Istanbul ko‘chalaridan izlangan "baxt".

Shahlo Alieva
Саралаш

- “Alo, oyi, assalomu alaykum!”

- “Alyo, vay G. voalaykum assalom, tichlikmi, nima bo‘ldi, kech bo‘lganda, soat 4:00 bo‘ptimi?"

Onasi tomonidan berilayotgan savollarga javob qidirish holatida bo‘lmasada, uni tasdiqlab qo‘ydi.

- “…….hmmmmm…..oyi homiladorman”

- “……..uhhhhhhh………………………”

Onaizor huddi buni oldindan his qilganday, shu kunni kelishini kutganday, hatto bola kimdan ekanligini ham bilganday ortiqcha so‘z ochmadi.

Roppa rosa 3 yil avval “O‘zbekiston Havo Yo‘llari” aviakompaniyasi tomonidan uchgan samolyot bortidan “Toshkent-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha parvozga ko‘tarilgan samolyot Istanbul shahriga kelib qo‘ndi” degan ovoz eshitildi. G. samolyotdan tushar ekan uning hayolotida bir qancha “sof orzular” mujassam edi. Uni aeroportda ammasining qizi kutib olishi kerak edi. G. to u turgan joyga yetib borguncha faqat bir narsani o‘ylardi “endi hammasi boshqacha bo‘ladi, “boplab qo‘yaman”, ko‘rsatib qo‘yaman, o‘zini kim deb o‘ylagan edi, hamma-hammasiga tupurdim”. Aslida bu gapga chaqqon, tillari burro juvon o‘ttiz besh yoshdan oshgan, ikki farzandning onasi. O‘n yetti yoshida “ko‘ngil qo‘yishib” turmushga chiqqan. Turmush o‘rtog‘i M.ni shunchalar sevar ediki, ta‘riflashga til ojiz. Bir oylik kelinchakligida xolalariga qarata “sizlar sevgi nimaligini bilasizlarmi o‘zi, biz bir-birimizsiz yashay olmaymiz. Eh, sizlar qayerdan ham bilar edinglar” degan so‘zlari bugun o‘z isbotini yo‘qotib ulgurgan edi. O‘sha sevgi nima ekanligini bilmaydigan, tushunmaydigan xolalari qariyib 30 yildirki hayotning past-u balandiga chidab turmushini asrab kelayotgan edilar. Xo‘sh, bu “sevgini biladigan, tushunadigan” ayolchi o‘ttiz besh yoshida sevgan insonini tashlab “yaxshi yashash” ilinjida muqaddas rishtalarni o‘sha to‘rtta Benjamin Franklin suratlariga almashdi qo‘ydi. Onasiga aytgan so‘nggi so‘zi “oyi, hayotim bo‘lmayapti, men M. Bilan yashamayman, bolalarimni sizga topshirdim. Ishlab pul topaman. Istanbuldigilar bilan gaplashdim, oyligi ham yaxshi ekan, bolalarimni keyin olib ketaman. Biz ham endi “elitniy” hayotda yashaylik”. Naqadar ta’sirli jumlalardan tuzilgan gap-so’ziga onasi ham rozi bo‘lgandi. Nega deysizmi? Chunki qizining bu qarorga kelishiga ikki yildan buyon davom etayotgan mashmashalar, urush-janjallar va kirdi-chiqdilar sabab bo‘layotganini u yaxshi bilardi. Har qanday ona ham farzandining baxtli, tinch va to‘kin hayotda yashashini istaydi, albatta.

G. aeroportdan chiqdi, o‘sha tanishi bilan ko‘rishdi, Istanbulda yashay boshladi. Uning Istanbuldagi ilk kuni unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Qariyib bir oy davomida G. osmonning yettinchi qavatida uchayotganini o‘zi ham yaxshi bilardi. Istanbulning tor ko‘chalari, yozda salqinlik beruvchi dengiz bo‘ylari, mazali taomlari, kemalarining ovozi, biz seriallarda har doim to‘qnash keladigan o‘sha baland, uzun ko‘prik ham u uchun qadrli bo‘la boshladi. Chunki u bu "go‘zallik‘larning shaydosiga aylangan,  ishi qanchalik qiyin bo‘lmasin u uchun o‘ta maroqli edi. Har safar shahar ko‘chalarida aylanganida unga baland-baland binolar to‘qnash kelar,  Ayasofiya masjidi yonidan o‘tganda azon ovozini eshitib ko‘ngli tinchlanar edi. Ha, u sevib qoldi. U Istanbulni bir insonga qo‘shib sevib ulgurdi. Ko‘ngil ishi juda qiyin-da, eh! Yurak o‘lgur aqlga bo‘ysunmaydi.

Bir yilga qolmasdan Toshkentda yuragi taka-puka bo‘lgan onasi ham qizini ko‘rgani keldi. Hayratda. Bir vaqtlar M. bilan bir olamga aylangan qizining shkafida boshqa bir erkakning ust-boshi. Hali taloq ham, suddan “razvod” ham olmagan. Lekin hayotida boshqa bir ikkinchi olam paydo bo‘libdi. Onasi ayni shu narsani his qilgan edi. Tashrifidan maqsad ham hayolidagi bo‘lar-bo‘lmas o‘y-hayollarga chek qo‘yish, qalbidagi gumonlarga barham berish edi. Lekin ona har qancha urunmasin, baqir-chaqir qilmasin, ishni hal qila olmadi. Chunki endi allaqachon kechikkanini o’zi ham yaxshi anglar edi. Onasi Toshkentga qaytdi. Qizining sha'nini himoya qilish uchun, bo‘lgan voqealarni hech kimga aytmadi.

Ikki yildan keyin G. Toshkentga keldi. O‘sha yuqoridagi taloq va “razvod”ni olish uchun. O‘n sakkiz yil avval bir-biriga sevgi izhor qilgan bu tillar endilikda sud zalida shunchalik nafrat va razillikni aytar ediki, hayratdan yoqa ushlaysiz. G. sudyaga qarab turkchalab nimalarnidir tushuntirar edi. Ikki yilda o‘z oilasini unutishga ulgurgan “haq” ayolning tillari ham o‘zligini unutgan edi. Afsuski, ajrim bo‘ldi.

G. Istanbuldagi hayotining uchunchi yili homilador bo‘ldi. O‘sha turk “oilasini, xotinini, xotiniga qo‘shib ikkita bolasini boqadigan, garchi o‘zining uchta bolasini avvalgi xotiniga butunlay qarovsiz tashlab qo‘ygan bo‘lsada, haqiqiy mard" erkak bilan Toshkentda to‘y bo‘ldi.

Endi o‘z haq-huquqini biladigan, o‘zini “turchanka” deb hisoblaydigan bu ayol ko‘p o‘tmasdan, yuqoridagi telefon qo‘ng‘irog‘idan olti oy o‘tib o‘g‘illik bo‘ldi. Uning nazdida hammasi joyida edi. Biroz vaqt o‘tgach G. oyisiga telefon qilib qizini Istanbulga yuborishi kerakligini, unga bilet, biletga qo’shib bir muncha pul ham yuborganini aytdi. Go‘shakni qo‘yib G. bir yil avvalgi vaqtni esladi. Aslida, ajrimdan so‘ng u o‘g‘lini ham, qizini ham o‘zi bilan Turkiyaga, yangi uyiga olib ketmoqchi bo'lgan. Ammo o‘g‘li bunga unamagan, onasidan voz kechgan edi. Uzun-yuluq gap so‘zlarga qaraganda o‘g‘li hozir otasi va tug‘mas o‘gay onasi bilan yashayotgan ekan. O‘yladi “tavba shu tekintamoqqa ham turmushga chiqadigan ayol topilibdi-da. O‘zi o‘sha boyvochcha dugonam to‘g‘ri aytgan ekan, "ering o‘lgunicha odam bo‘lmaydi" deb, mana men shuncha natijaga erishdim, u bo‘lsa yo‘q”. G. ichida o‘zini hato qilmaganiga ta’kidlar izlar edi.

Bir oydan keyin qizi keldi. G. hayotini ancha o‘zgargandek his qildi. Qizi u yerda ishlar, qo‘shimcha kurslarda o‘qir va kichik ukasiga g‘amxo‘rlik qilar edi. G. yangi eri,  qizi va chaqalog‘i bilan tinch yashab kelayotganini onasi bilardi toki bir qo‘ng‘iroq bo‘lmagunicha:

- “Alo, oyi………………”

Huddi qariyib to‘rt yil avvalgi ovozga o‘xshash sas.

- “Alyo, G. nima bo‘ldi, tinchlikmi……yig‘layapsanmi……nimaga?

-“Oyi, oyi…….....benim kızım hamile......."

- “Nima?”

Negadur G. bu safar o‘zbekcha gapirishdan cho‘chidi.

- “O‘zbekcha gapir”

- “Qizim homilador ekan”

- “……kim…..kim…..kimdan?”

- “………………..kuyovizdan………”

Aslida, bu hikoyani sizlarga oshkor qilmoqchi emas edim, to bu voqea inson hayotiga so‘nggi nuqta qo‘ymagungacha. Ha, bu real voqealarga deyarli har olti oyda birma-bir guvoh bo‘layapmiz. O‘ylamang buzuq hayotni bizlarga nima keragi bor deb. Chunki, bu tragediya bo‘lib o‘tgan sahnaga bir kun kelib o‘zingiz ham chiqib rol o‘ynashingiz mumkin. Bunday hayotga kim aybdor aslida? Besabr ayolmi, oilasini ta’minlab berolmayotgan erkaklarmi, dabdabali to‘y qilish orzularimi yoki qizining to‘kin hayotda yashashini istayotgan onalarmi, yohud jim qarab turuvchi otalar, akalar, ukalar, qo‘ni-qo‘shni, mahalla oqsoqollarimi? Xo‘sh, kim? Biz darhol aybdorni qidiramiz to‘g‘rimi? Lekin bunday fojeani oldini vaqtida olmaymiz, balki oldini olishni, asabimizni buzishni, kimlar bilandir konfliktga borishni istamasmiz. Har kuni televizor orqali yangiliklarda qancha yoshlarni, ayollarni ishga qabul qilinganini, ularga imtiyozli kreditlar berilgani ishtiyoq bilan ko‘ramiz. Hayronman, nega shu chetga ketayotgan ayollarga bizda ish yo‘qmi? Yoki ular qiyinchilkdan yengilgina hayotni ustun qo‘yishiyaptimi? Savollar ko‘p, ammo yechim yo‘q! Biz faqatgina baho berishni va maslahat berishni bilamiz, xalos, to‘g‘rimi?

Bu hikoya Turkiyada ishlab yurgan barcha ayollar uchun tegishli emas. Chunki o‘zim guvohman u yerlarda ne-ne qiyinchiliklar bilan ishlab pul topayotgan, iffatini, or-nomusini, oilasi sha’nini himoya qilib yurgan ayollarimiz ham bisyor. Ayni vaqtda O‘zbekistonda ham oilaning ola-hurjunini bo‘yniga olgan ayollarimizni har jabhada ko‘ramiz. Oddiygina misol, bozorga bir borib keling. U yerda talashib-tortishib pul topayotgan ayollarni ko‘rasiz. Aslida qabih ishlarni chetga chiqib qidirish shart emas. Bu yerda ham to‘lib-toshib yotibdi. Faqatgina Turkiya seriallariga oshiq bo‘lib o‘sha yerdan baxt qidirishga shoshilayotgan ayollar, nimalarni orzu qilib hamma narsadan voz kechmoqdasiz. Biroq besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, insoniyat ham turlicha. Bilasizmi, Turkiyada ishlab kelgan bir qo‘shnim shunday degan edi: “Turklar qayerliksizlar deyishsa o‘zbekligimizni aytishga uyalamiz. Chunki u yerdagi o‘z nafsiga qul bo‘lgan o‘zbek ayollari “o‘zbek” nomini sotib, bizlarni ularga subutsiz qilib ko‘rsatishga ulgurishgan”.

Hurmatli erkaklar sizlarga ham murojaatim bor. Faqat darhol ensangiz qotmasin haqiqattan. Birinchi navbatda oila filmida sizlar bosh rol ijrochisisiz. Chunki qiyshiq qovurg‘anining sinishi sizning mahoratingizga qarab bo‘ladi. Ba’zida boshqa ayollarga nisbatan fikrlaringiz oshib toshib ketishi mumkin. O‘sha fikrlaringizni o‘z ahlingiz uchun ishlating. Hikoyani o‘qib “shunaqasi ham bo’larkanmi, eri bunday, unday qilmaganmi” demang. Chunki yuqoridagi qahramonlar ham shunday bo‘lishiga ishonmaganlar. Bu holatlar toki o‘zingizni ayolingiz, onangiz, singlingiz yoki qizingizga yetib kelmaguncha oldini oling! Oilani ola-hurjunini ko‘tarish ayol kishi uchun og‘ir. Bu hurjun erkaklar uchun chiqarilgan. Bu gaplar hamma erkaklar uchun emasligini inobatga olgan holda, hamma o‘zi uchun taffakkur qilib xulosa chiqaradi degan umiddaman.

Ayrim nafsining quliga aylangan o‘zbek ayollari, qaytarib aytaman “ayrim” ayollar, sha’ningizni va nomingizni o‘sha “sovuq, ko‘k rangli” ammo sevgini, do‘stlikni, mehrni va hatto oilani sotib olish qudratiga ega pullarga almashmang! Har bir narsaga shunchaki qo‘l siltashdan avval siz oilangizga, farzandlaringizga kerak ekanligingizni unutmang!

Har biringiz o‘z oilanigizni o‘zingiz asrang!

O‘ylamang o‘zga er el bo‘larkan deb,

Yoki qorin to‘ygani shu bo‘larkan deb,

Biling ularda ham shaytonlari bor,

Nikohini onsongina sotganlari bor.

3.26 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.26 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.13 / 2
  • Муштарийлар баҳоси
    4.36 / 6

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Маҳсуджон Асқаров 04/05, 14:06
3.5 Расул Кушербаев 05/05, 23:18

Мавзу долзарб, бирок очиб бериш саезрок булибди

4 Саид-Абдулазиз Юсупов 13/05, 03:19
3.5 Шерзод Шерматов 13/05, 14:26
3 Қаҳрамон Асланов 17/05, 13:04
2.5 Давронбек Тожиалиев 18/05, 14:15
2 Нигора Умарова 18/05, 20:25
4 Олимжон Солижон ўғли 19/05, 00:30
3.5 Мақсуд Саломов 19/05, 14:47
3.5 Бахтиёр Шералиев 19/05, 14:50
3 Тўлқин Юсупов 19/05, 17:51
2.5 Уйғун Ғафуров 19/05, 18:26
3 Умид Гафуров 19/05, 23:42
2.5 Музаффар Назаров 20/05, 17:59
3 Шунқор Чориев 20/05, 20:44
3 Беҳзод Қобулов 20/05, 22:59
3 Абдумалик Носиров 20/05, 22:59
2.5 Мубашшир Аҳмад 20/05, 23:37
3.5 Мансур Тангишов 21/05, 11:25
4 Нодир Закиров 21/05, 13:55
3 Иноят Садикова 21/05, 13:59
3.5 Адҳам Отажонов 21/05, 19:33
3.5 Ботиржон Шерматов 21/05, 21:13
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
1 та фикр