Xo‘-o‘-o‘sh, buning nimasi yangilik?

Saidaziz A'zamov
Саралаш

Universitetda bizga “Yangiliklar jurnalistikasi”dan tajribali jurnalist, O‘zbekistondagi yuzlab ijodkorlarning ustozi Halim Saidov dars bergan. Ustozning paralarida talabalar yozib kelgan xabarlar o‘qilardi. Keyin domla taxminan shunday savol berardilar: “Xo‘-o‘-o‘sh, buning nimasi yangilik?”

Jurnalistika haqidagi tasavvurlarimiz Sovet matbuotchiligi me’rosxo‘ri bo‘lmish O‘zbekiston meynstrim mediasi asosida shakllangani uchun shekilli ko‘pimiz qoralab kelgan maqolamizdan yangilikni topishga qiynalardik. Har holda bizning patokda shunday bo‘lardi, har holda menda shunaqa bo‘lardi. O‘zimcha “Ustoz, nimani so‘rayaptilar? Bor-ku yangiligi” deb ham o‘ylab qo‘yardim. Peshonam tirishardi, ko‘zim chaqchayardi. Keyinchallik domlaning ma’ruzalari, misollarini eshitib, undan keyin amaliyot davomida yangilikning yangiligi (новостной повод) haqida tushuncha paydo bo‘ldi. Xullas, keyin bilsam, ko‘pimiz yangilikmas, hisobot yozib kelarkanmiz.

Ham o‘qib, ham bir kichik tahririyatda 3 yildan oshiq vaqt nyusmeykerlik qildim. Lekin rosti yozganlarimning kamchiligida yangilik bo‘lardi. Ayniqsa, tadbir, uchrashuv, davra suhbati va hokazolar yoritilganda. No‘noq jurnalistligimdan tashqari yangiliklarni har kuni kuzatadigan mushtariyman. Quyidagi fikr va xulosalarim oddiy bir kuzatuvchi sifatida bo‘laqolsin.

Jurnalistika oddiy xalq uchun foydali axborot berishi kerak

O‘zbekistonda meynstrim media, ya’ni siz bilan biz to‘layotgan soliqlar hisobidan moliyalashtiriladigan davlat telekanallari va FM’lar asosan O‘zA’ning uslubida yozadi. Menga shunaqa tuyuladi. Milliy axborot agentligi barcha ommaviy axborot vositalari uchun trendsetter, IMHO. Shuning uchun undan amerikancha qilib aytganda “epic” (afsonaviy) xabarlarni e’tiboringizga havola etyapmiz:

Muruvvat uyida tadbir o‘tkazildi  — 2018-yil 8-may

Cheksiz zavq ulashdi :)

Matbuot vakillari uchun davra suhbati o‘tkazildi — 2018-yil 8-may

Sarlavha: Fiat kompaniyasida davra suhbati o‘tkazildi. Xabar: Unda, xususan, kompaniya kasod bo‘lgani ta’kidlandi. :)

Xalqaro intellektual mulk kuni munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi — 2018-yil 26-aprel

Kofe brek yaxshi narsa-da, ayniqsa tadbir “City Palace”da bo‘lsa. Ha, “City Palace”da yoki “Siti Palas”da.

Xo‘-o‘-o‘sh, bularning nimasi yangilik? Yoki boshqacha qilib aytganda “Xo‘sh, nima bo‘libdi endi shunga?”

Bu sarlavhalar va xabarlarning matni boshqacha, odamlarga foydali, qiziq va ma’nili bo‘lishi mumkin edi.

Masalan, muruvvat uyidagi tadbirning yangiligi yo‘q. Undan ko‘ra tadbirdan chiroyli fotoreportaj qilsa bo‘lardi, chamamda. Prezident qarori asosida qilinayotgan ekan. Menga kecha chiqqan Prezident qarorini bugun kimdir qanchalik yelib-yugurib qilayotgani haqidagi hisobot yoki bayonnoma kerakmas. Menga 10 yildan keyin O‘zbekistonning o‘z aholisi ichidagi imkoniyati cheklanganlarga eng e’tiborli mamlakatga aylanishi, bugun tadbirda qatnashgan yoshlar ertaga jamiyatda o‘z o‘rnini topishi muhim va qiziqroq. Har bir kichik qadam haqidagi minnat ortiqcha, menimcha.

Matbuot vakillari bilan bo‘lgan davra suhbati haqidagi xabarda esa yangilik bilasizmi nima? “Xoroshoye nastroyeniye” gazetasining yopilgani. Bu ko‘pchilik eshitmagan gazeta nima qilibdiki, uning guvohnomasini tugatishibdi? Yozishsa, o‘qirdik.

Matbuot anjumaniga borib, “matbuot anjumani o‘tkazildi” deb xabar beradigan muxbir tadbirga kofe brek uchun boradi. (Hazil)

“Xo‘p, tabriklaymiz, matbuot anjumani bo‘lgan bo‘lsa, unda bosishga arzigulik biror yangilik aytildimi, yo‘qmi? Yo‘q bo‘lsa, yoki bu xabarni chiqarmang, o‘rtoq muharrir yoki “O‘zbekistondagi ixtirolarni patentlovchi tashkilot tanlovlari haqida bilasizmi?” degan material bering. Shuni ham Daryo.uz o‘rgatishi kerakmi endi?” deydigan odam yo‘q.

Daryo’ning nima aloqasi bor? Juda bor-da. 2017-yil mayida O‘zbekistonga dunyo bo‘yicha mashhur me’mor daniyalik Yan Geyl keldi.

Uza.uz buni quyidagicha yoritdi:

Yan Geyl: Samarqand — tarixiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan shahar — 2017-yil 18-may

Daryo.uz esa mana bundoq:

Toshkentga kelganiga bir kun bo‘lgan Yan Geyl shaharda asfalt juda ko‘p ekanini tanqid qildi. U kim o‘zi? — 2017-yil 17-may (UzA’dan bir kun oldin!)

Sizga qaysi biri qiziq? Toshkent shahrini yaxshilashga nafi tegishi mumkin bo‘lgan tavsiyalar muallifi kimligi, uning tajribasi haqida bilishmi? O‘zbekiston shaharlarining chiroyliroq va odamlar uchun qulayroq bo‘lishimi? Yoki Samarqandning “tarixiylikka uyg‘un zamonaviy ko‘rinishi mehmonda katta taassurot qoldirgani”mi?

Yana bir masala har kuni yoki kunora hali Tashqi ishlar vazirligida, hali Prezident qarorgohida bo‘ladigan uchrashuvlarning yoritilishi va Shavkat Mirziyoyevning dunyodagi yetakchilar bilan yozishmalari, tabrik va ta’ziyalarining OAVda e’lon qilinishidir.

Bular ham mamlakatimiz siyosatidagi muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatishga yordam berar. Lekin Prezidentning qabuli, uchrashuvi yoki tabrik/ta’ziyasi yuzasidan o‘z fikr, faraz va bashoratlarini aytadigan siyosiy sharhlovchilarimiz yo‘qligi yomon. Yoki ular bor, biz ularni bilmaymiz xolos. Televideniye yoki saytlar ulardan intervyu olib, masalan, O‘zbekiston va Litva munosabatlari haqida so‘ramasligi chatoq. Mayli-da, ekspert tog‘a “bu ikki mamlakat vakillarining uchrashuvi katta ahamiyatga ega emas, shunchaki har necha yilda hamkorlik hujjatlari yangilanishi kerak, protokol shunday” desalar ham.

Jurnalistikamizning boshi to‘ylardan chiqsin!

"Tipichni" o‘zbeklarning munosabati: Shunaqa bir orzu-havassiz, past odamlar bo‘ladimi-a? To‘yini bitta chaylada o‘tkazib yubordi. Yana unga atigi 100 ta odam chaqirgan. LOL :) 

Tadbirlarning, voqea-hodisalarning qanday yoritilishi, ularda nimalar asosiy yangilik sifatida aytilishi bo‘yicha zamondan orqaroqdamiz. Ko‘tarayotgan mavzularimiz ham qolishmas ekan, o‘ylab qarasam.

“Munosabat” tok-shousi bir necha yildan beri dabdabali to‘ylarga qarshi kurashishga bel bog‘lagan. Har safar har xil ishtirokchilar bir xil gapni qaytaraveradi. “Xo‘sh, buning nimasi yangilik?” desangiz ham, “Ну и чё?” desangiz ham farqi yo‘q. Chaynalaveradi.

Yana “Madaniyat va ma’rifat” va boshqa kanallarda ilm ahli lotin yozuviga mutlaq o‘tish masalasiga yopishib olgan. Huddi boshqa mavzular yo‘q, hammasi joyida-ku, faqat shu lotin yozuvida savodli yozib, to‘ylarimiz kamsuqum o‘tkazsak, olam guliston bo‘ladigandek.

Eng achinarlisi, shaxsiy fikrimcha, bu mavzularda shunchalik ezilib munozara qilish uchun efir vaqti uvol. Chunki ba’zi muammolarning davosi vaqt. Mana Umid Gafurov degan bloger uylandi. Bir chiroyli to‘y bo‘ldi Facebook’da ko‘rdik. Rejali, kamtar, kichkina to‘y. Yuzlab o‘zbek yigit-qizlari ikki yoshni qo‘llab-quvvatladi, umuman kamsuqum to‘ylar tarafdori ekanini ko‘rsatdi. Shu yoshlar to‘y qilsin, xudo xohlasa, ancha vaziyat o‘zgaradi. Biz tengilarning farzandlari turmush qurayotganda shundoq ham soddalashib qolamiz. Lotin yozuvining ham davosi shu. 5–10 yildan keyin lotinda savodi chiqqanlar boshqaruv lavozimlariga o‘tirsin, masala hal bo‘lar.

Quddus amakiga yangi mavzular: “Утечка мозгов”ni hal qilish yo‘llarini izlaylik. Turizmimizni ko‘tarish uchun nimalar qilishimiz kerakligini aniqlaylik. Muqobil energiyadan foydalanishni o‘ylaylik.

Nima bo‘lganda ham qulog‘imizning tagida Halim akaning “Xo‘-o‘-o‘sh, buning nimasi yangilik?” deyishlari jaranglab tursa, yomon bo‘lmaydi. 

3.86 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.86 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.16 / 14
  • Муштарийлар баҳоси
    4.37 / 10

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Шерзод Шерматов 09/05, 13:40
4 Нодир Закиров 09/05, 19:37

Sarlavha qo'yishni, o'quvchini qiziqtirishni rasmiy ommaviy axborot vositalarimizda rostdanam bilishmaydi. Kerakli mavzuni yoritgansiz. Kelajakda fikrlaringizni jamlab, maqolalaringizni yanada tartibga solib yozishingizni tavsiya etaman.

4 Мансур Тангишов 09/05, 23:40

Mavzu original mavzulardan, ijtimoiy ahamiyati ham nisbatan yuqori. Tahliliy tanqidiy mazmunda yozilgan post dolzarb masalalarni o'rtaga qo'ygan, muallifning o'z fikrini shaxsiy tajribasi va kuzatuvlaridan kelib chiqib bildirgan. Yozish uslubi ham o'ziga xos. Biroq, kuzatuvlar qo'shimcha faktlar bilan mustahkamlanmagani, mavzu doirasida o'ziga xos yechim tariqasida biror namuna keltirilmaganligi blogpost imkoniyatini biroz pasaytirdi. Keyingi postlarda muallif tomonidan bundanda o'qimishliroq mavzular ko'tariladi degan umiddaman.

4 Мақсуд Саломов 11/05, 09:10
4 Саид-Абдулазиз Юсупов 12/05, 01:30
5 Маҳсуджон Асқаров 12/05, 17:00
5 Расул Кушербаев 14/05, 23:51
3.5 Давронбек Тожиалиев 17/05, 16:29
3.5 Бахтиёр Шералиев 18/05, 15:01
3.5 Қаҳрамон Асланов 18/05, 16:14
4 Нигора Умарова 18/05, 16:37
4 Олимжон Солижон ўғли 19/05, 00:50
4.5 Мубашшир Аҳмад 19/05, 05:46
4 Тўлқин Юсупов 19/05, 18:14
5 Умид Гафуров 19/05, 23:21

Расмим учун эмас, долзарблиги учун 5 баҳо :)

5 Беҳзод Қобулов 20/05, 15:02

Матбуотга (умуман олганда, сўзгарликка!) яна бир профессионал журналист, забардаст ижодкор килиб келаётгани (эҳтимол аллақачон ўз ўрнини топгандир. Уни топмаган, танимаган, кузатмаган бўлсам, айб ўзимда!) сезилди. Чарчаманг! Мана шундай таҳлиллар ва мулоҳазалар журналистни журналист қилади, ҳар бўлишдан тияди, хослар сафига элтади...

5 Музаффар Назаров 20/05, 18:50
5 Иноят Садикова 20/05, 23:17
5 Абдумалик Носиров 21/05, 09:55

Ўзбек ОАВлардаги энг катта муаммолардан бири. Бир хиллик ва ўзи хос бўлган кайфият бирдек сақланиб қолиниши.

4.5 Уйғун Ғафуров 21/05, 14:26
5 Адҳам Отажонов 21/05, 17:23
5 Ботиржон Шерматов 21/05, 20:26
4.5 Шунқор Чориев 21/05, 21:22
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
3 та фикр