Nimaga dasturchilar yetishmayapti?

Agar siz internet foydalanuvchisi bo‘lsangiz, menimcha, hech bo‘lmaganda bir marotaba “PHP Developer kerak oylik 4.000.000 so‘mdan boshlanadi”, “PHP/MySQL ni biladigan dasturchi kerak oylik o‘rtacha 5.000.000 so‘m” ko‘rinishidagi reklamalarga ko‘zingiz tushgan bo‘lishi lozim.

Nega oylik boshqa sohadagi oylik maoshlarga nisbatan 2-3 barobar ko‘p bo‘lsada, dasturchilar yetishmayapti?

Ko‘pchilik o‘ylashi mumkin: “Bu soha endi O‘zbekistonga kirib kelyapti. Shuning uchun yoshlar o‘rtasida hali bu fanga nisbatan qiziqish yo‘qligi” deb. Muammoga bunaqa oddiy yechim bilan qarash, nafaqat bizlarning balki butun kattalarning noto‘g‘ri fikrlashidir. Aslida dasturlash O‘zbekistonga ancha yillar oldin kirib kelgan bo‘lib, dasturlashni o‘rganishga bo‘lgan sharoit maktab o‘quvchisini dasturlashga qiziqtira oladigan darajada yaratilgandir.

Biz litseyda o‘qigan paytimizda internet nimaligini bilmasdik, faqat kitobdan o‘qirdik. Hozir esa barcha sharoitlar mavjud. Nega sharoitlar yaratilgan bo‘lsada haligacha dasturchilar yetishmayapti?

Agar barcha muammolarni sanab o‘tish kerak bo‘lsa, bu judayam ko‘p vaqtni oladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan 15 yillik dasturchi sifatida quyidagi dastlabgi qadamlarni tashlashni taklif qilaman.

Barchamizga ayonki maktabda shu kunlarda “Informatika” fani o‘qitiladi. Bu fanning asosiy maqsadi o‘quvchilarni kompyuter savodxonligi va dasturlashga o‘rgatishdir. Hozirda bu fan 5-sinfdan o‘tiladi.

Agar 5-sinf darsligiga qarasak, asosan kompyuter qurilmalari, MS Paint dastur va kompyuter o‘yinlari haqida, 6-sinfda MS Word haqida, 7-sinf axborot va internet haqida, 8-sinf yana kompyuter, dasturiy ta’minot (Windows OS) va MS Excel haqida. 9-sinfda algoritm asoslari, dasturlash asoslari va web dasturlash, 10-sinfda MS Excel, ma’lumotlar ombori va Delphi dasturlash muhiti haqida. (Ushbu ma’lumotlar internet tarmog‘ida joylashtirilgan darsliklarning nusxalari asosida tayyorlandi).

O‘zingiz e’tibor bergan bo‘lsangiz o‘quvchi 5-sinfdan 8-sinfgacha asosan kompyuterdan foydalanish haqida o‘rganadi. Faqat bitta farqli ravishda 7-sinf axborot bo‘limida sanoq sistemalar haqida gapirilgan. 9-sinf to‘liq dasturlashga asoslangan, 10-sinfning yarmi ham dasturlashga asoslangan. Agar oddiy hisob-kitob qilsak 5-sinfdan 10-sinfgacha (10-sinfda ham o‘qiganini hisobga olsak, 6 yillik o‘qish davrida) 25% dasturlashga yo‘naltirilgan. Bu esa juda kam.

Ba’zilar o‘ylashi mumkin, biz ham shunaqa informatika o‘qib dasturchi bo‘ldikku, o‘quvchida qiziqish bo‘lsa shuning o‘zi yetarli deb. Lekin bizning maqsad qiziqishi yuqori bo‘lmagan o‘quvchilarni dasturlashga qiziqtirish ekanligini hisobga olib quyidagi yechimni taklif qilaman.

5-sinfdan boshlab informatika fanini 2 ta darslikka ajratish lozim:

  1. Kompyuter savodxonligi
  2. Dasturlash asoslari

Kompyuter savodxonligi fani o‘z ichiga kompyuter tuzilishi, qanday foydalanish, ichidagi dasturiy ta’minotlar (MS Word, MS Excel, MS Paint, Windows OS) ni o‘z ichiga olib, yil oshgan sari beriladigan ma’lumotlar ham qiyinlashib boradi.

Dasturlash asoslari fani esa 100% dasturlashga qaratiladi. Bunday holatda o‘ylashingiz mumkin, 5-sinf bolasiga dasturlash og‘irlik qilmaydimi deb. Lekin buning ham yechimi mavjud.

5-sinf o‘quvchisiga o‘yin dasturlar yordamida logikani tushuntirish lozim. Misol tariqasida: Oddiy qurbaqa ariqchadan sakrab o‘tishi uchun A > B sharti bajarilishi lozim. A va B ga mos sonlarni tanlang. Shu tariqa 5-sinf o‘quvchisida logik amallar ustida ishlashni shakllantirish. TRUE (rost)/FALSE (yolg‘on) natijali mantiqiy amallarni tushuna boshlaydi.

6-sinf o‘quvchisiga Scratch dasturlashni o‘rgatadigan o‘yin sifat dasturlar yordamida kichik o‘yinchalar yaratish (https://scratch.mit.edu - shu yerdagiga o‘xshagan)

7-sinf o‘quvchisiga matematik ifodalarning kompyuterda yozilishi, sanoq tizimlari va ularning ustidagi amallar, axborot va ularning ko‘rinishi. Faqat nazariy bilan cheklanmasdan barchasini amaliy sinab ko‘rish imkoni mavjud bo‘lishi lozim. Buning uchun oddiy ifodani tekshiradigan dastur yaratishning o‘zi kifoya.

8-sinf o‘quvchisi Pascal dasturlash tilida dasturlash asoslarini boshlaydi.

9-sinf o‘quvchisi Web dasturlash va ma’lumotlar omborini o‘rganadi.

10-sinf o‘quvchisiga Delphi dasturlash muhitida ishlash.

11-sinf o‘quvchisi 8,9,10-sinfdagi ma’lumotlar qayta takrorlanadi, murakkab tartibda.

Albatta yuqorida yozganlarim mening shaxsiy fikrlarim, bu o‘zgarishi yoki hozirgi holatga umuman tushmasligi mumkin. Bundan tashqari 10 va 11-sinfda o‘qiydigan o‘quvchining asosiy maqsadi oliygohga ga kirish ekanligini hisobga olsak, ushbu o‘quvchi faqat 3 ta fan bilan cheklanib qolishi hech kimga sir emas.

Tasavvur qilaylik, agar dasturlashga qiziqishi bor o‘quvchi oliygohga kirsa, yuqori ehtimollik bilan u dasturchilik bilan shug‘ullanishi mumkin. Lekin agar maktab davrida dasturlashga qiziqishi yuqori bo‘lsayu lekin oliygohga ga kira olmasachi?

Bunday holatda o‘quvchi oldida 2 ta yo‘l mavjud bo‘ladi.

1. Yana bir yil 3 ta fanga tayyorgarlik ko‘rish (ushbu holatda 1 yil dasturlash bilan shug‘ullanmagan o‘quvchi, ancha narsani esidan chaqirishi aniq). Agar bir nechta yillik urinishlar natijasida OTM ga kira olmasa, juda yuqori ehtimollik bilan 2-yo‘lni tanlashga majbur bo‘ladi.

2. Chetga qora mehnat qilishga chiqib ketish (eng achinarli holat)

Keling shu oliygohga kira olmagan o‘quvchining taqdirini qora mehnat qildirmasdan, O‘zbekistonda olib qolishni harakatini qilib ko‘rsak (albatta dasturlashga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar haqida gap ketyapti).

Bilamizki yaqinda MUIC (Mirzo Ulugbek Innovation Center) tashkil etildi. Ushbu markazning asosiy maqsadi O‘zbekiston hududida AT (Axborot Texnologiya)larini rivojlantirib, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga yo'naltirishdan iboratdir. Lekin ushbu markazning bitta kamchiligi u faqat yuridik shaxslar (firmalar) bilan ishlaydi xolos.

Agar MUIC vakolatiga jismoniy shaxslarni ham a’zo qilish imkoni berilsa vaziyat qanday tus olishi mumkinligi haqida bir o‘ylab ko‘rsak.

Birinchidan: Yoshlar maktab davridan boshlab dasturlash asosida birlashish imkoni mavjud bo‘ladi. Har xil tanlovlar, musobaqalar (olimpiadadan tashqari) o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ikkinchidan: Agar o‘quvchi maktab davridan dasturlash yordamida pul topish mumkinligiga ishonsa, OTM ga kira olmasa ham MUIC ning a’zosi bo‘lgan holda o‘z ishini davom ettirishi mumkin.

Uchinchidan: Eksportbop dasturiy mahsulotlar sonining ortishiga sabab bo‘ladi. Chunki dunyodagi yuqori reytingdagi barcha xizmatlar ko‘pincha 1 ta dasturchi tomonidan yaratilgan.

O‘z navbatida MUIC ning a’zolariga quyidagi imkoniyatlar berilsa, o‘ylashimcha bu faqat oldinga qadam bo‘ladi.

1. Oliygohga kira olmagan MUIC a’zosi, agar yillar davomida yaxshi natijalarga erishsa ya’ni o‘zini dasturlash borasida yaxshi ko‘rsata olsa oliygohga kirishga imtiyoz berilsa. Shunda o‘quvchilar orasida faqat armiyaga ketish emas, balki dasturlashga qiziqish ham ortardi.

2. A’zo bo‘lgan jismoniy shaxsga tashqi davlatlardan valyutani muammosiz hisob raqamiga tushirish va naqd qilib olish imkonini berish. Bunda dasturchilarning ko‘pchiligi eksport qilishga harakat qilishardi.

Yuqorida yozganlarimni umumiy qilib xulosa chiqaradigan bo‘lsam, hurmatli Sherzod Shermatovning “Bizga raqamli tartibsizlik kerak emas” deganlaridek bizgayam diplomli “chala” dasturchilar kerak emas, bizga haqiqiy dasturchilar kerak. Uning diplomi bormi yo‘qmi bu hozirgi vaziyatda ikkinchi darajali muammodir. Chunki o‘zim ham diplomimni 8 yil deganda qo‘limga oldim. Bunga zarurat tug‘ilganidan emas, qachondir olishim kerakligi uchun oldim.

Umuman olgandan hayolimdagi fikrlarning yarmidan ham kam qismini yozdim. Bu yozganlarimni amalga oshirish juda ko‘p resurs, vaqt talab qilishini juda yaxshi bilaman. Lekin bizning hozirgi vaziyatimiz ko‘p daraxt ekish emas, kam lekin ko‘p meva beradigan daraxt ekishdan iboratdir. Agar dasturchilarni o‘zimizning ichimizdan qidirmasak, ertaga qolgan davlatlarga o‘xshab biz ham tashqaridan mutaxassis qidirishga majbur bo‘lamiz. Shundoq ekan, qachondir, nimadandir boshlashimiz kerak! Qotib turmasdan oldinga qadam tashlaydigan davr keldi, menimcha.

Hurmat bilan, Abdullayev Ruslan. (shranet - ko‘pchilikka tanish)

4.5 / 2

  • Ҳакамлар
    4.5 / 2
  • Блогерлар
    4.67 / 3
  • Муштарийлар
    4.86 / 7

Мақолани баҳолаш учун
рўйхатдан ўтинг

5 Бахтиёр Шералиев 18/04, 05:34

Muallif o’zining shaxsiy qarashlari yordamida o’zi ko’targan muammoni tushuntirishni, uning dolzarbligini asoslash yaxshi bajargan. Dasturlash umuman nima ekanligini bilmagan odam ham maqoladan ozgina bo’lsada dasturlovchi muhim kasb ekanligini anglaydi. Muallifning fikrlari teran, o’qishli. Lekin 2 ta imloviy xato mavjud.

4 Беҳзод Қобулов Кеча, 22:29
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
10 та фикр