Telefonga o’rganib bo’ldik, qancha bahona keltirmang (ha, bahona) hayotimizning asosiy qismi shu qurilma bilan chambarchas bog’liq. Qo’pol qilib aytganda mashinadan farqli o’laroq u bilan o’lim hodisasi nisbatan kamroq, balki yo’q desa ham bo’ladi. Foydasi jihatidan avtomobildan hech ham qolishmaydi. Hozir men sizlarga nima yaxshi-yu nima yomon ekanligi, zararli odatlar, avtomobildan saqlaning …kabilar bilan boshingizni qotirish niyatim yo’q. Shunchaki so’z boshida aytmoqchi bo’lganim, odamlar, yashash tarzimiz umuman olganda zamon o’zgarib ketayotganiga vajning tuzukrog’ini qidirishingizni so’rardim.
Demak, boshladik…
So’nggi o’n yillikda yer yuzidagi barcha odamlar sonidan ko’p mobil telefon ishlab chiqarildi desak mubolag’a bo’lmas. To’g’ri, talabga ko’ra taklif-da bu. Stiv Jobs boshlagan bu «telefonlanish» urushi o’z domiga tinchgina maishiy texnika ishlab chiqarib yurgan Samsungni ham tortib oldi. Ikkovlashib «avvallari insonlar bir-birini qanday topib olgan ekan-a» deyishgacha olib kelib qo’yishdi, shovvozlar!
Yildan-yilga o’z qurilmalariga yangi texnologiyalarni qo’llab kelayotgan bu ikki kompaniya taqdimot marosimlarini intiqib kutishga ham o’rgatib olishdi. Bu innovatsiyalar arzon emas, shuning uchun ham narxlar osmonga qarab ketyapti. O’zingiz o’ylab ko’ring, 1000 dollarga telefon olib tutish uchun bizdagi aholi daromadi optimal ko’rinishda emas. Bitta iPhone X narxiga nimalar sotib olish mumkinligi to’g’risida maqolalar o’qigandirsiz, to’g’risida… Shunday bo’lsa ham odamlarga farqi yo’q, kerak bo’lsa ichki a’zosini sotib yuborishga ham rozi. Asosiysi telefonlik bo’lib qolsa, joni undan qadrsiz. Sog’liging yaxshi bo’lmasa bu matohga pul ketkazishdan nima naf?
So’nggi bir-ikki yilda bu ikki gigantga yaxshigina raqobat qila oladigan mobil kompaniyalar o’z mahsulotlari bilan faollashib qolishdi. Balki shu sababdir oxirgi paytlar bozorda o’z mavqeilarini biroz yo’qotgandek. Ularning deyarli barcha xususiyatlarini o’zida mujassamlashtirgan Xitoy va boshqa davlat smartfonlari hamyonbop narxlar taklif etishmoqda. Bu esa o’z-o’zidan sog’lom raqobatni yuzaga keltirgani turgan gap. Keling hozir shu haqida batafsil to’xtalamiz.
Apple va Samsung kompaniyalarining so’nggi modellariga muqobil variantlarni arzon narxlarda ko’rib chiqamiz.
(Samsungning so’nggi versiyalari J seriasida bo’lganligi uchun, S seriasidan oxirgi modelni tanlab oldik)
SAMSUNG Galaxy S9
Displey: S9 – 5.8″, Quad HD+ (2960×1440); (S9+) – 6.2″, Quad HD+ (2960×1440);
Protsessor: 8 yadroli Snapdragon 845;
Akkumlyator: Li-Ion 3000 mA/soat (S9), 3500 mA/soat (S9+);
Kamera: asosiy 12 MP, frontal 8 MP;
Xotira: doimiy — 64, 128, 256 (GB); tezkor xotira — 4, 6 (GB); microSD — 400 GB gacha
Qo’shimcha funksiyalar: AR-emoji, simsiz quvvat olish, yuzni skaner qilish, qiyofani tanish.
Narxi: (S9) — 460 USD, (S9+) — 515 USD.
Muqobil variant
Xiaomi Mi MIX2 64Gb Black
Displey: 5.99″ (2160×1080)
Protsessor: Snapdragon 835;
Akkumlyator: 3400 mA/soat;
Kamera: 12 MP; frontal 5 MP;
Xotira: doimiy 64 GB, tezkor xotira 6 GB
Narxi: 265 USD (487:265=1.8) deyarli 1.8 barobar arzon.
iPhone X
Displey: 5.8″ Super Retina HD, (2436×1125);
Protsessor: A11 Bionic;
Akkumlyator: Li-Ion 2716 mA/soat;
Kamera: asosiy 12 MP, frontal 7 MP;
Xotira: doimiy 64-256 GB, tezkor xotira 3 GB
Qo’shimcha funksiyalar: Face ID, Animoji, o’yiq ekran, qo’sh kamera, simsiz quvvatlanish.
Narxi: 1130 USD.
HUAWEI P20
Displey: 5.8″ (2244×1080)
Protsessor: Kirin 970;
Akkumlyator: 3400 mA/soat;
Kamera: 12 MP RGB+7 MP Monochrome; frontal 24 MP;
Xotira: doimiy 128 GB, tezkor xotira 4 GB
Narxi: 340 USD (1130:340=3.32) deyarli 3,5 barobar arzon.
Ko’rib turganingizdek Huawei va Xiaomi kompaniyalari qaysidir ma’noda raqiblarini «sindirish» uchun mana shunday kuchli zarba(cha)lar tayyorlashgan. Hech qaysi jihatdan yetakchi raqibidan qolishmayotgan bu gadjetlar faqatgina brend oldida ancha ortda qolishi mumkin xolos. Arzonning sho’rvasi tatigani shu bo’lsa kerak.
Sizga esa barokatli xarid tilayman!
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
0 та фикр