Bir do‘stimning hikoyasini o‘zgartirmasdan keltirmoqchiman: «Adashmasam 2002-2003 yillar edi, do‘stlarimning taklifi va ta’siri bilan bo‘sh paytlarim cherkovga qatnardim. U cherkovning nomi esimda yo‘q, aytishlaricha qaysi din va millat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, barcha ishtirok etishi mumkin ekan. Har borganimda atrofimga nazar tashlar ekanman, qatnovchilarning uchdan bir qismi musulmon edi. Qiziq tomoni shundaki, o‘sha paytlar shunga o‘xshash cherkovning yana ikkitasi bo‘lib, unlarning biri «Iegova guvohlari» nomi ostida faoliyat yuritardi. Men qatnagan cherkovda biz to‘g‘ri yo‘ldamiz, deyishardi. Boshqalariga qatnaydigan do‘stlarim esa bizga adashayapsizlar, deyishardi. Xullas, qaysi haq va qaysi nohaq, qay biri to‘g‘ri va qaysi adashganini tushunmasdim.
Yosh bo‘lganim uchun o‘zimga-o‘zim savol berib, to‘g‘ri yo‘l tutdimmi, degan xayolda yurardim. Chunki men musulmonman, o‘z dinimni hurmat qilishim, u haqda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishim kerak. Axir mamlakatimizning asosiy qismi musulmon bo‘la turib, nega biz cherkovga qatnayapmiz? O‘sha paytlar masjidlar yetarlicha bo‘lishiga qaramay, menga o‘xshagan musulmonlarning ayrimlari cherkovga qatnardi. Negaki o‘sha cherkovda sharoit boshqacha edi, ya‘ni u yerda bizga o‘xshagan insonlar o‘zlarini «eshitgandek» his qilardi».
Yuqoridagi sarlavha va so‘zlarni o‘qib, gap nima haqida ketayotganini tushunmagandirsiz… Jimlik dunyosida yuradiganlar – kar va zaif eshituvchi insonlardir. Rivojlangan mamlakatlarda konferensiyalar, favqullodda vaziyatlar va shunga o‘xshash boshqa yig‘ilishlarda surdo tarjimoniga guvoh bo‘lgandirsiz. Masalan, Nyu York meri favqulloda yig‘ilish o‘tkazsa, surdo tarjimonisiz tasavvur qilish qiyin, chunki bu muhim yig‘ilishni eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar ham kuzatishadi. Surdo tarjimoni bo‘lmasa, favqulloda vaziyatlardan ularni kim ogohlantiradi va xabardor qiladi? Kar va zaif eshituvchi insonlarni eshitishi uchun bittagina surdo tarjimoni yetarli. Tarjimonlar ular uchun «quloq» vazifasini o‘taydi, eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar ularning imo-ishoradagi «gapiruvchi qo‘llari» yordamida eshitishadi. Do‘stimning aytishicha, cherkovga qatnagan paytlari cherkov pastori oldida tarjimon turardi va imo-ishorada tarjima qilib berardi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar o‘zlarini qulay his qilishar, savollari bo‘lsa bemalol tarjimon orqali savol berib, javobini olishar edi. O‘sha paytlar shunday sharoit masjidlarda mavjud emasdi. U doim o‘ylardi, nega bizning masjidlarda ham bunday sharoit yaratilmagan? Aslida eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar har xil, jumladan, missionerlik va protestantlik oqimlariga kirib qolishgandi. Chunki yuqoridagi cherkovlar tarjimonlarni jalb qilishib, ularning ta’siri yordamida boshqa millat va din vakillarini yig‘ib, jamoasini kengaytirishayotgan edi.
Barchaga ma’lumki, oxirgi paytlar muqaddas dinimizga erkinlik berilgani, barcha xohlovchilar qo‘rqmay masjidga qatnab, ibodat qilish huquqiga ega. O‘tgan yili eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlardan biri Mohira Kubayeva, surdo tarjimoni Minovar Aminova va Karlar madaniyat markazi rahbari Go‘zal Shodiyevaning g‘oyalari bilan O‘zbekiston musulmonlar idorasiga murojaat qilib, bu borada yordam berishini so‘rashgan va bir necha oydan keyin ijobiy javob olishgan. Shunday qilib, O‘zbekiston musulmonlar idorasi xodimasi Munira Abubakirova, Shayxontohur ayollar maslahat markazi rahbari Dilbar Ahmedova, «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi, domla Abdulhamid Jumanov, noiblari Zohidjon Mamajonov va Mahmudjon Rahimjonov eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni o‘z nazoratiga olib, ularga surdo tarjimonlari yordamida muqaddas islom dinimizdan ta‘limiy maslahat va ma’ruzalar berib borish yo‘lga qo‘yishdi.
Shunday qilib joriy yilning 21 fevral kuni «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi Abdulhamid Jumanovning taklifi bilan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun surdo tarjimoni yordamida birinchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ayni damda haftaning har chorshanba kuni soat 10:00 da «Ko‘kcha» jome masjidida eshitishida nuqsoni bo‘lgan erkak va ayollarga muqaddas dinimizning asl mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, ta‘lim-tarbiya, odob-axloq, odamlarning bir-biriga hurmati va savobli ishlar haqida keng targ‘ibot ishlari va tushuntirishlar olib boriladi. Bundan tashqari, domla Abdulhamid Jumanovning g‘oyasi bilan juma namozida surdo tarjimon orqali ma’ruza tinglash imkoniyati yaratilgan. Haftaning yakshanba kunlari soat 10:00 da yoshlar jalb qilinib, ularga odob-axloq, terrorizm va ekstremizmga adashib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik, har qanday buzg‘unchilik va fitnalardan xolis ekanligi hamda buzg‘unchi oqimlarning har qanday ko‘rinishiga ma’rifat bilan kurashish kabi ta‘lim-tarbiyadan ma’ruzalar o‘qiladi. Qiziq tomoni shundaki, masjidlarda ma’ruzalar surdo tarjimonlari orqali yo‘lga qo‘yilganidan keyin qisqa fursat ichida adashganlarning 200 dan ortig‘i muqaddas dinimizga qaytishgan. Ayni damda 350 dan ortiq kishi qatnashmoqda. Shunga qaramay kar va zaif eshituvchi musulmonlarning ayrimlari hali hamon missionerlik qilib yurayotgani aniqlanmoqda. Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash davom etmoqda.
Eshitmagan insonlarning dardini hamma ham yaxshi bilmaydi, ularni bilish uchun uzoq yillar maktab-internatlarda ta’lim-tarbiya berayotgan pedagoglar, kar va zaif eshituvchi farzandi bo‘lgan ota-onalar va insonning o‘zi eshitmaydigan bo‘lishi kerak. Ularning asosiy qismida so‘z boyligi sust shakllangan bo‘lib, kitob yoki yozma so‘zlarni o‘qishda qiyinchiliklarga duch keladi. Bundan tashqari, ularni osonlikcha aldash, adashtirish mumkin. Bularning oldini olish uchun har bir yig‘ilishda surdo tarjimonining ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi Abdulhamid Jumanovning aytishicha, surdo tarjimonlarning oylik-maoshini ham to‘lab borishadi. Hozircha faqat Toshkent shahrida bunday sharoit yaratilgan, kelajakda viloyat markazlarida ham shunday sharoitlarni yo‘lga qo‘yishni niyat qilishgan.
O‘z navbatida O‘zbekiston musulmonlar idorasi va «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi Abdulhamid Jumanovga eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarga bunday qulayliklar yaratgani, ularni to‘g‘ri yo‘lga borishida hamrohlik va ta’lim-tarbiya berayotgani, xayrli va savobli ishlari uchun www.uzsd.uz blogi nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Eshitmagan insonlarni adashganini, ular muqaddas dinimiz islom dinini qayta qabul qilganini tushunsak bo‘ladi. Faqat bir narsaga tushunmayman, ayrim musulmonlar eshitish qobiliyatiga ega bo‘la turib, nega missionerlar ta’siri ostida cherkovlarga hali hamon qatnayapti?
Mamurjon Ahliddinov, O‘zbekiston karlar jamiyati a’zosi,
O‘zbekistonda eshitishida nuqsoni bo‘lgan birinchi bloger.
(blogerlar chempionati uchun maxsus)
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
4 та фикр