Kapitalizm va demokratiya - sevgisiz turmush

Javlon Juraev
Саралаш

Demokratiya nima? Bunga turli falsafa va qarash egalari turlicha javob beradi. Kimdir demokratiya bu har kim istaganini qilib yashashi degan primitiv tushunchani yoqlasa, kimdir demokratiyani “xalq hokimiyati” deb rasmiy va mavhum ta’riflashdan nariga o‘tmaydi. Xo‘sh, demokratiya nima aslida? Uni yaxshi tushunish uchun avval demokratiya nima emasligini aniqlab olaylik.

Demokratiya - yalpi erkinlik emas. Hamma o‘zi istagan usulda jamiyat a’zosi bo‘lishi anarxiya deb nomlanadi va bunday tuzum, joriy insoniyat ongi darajasida, jamiyat tanazzuliga olib keladi. Chunki shaxsning mutlaq erkinligi ijtimoiy qoidalar yo‘q bo‘lsagina ta’minlanishi mumkin. Tur sifatida esa biz hali mutlaq shaxsiy erkinliklarimizdan hech kimga zarar yetkazmay foydalanishni bilmaymiz. Balki, buning imkoni ham yo‘qdir.

Demokratiyani xalq hokimiyati deb ataydiganlar va o‘zlari yashayotgan jamiyatni demokratik deb biladiganlar bir narsani ko‘zdan qochiradilar: ular yashayotgan tuzum - demokratiya emas. Xalq hokimiyati - xalq o‘z munosabati va fikrini erkin bayon etish bilan davlat siyosatini nazoratda saqlashini ko‘zda tutadi. Ko‘pincha ana shu erkinliklarni yaratishning o‘zi demokratik jamiyat tuzish deb tushuniladi. Ammo ko‘pchilik foydalana olmaydigan erkinliklardan jamiyatga nima naf?

Kapitalizmning asosiy jihatlari xususiy mulk, raqobat va erkin bozor deb oladigan bo‘lsak, bunday iqtisodiy tuzum bilan demokratiyani birga o‘stirish imkonsiz. Kapitalizm - imkoniyat va resurslar hammaga teng taqsimlanmasligiga asoslangan. Bunda ilojsiz ilm, boylik va hokimiyatga oson qo‘l uzatadigan yuqori qatlam va ilm olishda, iqtisodiy faollikda va hokimiyatga daxlda cheklangan quyi qatlam hosil bo‘ladi.

Kapitalizmda o‘rtacha fuqaro butun kunini mehnat qilib, o‘zi va oilasiga farovon turmush tarzini ta’minlashga yetarli pul topish bilan o‘tkazadi. U davlatning siyosatini kuzatish uchun barcha yangiliklardan boxabar bo‘lishga - xalq vakili sifatida demokratik boshqaruvda ishtirok etish uchun zarur ma’lumotlarni olish va o‘rganishga vaqt ajrata olmaydi. Bunday qilishga unga uning mehnati hisobidangina yashay oladigan kapitalistik tuzum imkon bermaydi.

Ko‘pincha, qadimgi Yunoniston ijtimoiy tuzumini asl demokratiya deb baholashadi. Albatta, Afina va Sparta kabi shahar-davlatlar fuqarolari hokimiyatda bevosita o‘z fikrlari va ovozlari bilan ishtirok etganlar. Ammo ular bunga vaqt ajrata olganlar - chunki ular uchun qullar ishlagan. Ularning yangiliklardan xabardor bo‘lish, buni aqlan tahlil qilish va bunga munosabat bildirish uchun markaziy maydonga borib, ommaviy bahslarda qatnashishga vaqti bo‘lgan.

Xo‘sh, bugun oddiy dehqon, o‘qituvchi, muhandis yoki idora xodimining joriy siyosiy ahvoldan boxabar bo‘lish, bu haqida ma’lumot to‘plash va tahlil qilishga - shu tahlillari asosida ommaviy o‘z nuqtayi nazarini bildirishga vaqti, imkoni va ilmiy salohiyati yetarlimi? Faqat O‘zbekistonda emas - o‘zini “demokratik” deb ataydigan qaysi jamiyatda xalq chindan ham hokimiyatda bevosita ishtirok etmoqda?

AQShdagi so‘ngi prezidentlik saylovlari o‘zini eng demokratik deb ataydigan xalq qanchalik demokratiyadan uzoq ekanini namoyish qildi. Bunga, fitna nazariyasi ishqibozlari o‘ylagandek, bu davlatning “yovuz” va “makkor” yashirin egalari borligi sabab emas. Buning sababi unday uydirilgan izohlardan ancha oddiyroq: Amerika eng kapitalistlashgan iqtisod. Tengsizlikka asoslangan bunday iqtisodiy tuzumda esa o‘zagida tenglik turgan demokratiya, shunchaki, yashay olmaydi.

Bu fikrlar bilan kapitalizmdan voz kechib, kommunizmni qayta ziyorat qilish kerak degan g‘oyani targ‘ib qilishdan yiroqman. Balki, kelajakda (insoniyat demokratiya soyasi bilan o‘zini avrab yashashdan charchaganda) kapitalizm jiddiy islohotlarga yuz tutar. Uning tengsizlik keltirib chiqaradigan, jamiyatning ko‘pchilik qismini yashab qolish dardidan boshqa narsani o‘ylay olmaydigan ojiz shaxslarga aylantiradigan jihatlari bartaraf etilar, balki. Ammo shunday qilinsa, biz bugun kapitalizm deb ataydigan iqtisodiy tuzumdan biror nima qolarmikan?..

3.23 / 23

  • Ҳакамлар баҳоси
    3.23 / 23
  • Блогерлар баҳоси
    4.14 / 3
  • Муштарийлар баҳоси
    4.35 / 8

Ушбу блогпост учун овоз бериш муддати тугаган

2 Отабек Йўлдошев 22/04/2018
5 Jonuzoq Halil 01/05/2018
5 Mirjalol Qodirov 21/05/2018
Фикр билдириш учун рўйхатдан ўтинг
1 та фикр