Folchi xolaning nayranglari

FOLCHI XOLANING NAYRANGLARI

“Folbinga ishonma, folsiz yurma” degan gapni o‘ziga naql qilib olgan Nazira xola – qo‘lida tuguncha, erta tongdanoq qaergadir jo‘nash uchun hozirlik ko‘ra boshladi. Xotinining u xonadan bu xonaga o‘taverib, ivirsishidan uyg‘onib ketgan Farmon aka bildiki, yana folbinga boradi. So‘nggi paytlarda zo‘r folbinlaru nafasi po‘stakni ham havoga uchiradigan “kuf-suf”chi eshonlar ko‘payib ketdi. Bundaylar har qishloqda topiladi. Folbini, eshoni yo‘q qishloqlarga “gastrolyor” eshonlar ham kelib ketishadi. Hatto shaharlardagi mahallalarda ham o‘shandaylarni ko‘rib turibmiz.

– Ey, nodon xotin, nimalar qilyapsan? – dedi Farmon aka jig‘ibiyron bo‘lib. Xotin parvo qilmadi. Bunga sabab bor edi. Qo‘shnisi Toshtemir anchadan buyon Vodariq qishlog‘ida traktor haydardi. Peshona teri bilan mehnatiga yarasha kuni o‘tardi. Birovdan boy ham, kambag‘al ham emasdi. Lekin oxirgi paytlarda sog‘lig‘i tufayli traktorini haydamay qo‘ydi. Uyda yotaverishdan zerikib, choyxonaga chiqib ulfatlari bilan chaqchaqlashib o‘tiradigan bo‘lib qoldi. Erining ishlamayotgani, o‘g‘lining o‘qishga kira olmagani Toshtemirning xotinini tashvishga soldi. Allaqaerlargadir borib fol ochirib, kelib yurdi. Folbinlarning bari bir xil kuyni “chalishadi”. Ya’ni o‘g‘lining o‘qishga kira olmasligi va Toshtemirning ishlari orqaga ketayotganining sababi hovlisida ko‘milgan va kimdir ovqatga qo‘shib yedirgan duo emish. O‘shakchi ayollarning mish-mishiga qaraganda mana shu “duo”larning narxi arzimagan o‘n besh-yigirma ming so‘m pul ekan. Buning balosi esa ko‘tara tashvish. Buni qarangki, ovqatga qo‘shib yedirilgan duo odamni o‘ldirish darajasiga borarkan. Tabiiyki, savol tug‘iladi: bu duoni kimlar qiladi? Javobi ham qiziq. Bular mo‘may daromad ilinjida yurgan allaqanday eshonlaru otinoyilardan chiqqan qiliqlar. Qaysi eshon, qaysi otinoyi – bunisi noma’lum. Pul o‘lsin-a, pul o‘lsin. Odamni ne ko‘ylarga solmaydi.

...Bu gaplarga ishongan Toshtemirning xotini “ko‘p nima qilsa, shuni qilaman”, deb harakatga tushib qoldi. Uyiga notanish bir ayolni boshlab keldi-da, ko‘milgan duoni olishga o‘sha folbin ayollardan birini yordamga chaqirdi. Folchi qo‘lidagi o‘qlov bilan yerni qadam-baqadam aylanib, uch-to‘rt joyga borib keldi. Daf’atan g‘alati alfozda kekira boshladi. Gilos tagini ko‘rsatib, “mana shu yerda bir narsa bor, kavlang”, deb buyruq berdi. Yordamchi ayol shosha-pisha kavlay boshladi. Bu yerda tugun, sim va suyak chiqadi deb oldindan bashorat qildi. Haqiqatan ham, aytgan narsalari kavlab olindi va suv to‘latilgan chelakka solindi. Boshqa joylardan ham shunga o‘xshash kichik suyaklar, lattaga o‘ralgan tugunlar chiqdi. Folbin chelakdagi suyaklarni oldi-da, bular oilangizga qilingan duo, salomatligingizga yomon ta’sir qiladi, matoga tugilgan tolali qora narsalarni esa sehr-joduning eng kattasi deya, buni erining ishi yurishmayotganiga va o‘g‘lining o‘qishga kira olmasligiga yo‘ydi. Nihoyat, “missiya” ham yakunlandi. Folchi: “Uyingiz, top-toza bo‘ldi. Hech narsadan xavotirlanmang. Akaning ishlari endi zap yurishib ketadi, o‘g‘lingiz ham o‘qishga kiradi” deya ishonch bildirishi bilan “umringizdan Baraka toping”, degan maqtovga musharraf bo‘ldi.

Hovlida yashaydiganlar yaxshi bilishadi. Suyak kemirmaydigan it yo‘q. Yegani yetmaganday qaerdan nima topsa, olib kelib o‘ziga qulay joyga ko‘mib ketadi. Hozirgi holatda ham shunday bo‘lgandi. Olaparning “ishi” folbinga qo‘l kelgandi. Xullas, navbat hisob-kitobga keldi. Uyning to‘ridan joy tayyorlanib, avvaldan folbinning “zakaz”i bilan qozonga bosilgan oq tovuq go‘shtidan sho‘rva suzildi. Ovqatdan keyin, ayol bor-budini olib chiqdi. Ikki ko‘ylakka yetadigan mato, uchta ro‘mol, o‘g‘il uylantirsam kelinimga deb olib qo‘yilgan tillo uzuk va ikki yuz ming so‘m pul “xaloskor”ning oldiga qo‘yildi. Folbin shunda ham rangi bo‘zarib, qo‘yilgan narsalarga rozi bo‘lar-bo‘lmas dasturxonga duo aytdi-yu, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qishloqda gap yotmaydi. Bu gaplarni eshitgan Farmon akaning xotini bezovta. Qo‘shnisi qilgan ishni bajarib, hovlisini “toza”latib olmoqchi.

Bu kabi holatlarning tobora ommalashib borayotgani kishini tashvishga solishi bilan bir qatorda ogohlikka ham chorlaydi. Bir-birini ko‘ra olmaslik, hasad kabi illatlarning tobora kuchayib borishi ma’naviy tubanlik natijasidir. Farmon aka shu haqda ko‘p o‘ylaydi. Axir, ota-bobolarimiz, momolarimiz o‘zaro mehr-oqibat, bolajonlik, kattaga hurmat, kichikka izzat ruhida hayot kechirishgan-ku. Bu kabi salbiy holatlarning “urchishi” haqida jiddiyroq o‘ylash kerakka o‘xshaydi.

Farmon aka yigirma yildirki, o‘qituvchilik bilan mashg‘ul, o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirish haqida qayg‘uradi. Shu tobda ayolining ma’naviyatdan bu qadar yiroqlashuvi uni tashvishga solib qo‘ydi. Nabirasi A’zamjonni oldi-da, xotini topgan folchining uyiga yo‘l oldi. Folbin ham fol ko‘rar, ham tomoqdan allaqanday sehr-jodularni olarkan. Har ochgan foliga arzimagan ming so‘m olarkan-u, tomoq masalasiga kelganda “ishtahasi” ochilib ketarkan. Besh ming so‘mdan yigirma ming so‘mgacha narx qo‘yarkan. Folchining uyi shunchalik dabdabali, naq qasrning o‘zi! U yerda ko‘pchilik ayollar, bolalar, yosh qiz-juvonlar, hattoki erkaklar ham navbat kutib turardi. Farmon aka bularni ko‘rib hayratdan yoqa ushladi. “Odamlarga bir balo bo‘lganmi, falonchining ho‘kizi tug‘di desayam ishonishsa-ya?!” Folbin darvozadan kirish joyida – oq rangga bo‘yalgan kichkinagina xonada fol ocharkan. A’zamjon borib buvisining qo‘lidan tutib “bobom chaqiryapti” deya ularning orasidan yetaklab chiqdi. Soat o‘ndan o‘tibdiki, kallai saharlab ketgan Nazira xolaga navbat kelmapti. Erining jahlini biladigan xola indamay iziga qaytdi. Farmon aka esa uni tergashni ham, kulishni ham bilmasdi. Kechki ovqat paytida esa, kelini, o‘g‘li va nabiralarini oldiga olib, ayrim odamlar orasidagi bu kabi holatlarga o‘z munosabatini bildirdi va bunday illatlarga qarshi kurashda faqat yuksak ma’naviyat, aql-idrok, ko‘p kitob o‘qish, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lish foydali ekanini aytib nasihat qildi. Uning fikrini nabirasi A’zamjon davom ettirdi. U bugun mutolaa qilgan “Sariq devni minib” asaridagi Sora folbinning qilmishlarini gapirib berdi. Nazira xola esa o‘ziga tegishli xulosa chiqardi va boshqa bunday ishlarni qilmaslikka so‘z berdi. Shundan so‘ng dasturxon tegrasida qadoq qo‘llar ochilib, yurtga tinchlik, yoshlarga baxt-saodat, insof va diyonat, odamlar orasida mehr-oqibat yo‘qolmasin deb yuzga fotiha tortildi.

Muhammadali Mamadaliyev

2.65 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    2.65 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.14 / 2
  • Муштарийлар баҳоси
    4.35 / 3

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

1.5 Бахтиёр Шералиев 26/04, 16:49

Yaxshi mavzu, lekin blogpost o'ta bo'sh, muallifning shaxsiy tahlil va fikrlari bilan boyitilganda yanada yaxshiroq bo'lar edi.

1 Давронбек Тожиалиев 27/04, 16:07
2 Адҳам Отажонов 28/04, 09:28
2 Олимжон Солижон ўғли 02/05, 20:08
2 Умид Гафуров 12/05, 01:01
2 Расул Кушербаев 15/05, 21:57
1.5 Саид-Абдулазиз Юсупов 17/05, 03:16
2 Шерзод Шерматов 17/05, 14:43
2 Маҳсуджон Асқаров 18/05, 22:33
1.5 Тўлқин Юсупов 19/05, 15:41
1 Нигора Умарова 19/05, 18:32
2.5 Уйғун Ғафуров 19/05, 19:23
1.5 Мақсуд Саломов 19/05, 19:26
2 Қаҳрамон Асланов 20/05, 13:15
2 Музаффар Назаров 20/05, 13:54
3 Шунқор Чориев 20/05, 21:07
1.5 Беҳзод Қобулов 20/05, 22:41
3 Абдумалик Носиров 20/05, 23:44
2 Мубашшир Аҳмад 21/05, 00:16
3 Мансур Тангишов 21/05, 11:52
2 Иноят Садикова 21/05, 14:25
2.5 Нодир Закиров 21/05, 17:46
3 Ботиржон Шерматов 21/05, 21:32
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
1 та фикр