Suriya: tarix, korrupsiya va urush iqitisodiyoti

Sarvar Jalolov
Саралаш

Taxminan bir yilcha oldin, 2016-yil bahorida Lion Siyosiy fanlar institutining suriyalik professori, urush boshlangach vataniga qaytib keta olmagan mutafakkir Akram Kashining ma'ruzalarini tinglashga va konferensiyalarida qatnashishga muvaffaq bo‘lgan edim. Professorning fikrlari chuqur ilmiy asosga egaligi va vaziyatdan to‘liq xabardor holda aytilgani bilan yodda qolgan edi. Keyinchalik o‘tkazilgan tadqiqotlarda duch kelganlarim professor bu mavzuning qanchalik bilimdoni ekanligini yana bir bor isbotladi. So‘nggi kunlarda Suriyadagi vaziyat jiddiylashuvi asnosida ushbu ma'ruzalar yana yodga keldi va shu mavzuda odatda matbuot tomonidan juda kam e'tibor qaratiladigan, biroq aslida o‘ta muhim bo‘lgan omillarni inobatga olgan holda barchaga tushunarli tilda bir narsa yozish fikri tug‘ildi. Maqolada nazariy-ilmiy jihatlar deyarli tilga olinmasligini uni o‘qishni ancha osonlashtiradi, degan umiddaman.

Uzoqroq o‘tmish va kengroq mintaqa

Suriyadagi hozirgi mojaroning ildizlarini yaxshiroq ko‘rish uchun Yaqin Sharq mintaqasining so‘nggi 100-150 yillik tarixiga nazar solib olish lozim. XIX asrgacha mintaqa deyarli to‘liq Usmoniylar imperiyasi qo‘li ostida bo‘lib, davlat boshqaruvi ham aynan ushbu imperiyada yo‘lga qo‘yilgan tizim asosida amalga oshirilardi. Usmoniylar imperiyasi "millat" tizimiga asoslangan bo‘lib, ushbu atama biz hozirda tushunadigan etnik mansublikni emas, balki diniy mansublikni anglatar, ya'ni har bir konfessiya bir millat sifatida qaralardi. Masalan, musulmon millati, yahudiy millati, katolik millati, pravoslav millati, arman millati (arman cherkovi jamoasi ma'nosida) va hokazo. Har bir millat-konfessiya o‘z qoidalari asosida yashash huquqiga ega va boshqa jamoalarning ishlariga aralasha olmas edi. Etnik mansublik ikkinchi darajali atribut bo‘lib, deyarli hech narsani anglatmasdi. Usmoniylar imperiyasida XX asrgacha millatlararo yoki dinlararo mojarolar kuzatilmaganinining asosiy sababi ham shunda.

XX asr boshlariga kelib esa dunyoning deyarli barcha "egasiz" hududlarini egallab bo‘lgan Yevropaning mustamlakachi davlatlari endi qolgan joylarni ham bo‘lib olishga kirishgan edi. Bu borada korrupsiya va mutaassiblik tufayli taraqqiyotdan borgan sari ortda qolib borayotgan Usmonli imperiyasi asosiy nishonlardan biriga aylandi. Imperiyani yanada zaiflashtirish va yakunda uni parchalab yuborishning eng yaxshi yo‘li sifatida "sharqshunoslar" tomonidan ilgari surilgan etnik mansublikni asosiy planga chiqarishga turtki berish tanlandi. O‘sha davrda Yevropada millatchilik "trendda" bo‘lib, undan foydalanish ham mantiqiy yo‘l sifatida ko‘rilgan edi. Albatta, millatchilikning tashqaridan kiritilgan unsurlari imperiya tanazzulining yagona ham, asosiy sababi ham emas edi. Yuqorida aytilganidek, korrupsiya va mutaassiblik bu sabablar orasida teng o‘ringa ega. Biroq aynan millatchilik keyingi ko‘plab muhim voqealarga sabab bo‘ldi.

Turklar, arablar, greklar, armanlar, yahudiylar, bolgarlar, kurdlar va boshqalar endi faqat o‘z millatlari (endi etnik mansublik ma'nosida)ni ilgari sura boshlagan edi. Turk natsionlizmi yetakchisi "Yosh turklar" hokimiyatni qo‘lga olgach, armanlar va kurdlarning mudhish genosidiga qo‘l urdi. Arablarda esa "nahda" (uyg‘onish) harakati taraqqiyot g‘oyalarini ilgari surish bilan birga millatchilik va mahalliychilikka ham turtki bo‘lgan edi. Keyinchalik Sayks-Piko maxfiy shartnomalari ta'sirida BMTning ajdodi hisoblangan Millatlar Ligasi tomonidan Yaqin Sharqning Britaniya va Fransiya mandatiga bo‘lib berilishi natijasida hozirgacha saqlangan sun'iy chegaralar yuzaga keldi. Oqibatda tolerantlikka teskari g‘oyalar avj olib ketgan bu hududda Iroq, Suriya, Livan singari tolerantliksiz umuman yashay olmaydigan darajadagi aralash aholiga ega davlatlar sun'iy chegaralarda mustaqil bo‘ldi.

Mustaqil Suriya XX asrda: beqarorlik va barqarorlik orasida

Endi zamon va makon ko‘lamini mavzuga moslab qisqartirsak ham bo‘ladi. Shunday qilib, 1946-yil 17-aprelda Fransiyadan mustaqillikka erishgan Suriyada sunniy arablar ko‘pchilikni (70 foiz atrofida); sunniy kurdlar (9 foiz), alaviylar (11 foiz), xristianlar (arab, arman, katolik, pravoslav va protestantlar – jami 9 foiz), shialar (1 foiz) kamchilikni tashkil etadi. Etnik va diniy xilma-xillikning siyosiy sahnaga ta'siri sezilarli ekanligi tufayli buni eslatib o‘tish joizdir. 1970-yilgacha Suriya o‘nlab davlat to‘ntarishiga guvoh bo‘lgan, orada Misr bilan birgalikda Birlashgan Arab Respublikasini tuzib, uni tarqatib yuborishga ham ulgurgan. To‘ntarishlarning eng oxirgi va eng muhimlaridan biri 1963-yilda yagona arab davlati tuzish g‘oyasi bayroqdori bo‘lgan Baas partiyasining harbiy bo‘limi tomonidan amalga oshirildi. 1966-yilda partiya ichida to‘ntarish bo‘lib, hokimiyat tepasiga Baasning harbiy bo‘lmagan yetakchilari keldi. 1970-yilda esa hukumatning Iordaniyadagi ichki mojaroga muvaffaqiyatsiz aralashuvidan foydalanib o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri Hafiz Al-Asad to‘ntarish qilib, hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi hamda Asadlar oilasining va alaviylarning Suriya boshqaruvidagi davri boshlandi.

Hafiz Al-Asad tomonidan 1970-1980-yillarda amalga oshirilgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘sha davr taqozosi bo‘lib, bosqichma-bosqich xarakteri va davlat apparati faoliyatiga juda kam ta'sir ko'rsatgani bilan yodda qolgan. Shuningdek, Suriya hech qachon Xalqaro valyuta jamg‘armasi singari moliyaviy institutlarga o‘zining iqtisodiy siyosatiga aralashishga yo‘l qo‘ymagan. Hokimiyatning to‘liq nazoratini ta'minlash maqsadida Hafiz Al-Asad klientelizm (tanish-bilishchilik, bir-biriga bo‘ysunuvchi rahbarlar tizimi) ga asoslangan rejimni yo‘lga qo‘ydi. Bunda hokimiyat tizimi markazlashgan bo‘lsa-da, qaror qabul qilish turli institutlarga taqsimlangan, prezident esa bu rollarga turli shaxslarni tayinlab va vaqti-vaqti bilan ularning o‘rnini almashtirib, ulardan birortasi kuchayib ketmasligini ta'minlar edi. Bu tizim amaldorlarning xalq oldidagi javobgarligiga emas, balki ularning o‘zlaridan yuqoridagi amaldorlarga shaxsiy sadoqatiga hamda davlatning jamiyatdan mustaqil tashkilotga aylanishiga asoslangan edi.

Bashar Al-Asadning "o‘xshamagan" islohotlari

2000-yilda Hafiz Al-Asad vafot etgach, akasining vafotidan keyin otasiga siyosiy merosxo‘r bo‘lish uchun 1995-yilda Londondan chaqirib olingan shifokor Bashar Al-Asad prezidentlik lavozimini egalladi. Korrupsiya va ishsizlik tufayli horigan tizimni o‘zgartirish maqsadida Bashar Al-Asad o‘zining siyosiy va iqtisodiy islohotlar doktrinasini e'lon qilib, davomli islohotlar o‘tkazilishi, "boshqalarning demokratiyasi" Suriyaga to‘g‘ri kelmasligini, jamiyat siyosiy ishtirok uchun yetarlicha tayyor emasligini ma'lum qildi va "avval iqtisod" tamoyiliga tayanib Xitoy modeliga yaqin yo‘ldan ketishga qaror qildi. Ammo iqtisodiyotdagi qator liberal islohotlar siyosiy o‘zgarishlarsiz amalga oshirilishi tanish-bilishchilikning ahamiyatini yanada oshirib yubordi va "tanish-bilishchilik kapitalizmi" (biznes rivoji davlat strukturalaridagi tanishlarga bog‘liq bo'lgan tizim) shakllanishiga olib keldi. Hukumat iqtisodiy rivojlanish xizmatlar sohasi va xorijiy investitsiyalar evaziga erishilishini maqsad qilgan edi. Asadning 2007-yilgacha bo‘lgan birinchi vakolat muddatidagi islohotlar bo‘yicha e'lon qilingan xulosalar Suriya iqtisodiyoti og‘ir ahvolda ekanligini, hukumat faqat savdo hajmi oshishga e'tibor qaratib, aholi turmush darajasini oshirishni unutayotganini ko‘rsatdi.

2007-yilda qayta saylangan Bashar Al-Asad o‘z atrofidagi odamlarning aksariyatini almashtirdi va "yangi ishbilarmonlar" davri boshlanishini e'lon qildi. Hukumat keng xususiylashtirishni va qator xoldinglar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi, ulardan eng yiriklari esa prezidentning yaqinlari qo‘lida edi. Jumladan, Asadning xolavachchasi Rami Maxlufga tegishli xolding televideniye, gazeta, yirik mobil aloqa operatori, qurilish va sayyohlik firmalari, aviakompaniya, neft kompaniyasi, banklar, maxsus iqtisodiy zonalarga egalik qilardi. Mamlakatga kirishni istagan investorlar odatda aynan Maxlufdan izn so‘rashi lozim bo‘lib, u bilan hisoblashmaganlarni, xoh suriyalik, xoh xorijlik bo‘lsin, ayanchli yakun kutardi (biznes tortib olinishidan qamoqqacha). Jumladan, xuddi shu sababdan biznesini Livanga ko‘chirishga majbur bo‘lgan Sanqar oilasi 2011-yilda Suriya muxolifatini birlashtirgan Istanbuldagi ikki konferensiyani moliyalashtirilgan. Umuman, Maxluf muxolifat tomonidan Suriyadagi korrupsiya ramzi sifatida ko‘riladi va 2011-yilda mojaro boshlanganda aynan unga qarashli obyektlar dastlab hujumga uchragan.

Xususiylashtirish va davlat ulushining kamayishi kutilganidek iqtisodiy taraqqiyotga emas, ko‘proq korrupsiyaga va tanish-bilishchilik kapitalizmining kuchayishiga olib keldi. Aholining turli toifalari daromadlari mustaqil Suriya tarixida ilk marta keskin farq qila boshladi. Bu farqlar nafaqat iqtisodiyotning uzoq yillar davomida shakllangan holati, balki Asad hukumati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan iqtisodiy siyosat natijasida yuzaga kelgandi. Turkiya bilan bemavrid tuzilgan erkin savdo hududi qator sohalarda, jumladan to‘qimachilik va oziq-ovqat bo‘yicha ko‘plab korxonalar yopilishiga va shundoq ham jiddiy bo‘lgan ishsizlik muammosi chuqurlashishiga olib keldi. Mamlakatning asosiy moliyaviy kuchlari raqobatni hosil qilish maqsadida yoshlarga sarmoya va soddalashtirilgan yo‘llarni taqdim etib, yangi ishbilarmonlar sinfini sun'iy tarzda paydo bo‘lishga turtki bo‘ladi. O‘z navbatida bu yangi toifa o‘zining iqtisodiy mavqeiga yarasha siyosiy hayotda qatnashishni ham talab qila boshlaydi. Buning ustiga, bu davrda davlat xizmatchilarining faol aholi sonidagi ulushi 38 foizdan 17 foizga  tushgan bo‘lib, bu asosan o‘rta darajadagi xodimlarning kamayishi hisobiga kuzatilgan va natijada davlat va xalq orasi tobora uzoqlashib borayotgandi. Bu orada xavfsizlik xizmatlarining roli esa keragidan ortiq darajada ortib ketdi va o‘zlariga tegishli bo‘lmagan sohalarga ham aralasha boshladi.

Urushning iqtisodiy sabablari va urush iqtisodiyoti

Bu o‘zgarishlar bir tarafdan o‘rta sinf va kam ta'minlanganlar, boshqa tarafdan esa boylar va o‘rta sinf orasidagi farq oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, shaharlar va qishloqlar hamda shaharlardagi mavzelar orasidagi farqlar ham yaqqol sezila boshladi. 2011-yilda boshlangan noroziliklar xaritasiga nazar solinsa, bu iqtisodiy siyosatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga to‘g‘ri kelishi ham bejizga emas. Masalan, Xoms yaqinidagi Talkalax tumanida yashovchi ayrim ko‘chmanchi aholi vakillari qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan inqirozdan chiqish uchun Livandan mazut kontrabandasi bilan shug‘ullanishni boshlagach, 2010-yilda hukumat bunga barham berish maqsadida 1200 kishini hibsga olgan va 2011-yilda bu hudud aholisi aynan yaqinlarini ozod qilish uchun qurolli mojaroga qo‘shilgan hamda keyinchalik ham urush o‘choqlaridan biri bo‘lib qolgan. Shuningdek, Damashq va Halab darajasida taraqqiyot mevalaridan foydalana olmagan Xoms aholisining noroziliklarga qo‘shilishiga aynan shu tengsizlik sabab bo‘lgan edi. Qurg‘oqchilik oqibatida shaharlar chetiga kelib joylashgan va rasman shaharga kirmaydigan mavzelar aholisi vakillari 2011-yilda Bashar Al-Asad bilan uchrashuvda faqatgina ijtimoiy va iqtisodiy talablarni ilgari surgan edi.

2003-2004-yillardagi qashshoqlik darajasi (ochdan to'q kulranggacha) va 2011-2012-yillarda noroziliklar boshlangan hududlar (yashil rangda). Qizil shtrix - repressiyaga uchragan hududlar.

Suriyaning eng yirik shahri va iqtisodiy markazi bo‘lgan Halabning uzoq vaqt noroziliklarga va mojaroga qo‘shilmagani ham iqtisodiy omillar qanchalik muhim bo‘lganidan dalolat beradi. Noroziliklar markazi bo‘lgan hududlardan farqli ravishda Halab iqtisodiy jihatdan mamlakatning eng taraqqiy etgan qismi bo‘lib, shahar aholisi bu mojaroga ikkala tarafdan ham kirmadi. Halab qurolli harakatlarni 2012-yil yozidangina ko‘ra boshladi, bu ham asosan yanada shimolroqdan kelgan muxolifat bo‘limlari va kurdlar hududidan chekingan Suriya armiyasi o‘rtasida edi. Hatto Halab qurolli to‘qnashuvlar markazlaridan biriga aylangach ham shaharning ba'zi mavzelari imkoni boricha bu jarayonlarga aralashmaslikka harakat qildi. Boshqa hududlar esa urush iqtisodiyoti qonunlari bo‘yicha yashay boshlagan, eng kerakli narsalar - qurol, suv, bug‘doy, energiya kabilarga ega tomonlar bu iqtisodiyotning va bu urushning g‘olibligi uchun asosiy da'vogardir. Suriya hukumati ham, muxolifat kuchlari ham, sunniy va shia radikal guruhlari ham, kurdlar ham, IShID ham bir-birlari bilan doimiy iqtisodiy aloqada - zero aynan yuqorida sanalgan resurslarga bo‘lgan ehtiyoj birinchi darajali bo‘lib, tomonlar bir-birining mafkurasiga shundan keyingina qarashi mumkin.

***

Matbuotda ko‘pincha Suriyada davom etayotgan qurolli mojaroning asosiy omillari sifatida Bashar Al-Asadning repressiv siyosati-yu, millatlararo va dinlararo munosabatlar ko‘rsatiladi. Ushbu maqolada esa ahamiyati bulardan kam bo‘lmagan tarixiy jihat, korrupsiya hamda ijtimoiy-iqtisodiy omillar ta'siri haqida imkoni boricha qisqacha so‘z yuritildi. Hozirda eng muhim bo‘lib turgan jihat – urush iqtisodiyoti haqida xulosa qiladigan bo‘lsak, bu iqtisodiyotning eng asosiy qismi – qurol savdosi urushning cho‘zilishiga sabab bo‘lmoqda, zero urush qancha ko‘p davom etsa, qurol savdosi ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Bunda tabiiyki urushayotgan tomonlar bilan teng ravishda tashqi aktorlar, ya'ni qurol yetkazib beruvchilar ham javobgar bo‘lib, ularni to‘xtatmasdan urushni to‘xtatish juda mushkul ko‘rinyapti.

3.64 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.64 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.13 / 3
  • Муштарийлар баҳоси
    4.34 / 8

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

5 Бахтиёр Шералиев 18/04, 05:44

Muallif o’z mutaxassisligidan kelib chiqib mavjud muammoni chiroyli tarzda, tushunarli tilda sodda qilib tushuntirib bergan. Internetning o’zbek kontentida o’zbek tilidagi bu kabi maqolalarning ko’payishi nihoyatda foydali hisoblanadi.

3 Давронбек Тожиалиев 24/04, 22:35

Фойдали мақола экан. Маза қилиб ўқидим. Лекин бу каби узун ва специфик мақолалар блогингда муваффақият қозонолмайди.

4.5 Қаҳрамон Асланов 26/04, 14:13
4 Олимжон Солижон ўғли 26/04, 20:55
4 Адҳам Отажонов 28/04, 09:36
4 Мансур Тангишов 30/04, 12:52

Блогпостда кўтарилган мавзу барча учун бирдай ўқимишли эмас. Ундаги ғоя ҳам оригинал эмас. Бироқ, ёритиш услуби ва таҳлил яхши. Бошқа постларда кузатмаган расмни айнан шу постда кузатдим, бу воқеаларни тасвирлашда ёрдам берган. Фақатгина воқеаларнинг таржима асосида баён этилганлиги ва ушбу пост билан ўқувчига айнан нима демоқчи бўлганлиги, нима хулоса қилиш кераклиги айтилмаган. Лекин охиригача ўқийдиган ўқувчилар учун анча янги маълумотлар олиш имконини беради. Кейинги постларда тизимлаштирилган, тугал мазмун касб этган, фактлар билан бойитилган мақолаларни кутиб қоламан.

4 Расул Кушербаев 30/04, 22:39

Masala yaxshi yoritilgan, biroq ommabop va originallik yetishmayapti.

2.5 Маҳсуджон Асқаров 04/05, 14:32
4.5 Тўлқин Юсупов 05/05, 23:53
4 Мақсуд Саломов 11/05, 09:00
4 Музаффар Назаров 13/05, 16:33
3.5 Саид-Абдулазиз Юсупов 16/05, 02:20
4 Шерзод Шерматов 16/05, 14:32
4 Беҳзод Қобулов 16/05, 15:24
4 Нигора Умарова 18/05, 16:56
5 Мубашшир Аҳмад 19/05, 17:38
5 Иноят Садикова 19/05, 17:51
4 Умид Гафуров 20/05, 18:23
4 Ботиржон Шерматов 20/05, 20:58
3 Абдумалик Носиров 21/05, 00:01
4.5 Нодир Закиров 21/05, 01:35
3.5 Уйғун Ғафуров 21/05, 17:38
4 Шунқор Чориев 21/05, 21:15
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
2 та фикр