Hammasi oddiy bir suhbatdan, mahallamdagi bir nuroniy onaxon bilan bo`lgan suhbatdan, boshlangan edi:
- Sirojiddin bolam, bizni nabiralarga qachon ingliz tilidan qo`shimcha o`tasan?- Hola, hozir vaqtim yo`q edida,o`qish-ishlar bilan bo`lib …
- Ee bolamey… ishni biz tugata olmadik, dunyoni oxiriga yetmadik, sen ham o`zingni qiynab qo`yma. Kel, shu nabiralarga haftada bir kun bir soatdan ajrat... deb, 2015-yilda, boshlangan tashabbus hozir rosa avjida.
Shu suhbatgacha men “Jamiyat rivojlanishi uchun buni bunday qilish kerak, unday qilish kerak!” der edim. Lekin shu paytgacha o`zim nimani qoyillatib qo`yganimni hech eslay olamdim. “Baraka topgur, o`sha ishlarni kim qilishi kerak? Qachon qilish kerak?” degan savollarni beradigan inson bo`lmagan edi. Shu kichik suhbat meni ko`p o`ylashga majbur qildi va onaxon tashabbusi bilan, “Ha nima? Haftada bir kun bir soatdan, Fun Club — bolalar uchun!” deb mahalla bolalariga ingliz tilidan dars berishni boshlab yubordim.
Maqsadga ko`chsak, kimgadir maslahat berib ko`rganmisiz? Menimcha javobingiz “Ha”. Odatda biz maslahat berishga juda moyil va ustamiz. Bu balki insoniy instinktdir. Unda keling, shu instinktdan yaxshi foydalanaylik.
Quyida berilgan 5 qadam mahallalarda ko’ngillilar markazlarini boshlashga yordam bersa ne ajab?! Demak boshladik:
1-qadam: Yo`nalish tanlang
Sizning kuchli jihatingiz nimada? Menda ingliz tili kuchli edi. Masalan, siz yoshsiz demak yoshi kattalarga zamonaviy gadjetlarni qanday ishlatish mumkinligi haqida nimadir yangi narsa o`rgata olasiz. (Bahonada sizga “Yig`ishtir taqur-tuquringni” deb aytadiganlar soni ancha kamaydi)
Eslatma: yo`nalish tanlashda iloji boricha neytral ya’ni diniy ishlar, so`g`liq bilan bo`g`liq bo`lgan yo`nalishlarda tegishli joylardan ruhsat olmasdan o`tmaslik qat’iy so`raladi.
2-qadam: So`rovnoma qiling
Keyin sizning kuchli jihatingiz kimlar uchun qiziq, kimlar uchun kerakli ekanini yaxshilab o`ylab ko`ring. So`rovnoma qilsangiz ham bo`ladi. Hozir bundan oson ish yo`q. Telegramda juda sodda yo`llar bilan kerakli ma’lumotlarga ega bo`lsa bo`ladi. Men boshlaganimda yoshlar, maktab bolalar uchun kerak edi.
3-qadam: O`quvchilarningizni o`rganing
O`z auditoriyangizni topgandan so`ng, ularni o`sha sohada qay darajada bilimga ega ekanliklarni aniqlang. Meni o`quvchilarim darajasi boshlang`ich edi. Mana sizning xalqingiz — tinglovchilaringiz ham kimligini bilib oldingiz, endi navbat nimaga deb o`ylaysiz? Balki ular bilan birdaniga aloqaga kirishib ketarmiz-a, labbay?
4-qadam: Birinchi mashg`ulotni tayyorlash
Sizning birinchi o`quvchi yoki shogirdlaringiz, qarindoshlar yoki yaqin qo`shnilaringiz bo`lishi mumkin. Kim bo`lganda ham, bo`lajak Nobel mukofoti sovrindorlari oldiga chiqayotganday jiddiylik va ma’suliyatni ko`rsatish kerak, chunki bizni o`zbekchilikda volontyorlik (ko’ngillilik) tushunchasi ko`p hollarda jiddiy qabul qilinmaydi. Shuning uchun birinchi darsda siz niyatingiz jiddiyligini va eng muhimi holisligini ko’rsata olsangiz insonlar sizga ergashishadi va sizning tashabbusingizga ishonishadi.
5-qadam: Doimiylikni saqlang
Haftada bir kun bir soatdan — deganimizning ma’nosi ham shu yerda, ya’ni siz har doim vaqtingizni bag`ishlay olmassiz, lekin haftada bir kun bir soatdan — buni amallasa bo`ladi. Agar loyihangiz muvaffaqiyatli bo`lishini xohlasangiz albatta uni doimiyligini saqlashga uruning.
Hozirni o`zida “E bu bola nimalarni yozayapti bo`lmagan, “yemagan” narsalarni aytayaptiku!” deyishingiz mumkin. Nachora bu sizning fikringiz, bunga qarshilik qilishga menda xohish ham, vaqt ham yo`q. Balki “Aytilayotgan narslar barchasi bizda bor!” deyishingiz ham mumkin, lekin shaxsan men shunga o`xshash narsani yaqin orada ishlayotganini ko`rmadim.
Bu narsa boshida erish tuyulishi, o`zingizni noqulay xis qilishingiz mumkin. Bir narsaga aniq ishonaman, sizdan nimadir o`rganayotgan insonlarni ko`zidagi sizga bo`lgan ishonch va minnatdorlik yuragingizga shunchalik xotirjamlik beradi-ki, bu xissiyotni so`z bilan ifodalab bo`lmaydi. Buni nomi — yaxshilik! Bu esa faqat ko`ngilli (volontyor) bo`lish bilan amalga oshirish mumkin.
Xullas, siz-u biz chet elliklar ta’biri bilan aytanda “Lifelong learners” (Butun hayoti davomida o`rganuvchilar). O`zimizni til bilan aytganda esa, beshikdan to qabrgacha ilm izlovchilarmiz. Bu aytilayotgan tajriba Germaniya Federativ Respublikasi va Janubiy Koreya Respublikasida juda yaxshi rivojlangan va buning natijasi, shu davlatlarning rivojlanishida o`z aksini topgan. Biz qachongacha faqat ularga havas qilib yuramiz!?
“Ta’limni faqat davlat ta’minlashi kerak” deb yurgandan ko`ra, fuqarolik institutlarini rivojlantirsak, ta’limning turli yoshlarda, hamma uchun birdekligini ta’minlagan bo`lamiz va ijtimoiy sohalar yanada tezroq rivojlanadi. Ishonaman, bu kichik tadbirlar kun kelib jamoat univeristetlariga aylanadi. Tasavvur qilinga, har bir mahallalar boshida chiroyli va ixchamgina binolarda, kecha g`iybatchi ayollar endi ijodiy narsalar bilan mashg`ul, yosh avlod esa maktabdan so`ng yoshlar markazida nimalardir o`rganish va o`rgatish bilan band. Hozir bu sizga ilojsizdek tuyulishi, balki hayolparastlik bo`lib eshitilishi mumkindir. Lekin bu narsani iloji bor!
O`sha biz bilgan Stiv Jobs (Apple kompaniyasi asoschisi) aytgan edi: “Dunyoni o`zgartira olaman deb o`ylaydiganlar — hayolparastlar odatda bunga erishadi”
Shunday ekan, eng muhimi to`xtamaslik — haftada bir kun bir soatdan.
PS: Fun Club — mahalla bolalari uchun, uyimizda 2015 yil o’rtalarida ochilgan kichik klub. Rasmdagi bolalalar bo`lajak chempionlar, olimlar va daholarmiz. Bu bizni orzuimizdagi mahalla universiteti uchun kichik binoimiz. (U yer, bu yerini ta’mirlasak bo`lgani!)
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
3 та фикр