2000-yillar boshida ishlangan qaysidir bir koreys filmida shunday sahnasi bor: qahramonlardan biri qayerdaligini bilmasa ham nuqul:»O’zbekistonga ketaman»,deyveradi. Do’stidan:»O’zbekiston qayerda joylashgan?»,deb so’raganida, geografiyadan umuman bexabar do’sti kinoya va kulgi aralash:»Qozog’istonning yonida»,deydi. O’zbekistonni bilmaydigan odam Qozog’istonni ham bilmasligi kundek ravshan. Bu bir to’qima filmdan lavha,xolos. Ammo yaqin o’n yillar avval ham koreyslar O’zbekiston haqida tasavvuri juda tor bo’lib, ko’pchilik Rossiya bilan O’zbekistonni bitta davlat, deb o’ylagani ham bor gap. Hozirga kelib esa bunday emas. Yurtimizga qiziquvchilar, sayohatga borishni diliga tuggan koreyslar bilan suhbatlar odamni g’ururlantirib yuboradi. So’nggi yillarda koreys internet olamida sayohatnoma tarzida bitilgan blogpostlar anchagina urf bo’lyapti. O’zim asosan, yurtimizga borib kelgan sayohatchi blogerlarning sahifalarini kuzataman va taassurotnomalarini o’qishga qiziqaman. Blogerlar yurtimizning go’zal tabiatiyu mexmondo’st xalqimiz, mahobatli tarixiy obidalarimizu betakror o’zbek oshxonasini og’zidan bol tomib maqtashadi. Lekin deyarli barcha sayohatnomalarda mexmonxonalardan tashqaridagi – ko’chadagi jamoat hojatxonalari haqida ham achinish, ham tanqid bilan yozishadi.
Insof bilan aytganda, ko’p joylarda hojatxonalarimizni obod, deya olmaymiz. Qo’rqinchli, xavfli, sanitariyaga zid.
O’zim ham bir necha yil koreyalik sayyohlarga tarjimonlik qilib, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarimizda bo’lganman. Hojatxonalar bilan bog’liq kulgili va afsuslanarli holatlarga ko’p duch kelganman. Katta yo’l yoqasida to’xtab, pul to’lab (!) hech bir sharoitu xavfsizlik va sanitariya talabiga javob bermaydigan hojatxonaga kirib chiqish koreys sayyohlarini qanchalik ajablantirsa, meni shunchalik uyaltiradigan holatlar edi. Hojatxonaning badbo’y hididan bir sayyohimiz xushini yo’qotganligi ham kechagidek esimda. Umuman, hojatxonalar mavzusi og’riqli nuqtalarimizdan biri. Bu bugun paydo bo’lib qolgan muammo emas, albatta. Hojatxonalarni obodonlashtirish, shaharlararo katta yo’llar bo’ylab zamonaviy to’xtab o’tish joylari qurish ichki va tashqi turizm talablaridan biridir. Bu turizm rivoji uchungina emas, aslida har bir insonning ehtiyojlarini qondirishga kiradi. Ba’zan yo’l chetida turib, ehtiyojini qondirayotgan odamlarga ko’zimiz tushib qoladi. Shaharning qoq o’rtasida hojatxona topolmay, qizarib-bo’zarib yurishlaru, daraxt, gullar panasiga o’tib, «choptirib ketishlar»ni ham ko’p ko’rganmiz va ko’rayapmiz. Bu o’sha insonning o’zi uchun ham, ko’zi tushib qolgan inson uchun ham birdek noqulay holat.
Hozirda Janubiy Koreyada «Toza hojatxonalar» kampaniyasi davom etayapti. Ushbu kampaniya doirasida yangi zamonaviy hojatxonalar qurish, viloyatlararo yo’llardagi jamoat hojatxonalarini ozoda tutish va jamoat hojatxonalaridagi ishlatilgan qog’ozlar tashlanadigan chelakni yo’qotish ishlari bajarilayapti! Ha, aynan shunday. Ishlatilgan qog’ozlar tashlanadigan chelaklar hojatxonalarni ifloslantiruvchi va badbo’y is chiqishiga sabab qilib ko’rsatilayapti. Shu tufayli hojatxona qog’ozi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar oldiga yangi vazifalar qo’yilmoqda. Endi qog’oz kompaniyalari unitaz suviga tushgach, yumshab,»eriydigan» va kanalizatsiya yo’llaridan «silliq» chiqib ketadigan qog’ozlar ishlab chiqarmoqda. Janubiy Koreya ichki va tashqi turizmdan juda katta foyda ko’radigan mamlakatlardan hisoblanadi. Turizm uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Soha rivoji uchun ishlarda mayda ikir-chikir narsalar yo’q: hojatxonalargacha doimiy e’tiborda. Aslida hojatxonalar mavzusi mayda mavzu emas. Ma’lumotlarga qaraganda, o’tgan fevral oyida Qishki Olimpiada o’yinlariga mezbonlik qilgan koreyslar musobaqalar o’tkaziladigan Pyongchang shahrining o’zida 52 ta zamonaviy jamoat hojatxonalari qurib bitkazgan.
Turizm bir guruh odamning tarjimon og’ziga tikilgancha, tarix haqidagi uzundan-uzun hikoyasini eshitib,esnab turishdangina iborat emas. Koreyalik sayyoh blogerlar fikrlaridan ma’lum bo’layaptiki, oxirgi yillarda koreys sayyohlari O’zbekistonga asosan golf-tur, biznes-tur va ryukzakli-tur doirasida bormoqda.
Golf-tur. Koreyslar bo’sh vaqtlarda guruh-guruh bo’lib, golf o’ynashni yoqtirishadi. Janubiy Koreyada bir-biridan go’zal golf maydonlari mavjud. Ammo xizmat haqqi O’zbekistonga solishtirilsa juda qimmatga tushadi. Guruh bo’lib, ham sayohat, ham golf o’ynash bahonasida yurtimizga kelishadi va o’yin-kulgi bilan vaqt o’tkazishadi.
Biznes-tur. Yurtimizda o’z shaxsiy biznesini ochish istagida bo’lgan yoki biror sohaga investitsiya kiritishni xohlagan ishbilarmon koreyslar bozorni o’rganish uchun sayohatga kelishadi.
Ryukzakli-tur. Bu shartli nomni koreys og’zaki tilidan to’g’ridan-to’g’ri tarjima qilib qo’ya qoldim. Bunda yelkasiga ryukzak, bo’yniga kamerasini osgan ko’yi yurtimizning chekka qishloqlariyu cho’lu biyobonlari, tog’lariga piyoda sayohat qilinadi.
Janubiy Koreyada OhMyNews deb nomlangan internet nashri bor. «Har bir fuqaro – JURNALISTDIR!»,degan shiori mavjud nashr O’zbekistonga safar qilgan qanchadan-qancha blogerlarning sayohatnomalarini e’lon qilgan. Barcha sayyohlarning tassurotlariga nazar tashlasak, albatta, hojatxonalar mavzusiga to’xtalib o’tishgan. 2015 yilning yoz faslida janubiy koreyalik mashhur bloger Jong Xyo Jong «OyMyNews» nashrida Orolbo’yidagi Mo’ynoqqa sayohati haqida uch qismlik katta blogpostlar seriyasini e’lon qilgan. U qurib bitayotgan Orol dengizi va uning o’rnidagi «kemalar qabristoni» haqida hikoya qilgan. (Ushbu blogpost tarjimasini http://taraqqiy.blogspot.kr/2015/06/koreyalik-bloger-jong-hyo-jongning.html sahifamda o’qish imkoniga egasiz) Bu bloger ham jamoat hojatxonalarini qoniqarsiz baholagandi.
Umuman,oxirgi yillarda Orolbo’yi mintaqasi va Aydarko’l bo’ylariga sayohat qiluvchi sayyohlar ko’payib borayapti. Ryukzakli sayyohlar foto va video bloglarini e’lon qilib borishayapti. Hozirgi tezkor axborot davrida hech narsa e’tibordan chetda qolmaydi.
Menimcha, viloyatlararo katta yo’llar bo’ylab ma’lum kilometr masofalarda zamonaviy ozoda hojatxonalar, tezyurar avtobus va mashinalar to’xtab, «nafas rostlab, tomog’ini xo’llab ketadigan» dam olish maskanlari, kichik motellar qurish vaqti allaqachon yetgan. Bu nafaqat xorijlik sayyohlar uchun, balki yurtimizda tobora rivojlanib borayotgan ziyorat turizmi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Orolbo’yi va cho’l maydonlariga boradigan xorijlik sayyohlar uchun o’tovli mexmonxonalar tikish ham yaxshi samara beradi. O’tgan yili kuzida O’zbekistonning Aydarko’l bo’ylariga sayohat qilgan koreys blogeri o’z sahifasida o’tovda tunaganligiyu tuyalarda sayr qilganligini suratlar orqali katta zavq bilan hikoya qilgandi. «Haqiqiy Buyuk Ipak yo’lida ekanligimni his qildim»,deb yozadi bloger.
Bu o’z navbatida yurtimizda tuyachilikni yanada rivojlantirishni ham talab etadi. Samarqandu Buxoroga ketar chog’imizda yo’l yoqalarida tuyalarni ko’rib qolib, oldiga borib suratga tushish istagini bildirgan bir nechta sayyohlarni ko’rganman.
Butun dunyo yurtimizdagi ijobiy o’zgarishlarni ko’rib turibdi. O’tgan yili prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga safari chog’ida yurtdoshlarimizga «Saroy javohiri» seriali orqali yaxshi tanish aktrisa Li Yong Ening koreyslarga O’zbekistonning turizm salohiyatini yetkazib berishi, sayyohlik elchisi bo’lishi haqida xabarlar berildi. Bu juda katta ish. Demak, sayyohlar uchun sharoitlarni yaxshilashga yanada zo’r berishimiz kerak. Hojatxonalarni zamonaviylashtirish, obod qilish esa shunday ishlarning debochasi bo’lardi…
OTABEK YO’LDOSHEV
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
2 та фикр