini o’qib, fikr qoldiryapsizmi yoki “YouTube”dagi yangi videolarni ko’ryapsizmi, “Instagram”da suratlar joylab “like” bosyapsizmi, demak, siz ijtimoiy tarmoqlar faol foydalanuvchisiz. Bir o’ylab ko’ringchi, siz foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlar qanchalik mashhur va ularning foydalanuvchilari soni necha kishini tashkil etadi?
Mamlakatimizda yoshlar va ayniqsa shou-biznes yulduzlari orasida eng ko’p tarqalgan ijtimoiy tarmoq, abatta, Instagram.
Instagram - bu rasmlar va qisqa videoroliklarni ulashish imkonini beruvchi bepul ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. Tarmoq asoschisi - Kevin Sistron. Instagramning dastlabki ko’rinishi 2010 yil 6 oktabrda ommaga e’lon qilingan. Instagramdan iOS, Android va Windows kabi operatsion tizim egalari foydalanishlari mumkin. 2012 yil aprel oyida tarmoq Facebook kompaniyasi tomonidan sotib olingan. Instagramga qanday asos solinganligi haqida ushbu havolada to’liq ma’lumotlar keltirilgan.
Bir o’ylab ko’ringchi, Instagram qanday qilib mashhurlikka erishdi, nima uchun uning foydalanuchilari ko’p?
Buning sabablarini quyidagich izohlash umkin. Chunki Instagram:
1. Oddiy, qulay, oson. Instagram mobil foydalanuvchilar uchun sodda qilib tuzilgan. Boshqarish funksiyalari oddiy. Ko’p vaqt talab qilmaydi.
2. Sifat. Ko’p foydalanuvchilar qiziqishlarining asosiy sababi. Hattoki, “Nokia” telefonlarining eng eski versiyadagi telefonlaridan olingan suratlarni ham, qoyilmaqom filtrlash qobiliyatiga ega.
3. “No download”. Ya’ni, sizning suratlaringizni hech bir yaqiningiz yoki tanishlaringiz ko’chirib ololmaydi. Faqatgina, “screenshot” ni hisobga olmasak.
4. Rasmlar so’zlaydi. Instagram foydalanuvchilari 8/10 qismi uzun blogpost o’qishni yoqtirmaydi yoki vaqti chegaralangan. Unda ko’proq rasmlar orqali voqea hodisalarga izoh beriladi.
5. #Hashtaglar. O’zingizga yoqqan jumla orqali rasmingizga hashtag yaratasiz va ularni ayni shu sfera a'zolari ichiga joylaysiz. Bu ma’lum bir doiradagi insonlarni o’zaro qiziqishlariga yordam beradi. Masalan, #blogerlarchempionati
6. Marketing. “Online shopping” (internet orqali oldi-sotdi) qiluvchilar uchun asosiy yordam kuchi.
Yuqoridagi misollardan biz to’xtalib o’tadigan qism bu - marketing.
Xo’sh, Instagramda qanday qilib pul topish mumkin?
Instagramda pul topishning ikki usuli ko’p tarqalgan, jumladan mamlakatimizda ham. Siz profilingiz orqali o'z tovarlaringizni sotishingiz yoki “influencer” ya’ni “ta’sir o’tkazuchi" profil egasi (folloverlari ko'p, mashhur) bo’lib reklamadan daromad topishingiz mumkin.
Birinchi usul bilan daromad qilish uchun profilingiz ma'lum bir segmentga moslashgan, shu auditoriyaning qiziqishlariga ixtisoslashgan bo'lishi kerak. Chunki, ko‘pchilik faqatgina o’ziga kerakli narsa sotuvchilarini izlaydi. Masalan, ayollar, erkaklar liboslari, bolalar kiyimlari alohida profillarga joylanishi qiziquvchilar uchun tanlashni oson hamda tezlashtiradi.
Instagramda siyqasi chiqib ketgan ayrim segment turlari quyidagicha:
-Liboslar (ayol, erkak, bolalar);
-Kosmetika;
-Oyoq-kiyim;
-Aksessuarlar;
-Yotoqxona buyumlari;
-Telefonga jildlar;
-Mozaika rasmlar yasab sotish,
-Gullar va yana bo’lishi mumkin.
Raqobat kam yoki umuman bo'lmagan, daromad topishingiz mumkin bo'lgan segment:
-Oshxona buyumlari;
-Bolalarga bilimini ko’paytirish uchun kitob va logikani rivojlantirish o’yinchoqlari;
-Kitoblar;
-Ona tug’rug'i va chaqaloq uchun kerak bo’ladigan mahsulotlar (faqatgina 1 ta profilda bor). O’zim qoyil qoldim, ajoyib va kerakli g’oya. Zo’r segment. Chunki bizning mentalitet uchun eng ko’p ishlatiladigan va “o’lmaydigan” mahsulotlar.
Hozir bizda trendga chiqayotgan pishir-kuydir profillar 2 yilcha oldin 3-4 tani tashkil qilar edi. Hozir esa 20dan ortiq bunday profillarning har birida 10K-30K (ming)gacha folloverlar bor. "Cooking" darsini o'tayotgan bunday profillar egalari o'zlari foydalanayotgan noyob oshxona buyumlariga foydalanuvchilarda qiziqish katta. Bundan unumli foydalanib bir nechta oxshona buyumlarini sotuvchilar, o'z mahsulotlarini aynan shunday "cooker" larga reklama qilishmoqda.
Umuman, Instagramda mahsulot yoki xizmatini sotmoqchi bo'lganlar, foydalanuvchilari 10 mingdan oshiq "influencer"larni qidirishadi. Albatta, bunda xizmat yoki mahsulot "influencer" auditoriyasiga mos bo'lishi kerak. Bizda reklama narxlari taxminan shunday:
10K<folloverlar<50K -- 3 ta post uchun bir haftaga o‘rtacha 40 ming so'm;
50K<folloverlar<100K -- 3 ta post uchun bir haftaga o‘rtacha 80 ming so‘m;
100K dan ko'p folloverga ega profillarda reklama berish 3ta post uchun bir haftaga 100 ming so'mdan oshadi.
Reklama berayotganda folloverlar soniga emas, postlarning ta'sir darajasiga qarash maqsadga muvofiq. Buni aniqlashning bir qancha yo‘llari bor. Masalan, phlanx yoki instagraminfluencerhub
Xorijda influencerlar bitta post uchun 20 000 $ gacha olishi haqida o'qigan edim. Oddiy 200K dan ortiq folloverga ega mana bu profil 2000$ so'raganida hayratda qolgan edim.
Lekin reklama berishda ham profilning foydalanuvchilari kimlar ekanligi, reklama berilayotgan profil nima uchun asoslanganligi ahamiyatga ega. Bizda asosan mashhur profillar to’y marosimlarini yoritib beruvchi proflillardir. Yulduzlar bundan mustasno. Eng quvonarli jihati, ushbu profil egalari asosan ayol kishilarni tashkil etadi. Shaxsan o'zim ham shu doirada bo'lganim uchun bunday yo'l bilan 1 oyda qancha daromad topish mumkin ekanligini ayta olaman. Men o'rtacha daromad ko'ruvchilar toifasiga kiraman. Haftada bitta profilni yoki mahsulotni reklama qilishim uchun 3 martta post qilaman. Narxi 40 ming so'm. Reklama beruvchilar soni haftada o'rtacha ikki kishini tashkil etadi. Bu esa haftasiga 80 ming so'm. Bir oyda 320 ming so'm. Har oyda yuqoridagi o'rtacha daromad bo'ladi. Bu bitta profildan. Yana shunday daromadga kirayotgan uchta profilim bor.Bu ishsiz ayolning oylik maoshi. Agar bola parvarishidagi ayol bo'lsangiz, bolangizni xarajatlarini qoplashga yoki yolg'iz bo'lsangiz o'zingizni kundalik xarajatlaringizni qoplashga yetadi.Endi bir vaqtning o'zida o'nlab profillarni boshqarayotganlarning daromadini tasavvur qilib ko'ring. Agar, follverlaringiz 100 mingdan oshgan bo'lsa, haftasiga o'rtacha 400 ming so'm daromad olasiz. Chunki, 100 mingdan ortiq folloverlarga ega profillar haftasiga o'rtacha to'rttadan reklama joylashadi. Oyiga esa 1 600 000 so'm daromad ko'rasiz. Bunga qo'shimcha, yana kamida o'rtacha foyda keltiruvchi ikkita profillarga egalik qilishingiz mumkin. Ya'ni, 40 ming so'mlik profillarga. Siz vaqtingizni tejash uchun buffer yoki later kabi xizmatlardan foydalanishingiz mumkin. Bunday xizmatlar profilingizni avtomatlashtirilgan tarzda boshqaradi va sizning nomingizdan belgilangan vaqtda post qiladi. Profilingizni 10 mingdan ortiq folloverlari bo'lishi uchun kuniga bir soatdan vaqt ajratasiz va olti oyda bunga erishasiz. Bu sizning mahoratingizga va tanlagan auditoriyangizga bog'liq. Agar bir haftaning o'zida 10 mingdan ortiq folloverga erishmoqchi bo'lsangiz, maxsus folloverlarni ko'paytiruvchi xizmatlarga murojaat qilishingiz mumkin. Ularning narxi oyiga 200-300 ming so'm. Lekin bunda sizning folloverlaringiz qanchalik haqiqiy ekanligini bila olmaysiz.
Agar siz Instagram boshqaruv tizimini puxta egallasangiz, daromad ko'rish qobilaytingiz oshib boraveradi. Ko'rgan daromadingizdan yana yangi g'oyalar uchun foydalanishni ham unutmang. O'ylaymanki, bu blogpost sizlar uchun ayniqsa, uy bekalari uchun foyda keltiradi.
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
0 та фикр